Abdulla A’zam. "Ishq sirrin notavonlardin so‘rung"
Alisher Navoiy ijodida ishq eng muhim mavzulardan biridir. U ayniqsa shoirning odamzod va jamiyat to‘g‘risidagi qarashlari badiiy tarzda mujassam etilgan “Xamsa” asarining bosh maqsadini tashkil etadi:
Bizni bu maqolada mazkur mavzu bilan bog‘liq shunday savol qiziqtiradi: Navoiy hayotida sevgi, muhabbat qanday o‘rin tutgan? Shoir asarlarida, bizning nazarimizda, dunyoviy muhabbat bilan ilohiy (tasavvufiy) ishq o‘zaro singishib, bir butunlik (ya’ni, sintez) hosil qilgan. Misol uchun, Navoiyning mashhur “Pariyzodeki, mushkin zulfi jonim mustamand etmish” misrasi bilan boshlanadigan g‘azalini olaylik. U, ustoz adabiyotshunos A.Rustamov talqiniga ko‘ra, tasavvufiy ishq mavzusidadir (q. A.Rustamov. Adiblar odobidan adablar, “Ma’naviyat”, 2003). G‘azalning quyidagi baytiga shu nuqtai nazardan e’tibor beraylik:
(Navoiy g‘azallarida she’r unsurlari, chunonchi, vazn va qofiya mukammaldir. Ana shu xususiyatni tuyish, misollarni vaznga solib o‘qishni qulaylashtirish uchun maxsus belgilar qo‘llangan: o‘ta cho‘ziq hijo bir cho‘ziq va qisqa hijo hisobida kelgan hollar nuqta bilan, bir hijoning oxiridagi undosh keyingi hijoga ko‘chishi ostki chiziqcha bilan ko‘rsatiladi, ruknlar esa tik chiziqcha bilan ajratiladi.) Bu baytda ishq kalimasi Yaratgan visoliga intilish, uni qo‘msashni anglatadi. G‘azal Navoiyning keksalik davrida bitilgani ham shu xususda dalolat beradi. Shu bilan birga, uning so‘nggi baytiga diqqat qilsak, bu o‘rinda “pariyzod yor” inson zotiga mansubligini ko‘ramiz:
Bir qarashda g‘azalda ishq talqini ziddiyatliday tuyuladi. (Shoir devonlarida bu kabi murakkab she’rlar nihoyatda ko‘pligini alohida ta’kidlash lozim.) Aslida esa, aksincha, har ikki talqin o‘rtasida chuqur muvofiqlik mavjud: Navoiy kuylagan e’tiqodda ilohiy ishqqa olib boruvchi yo‘l dunyoviy muhabbatdan boshlanib, ularning biri ikinchisining uzviy unsuridir va shu sababli dunyoviy muhabbatsiz oliy ishq bo‘lishi mumkin emas.
Ilohiy muhabbat yo‘lida nihoyatda yuksak mavqega ko‘tarilgan shoirning o‘zi bu yo‘lning ibtidosi bo‘lmish dunyoviy muhabbat bosqichini ham, hech shubhasiz, bosib o‘tgan. (Aslida ham insoniy muhabbat tuyg‘usini boshdan kechirmagan odam o‘rtamiyona shoir darajasiga yetolmasligi hayot tajribasidan yaxshi ma’lum.)
Yozma manbalarda Navoiyning muhabbat taqdiri to‘g‘risida amalda ma’lumot uchramaydi. Shoirning hayotdan toq o‘tishi (uning o‘z so‘zi bilan aytganda bekasligi) esa jumboq ustiga jumboq tug‘dirib, navoiyshunoslarni ham, muxlislarni ham o‘ylantirib, hozirgacha bu masalada turli taxmin, versiya va hatto mish-mishlarga sabab bo‘lib keladi.
Bu borada Navoiyning ijodini o‘rganishga asoslangan dalillar, ehtimol, to‘g‘riroq xulosaga olib kelsa kerak. Zotan, buyuk shoir hayotining tafsilotlarini, qalbidagi siru asrorni hech kim uning o‘zichalik yaxshi bilmagan.
Navoiyning “Xamsa”si, muhabbat mavzusidan bahs qilingan boshqa asarlari shoir umrining oxirgi choragida yozilgani, ungacha esa shoir ijodida g‘azal asosiy janrni tashkil etgani inobatga olinsa, mazkur muammo yuzasidan “Xazoyin ul-ma’noiy”ga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Xullas, Navoiyning muhabbat taqdiri uning g‘azaliyotida to‘laroq aks etgan.
Alisherning o‘smirlik yillarini ko‘z oldimizga keltiraylik: tug‘ma nazmiy iste’dod sohibining qalbini ilk muhabbat ishg‘ol qilmasligi va bu tuyg‘u bilan bog‘liq kechinmalar g‘azallarda aks etmasligi mumkin edimi? Yo‘q, albatta. Aksincha, Navoiyning bu mavzudagi g‘azallariga hamda mantiqiy xulosalarga tayanib, Navoiyning ilk muhabbati favqulodda kuchli va ehtirosli bo‘lgan, deya olamiz. Misol uchun, beg‘ubor yoshlik zavqi ufurib turgan, mazmunan ko‘tarinki ruhdagi quyidagi g‘azalda bunga aniq ishora mavjud:
(1Noma — maktub; 2unvon — bu o‘rinda: adres; 3jola — yomg‘ir, sel.)
Navoiyning bolalik yillari ota-ona bag‘rida baxtiyor kechgani, ammo hali uylanish yoshiga yetmasdan turib taqdiri azal uni bir-biridan og‘irroq sinovlarga duchor etgani tarixiy manbalardan ma’lum. Ana shu alg‘ov-dalg‘ovlar oqibatida shoir muayyan sabablar bilan ayriliqqa yo‘liqqan. Bu ko‘rgulik yosh shoir o‘z homiysidan ham uzoqlashgan bir paytga to‘g‘ri kelgani ushbu g‘azalda aks etgan bo‘lsa kerak:
(1Bu misradan g‘azal musofirlikda yozilgani ko‘rinadi. Diljo‘(y) — ko‘ngil so‘rovchi, dilxoh — ko‘ngil istagan; 2Shay’a(n)lilloh — bu o‘rinda: o‘tinch, yolborish. 3Tarab — shodlik.)
Navoiyning tarjimai holidan ma’lumki, ayni balog‘at yoshida (1456 — 1464 yillar oralig‘ida) ko‘proq Mashhadda yashashiga to‘g‘ri kelgan. Shoirning mahbubasi esa Hirotda qolgan bo‘lishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, shoir sevgan qiz turmushga uzatib yuborilgan bo‘lsa kerak, deyish mumkin. Bu qay darajadadir ushbu g‘azalda aks etgan (“Ilk devon”da yo‘q, “Badoye’ ul-bidoya”ga kirgan):
Navoiy kimga qarata “seni ozod ayladim” deganini anglash qiyin emas. Taqdirning bu fojiasiga shoirning munosabati, ayniqsa, hayratlanarli:
(1Bekas — yolg‘iz, toq; mu’tod — o‘zni tayyorlash, shaylanish, odat.)
So‘nggi misra Navoiyning toq o‘tish sababini ancha ravshan ochib bermoqda. Navbatdagi baytda uning keyingi ruhiy holati aks etgan:
(1Bulhavaslik — havasmand, oshiqlik; juzvi avroq — varaq parchalari, bu o‘rinda: varaqday yirtib tashlangan.)
“Xazoyin ul-ma’oniy”da shayx ko‘proq riyokor va mutaassib sifatida tasvirlanadi. Keyingi baytda esa “shayx” ijobiy ma’noda tilga olinmoqda — bu o‘rinda shoir pir, murshid, maslahatchiga murojaat qilayotganiga shubha yo‘q. Taqdirga tan berib, mahbubasini “ozod etgan” va unga saodat tilab duo qilgan Navoiy najot niyozini tariqat tomon burgan bo‘lsa ajab emas:
(1G‘ayrat tariyqi — sa’y-harakat yo‘lini tanlash.)
Ruhiyatdagi bunday burilish oson kechmagan, albatta. Bu g‘azalning yakuniy baytlarida yorqin ifodalangan:
Ko‘rinib turibdiki, shoir qalbida o‘zi bilan kurash shiddatli kechgan, iztiroblar, ikkilanishlar uni qiynagan:
(1Ajnabiy — bu o‘rinda: singmaydigan; irshod aylamak — bu yerda: demoq, buyurmoq ma’nosida.)
Naqadar samimiy e’tirof: “Ko‘nglim bu aytgan so‘zlarimga — bekaslikka shaylanish, odatlanish qaroriga ko‘nadimi yo yo‘qmi — bilmayman”.
Unutmaylikki, bu g‘azal bitilgan paytda Navoiy hali navqiron, qalbi orzu-havasga to‘la yoshda edi. Shu bois uning oshiq ko‘nglidagi muhabbat “cho‘g‘”i tez-tez qo‘zg‘alib, qaytadan alangalanib turgan bo‘lsa ajab emas. Masalan, quyidagi g‘azalda shoir o‘z ruhiy holatini bog‘dagi bulbulga qiyoslab bayon qiladi:
Shoir qalbida kechgan iztiroblar tadriji shundan dalolat beradiki, Navoiy muayyan sabablar bilan dunyoviy ishq havasini batamom tark etishga jiddu jahd qilgan. Bu jarayon naqadar murakkab kechgani quyidagi g‘azalda ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi:
(1Xayl — saf; 2“Ishq mulki to‘rt bozori” jumlasi tushunarli emas. Uni “Ishq mulki dard bozori” deb o‘qish to‘g‘ri bo‘lsa kerak; 3tamug‘ — do‘zax; 4sarsar — sovuq shamol, bo‘ron; 5mahal — bu o‘rinda: mahalla, joy; 6bodpoy — tez, jadal.)
Shunisi diqqatga molikki, bu g‘azal “Ilk devon”da, yuqorida keltirilgan 8 baytdan iborat. Navoiy uni “Favoyid ul-kibar” devoniga kiritar ekan, yana ikki bayt qo‘shgan. Bu esa mazkur she’r shunchaki an’anaviy lirika mahsuli emas, balki mazmunan shoir taqdiridagi muhim voqealar bilan bog‘liq bo‘lganidan dalolat beradi.
Ma’lumki, taqdir taqozosi bilan Navoiy yigitlik davrini Samarqandda o‘tkazadi. Safar hijron dardini yengillatadi, deydilar. Biroq shoir qalbining tubiga cho‘kkan o‘kinch va alamlar turli sabablar bilan yodga tushib, ayriliq dardini yangilab turgan. Mana bu g‘azal shoir do‘stlari bilan bog‘u chamanzorlarni sayr qilgan chog‘da uning kayfiyati qanday bo‘lganidan darak beradi:
(1Kom — murod; 2andom — bu o‘rinda: qomat; 3taharruk — harakat qilish; 4payg‘om — xabar; 5og‘oz va anjom — boshlanish va tugash; 6no‘shi visol — visol (mayi)ni tatish.)
Navoiy umrini “bekaslik” bilan yashab o‘tayotgani atrofidagilarni qiziqtirgan, do‘stlarini esa tashvishlantirgan bo‘lishi tabiiy. Shoir ulardan hatto ancha-muncha tanbeh va taklif eshitgani ham ehtimoldan yiroq emas. Lekin u ilk muhabbatiga sadoqatda qat’iy turgani aniq:
(1Kulliy — to‘liq, bu o‘rinda: o‘z-o‘zimniki; filjumla — xususan, bu o‘rinda: xullas, har qalay; 2butqormoq — bitkazmoq, bu o‘rinda: nasib etmoq; 3ozurda — ozor chekish; 4kajraftor — teskari; 5g‘addor — berahm.)
(Charxi kajraftor Navoiyning mahbubasini “yashirgan”, ammo nima uchun “g‘addor charx” shoirga uzr ravo ko‘rgani, buning uchun esa shoir minnatdor bo‘layotgani ajablanarli.)
Navoiy ruhiyatidagi kurash davom etgan. Balki aql va tuyg‘u uni yangi bir sevgi sari undagandir, ammo ko‘ngil “unamagan”. Buyuk qalb sohibining botinidagi bu kabi ziddiyatlar natijasida dunyoviy ishq ideallashib, ilohiy ishq tomon yuksala borgan:
(1Visoq — uy, makon; nuzul — bu o‘rinda: o‘rnashish.)
Atrofidagilarga murojaat bilan boshlangan mana bu g‘azaldan ana shu kurash bilan bog‘liq boshqa bir kayfiyat nasimi esadi:
(1Ofarinish — bu o‘rinda: olam yaratilgandan beri.)
Bu kabi ziddiyatli kechinmalar uzoq yillar davom etgan bo‘lsa kerak. Navoiyning o‘rta yoshlik (“vasat”) yillarida yozilgan quyidagi g‘azali horg‘inlik ruhiyati bilan bitilganday tuyuladi:
(1Chobuksuvor — bu o‘rinda: sho‘x, chaqqon; 2ifrot — hadsiz.) (Bu g‘azal navoiyshunos olim N.Jumaxo‘janing “Satrlar silsilasidagi sehr” kitobida batafsilroq sharhlangan.)
Shu tariqa hijron “zardobi” bilan omuxta bo‘lgan dunyoviy muhabbat “sharob”i Navoiyni oxir-oqibat haqiqiy ishq “mastligi”ga g‘arq etadi.
Bu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratish lozim. Navoiyning muhabbat taqdiri ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Lekin bu mavzuda yengil-elpi mulohaza yuritish, xususan, Navoiy g‘azallaridagi “yor”ning kimligini konkretlashtirishga, biror tarixiy shaxs bilan bog‘lashga urinishdan tiyilgan ma’qul. Ayniqsa, bunday “tadqiqot”larni e’lon qilishda yetti o‘lchab, bir kesish tamoyiliga amal qilish lozim. Gap shundaki, Navoiy asarlarida “ishq” va “yor” tushunchalari bugungi avlod o‘rgangan shunday nomdagi tushunchadan ancha farq qiladigan ma’nolarga ega.
Masalan, “Mahbub ul-qulub” asarida Navoiy “ishq zikrida” fikr yuritar ekan, uni uch toifaga bo‘ladi: birinchisi — avom ishqi bo‘lib, shoir unga “bu qismning biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnatdur va muboh”, deya ta’rif beradi. Bugungi kunda ko‘pchilik sevgi, muhabbat deganda mana shu maqomdagi tuyg‘uni anglaydi.
Ikkinchisi — xoslar ishqi bo‘lib, unni “pok ko‘zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko‘ngul ul pok yuz oshubidin (hayajonidan) qo‘zg‘olmoq”, deya ta’riflaydi. Bu tuyg‘u Yevropa adabiyotidagi “platonik muhabbat” deb atalgan tushunchaga yaqin bo‘lib, hozirgi davrda u anqoning urug‘iday kam uchraydi. Nihoyat, uchinchisi — “siddiqlar ishqidurkim, alar haqning tajalliyoti jamolig‘a mazohir vositasidin ayru vola va mag‘lubdurlar”.
Bugungi avlod “pok muhabbat”ga moyilligi bo‘lmagan taqdirda ham, jilla qursa, uni tasavvur qilishga imkoni yetar. Ammo Navoiy ta’riflagan uchinchi toifadagi “ishq” tushunchasini o‘z umrini tasavvufshunoslikdek murakkab ilm sohasiga bag‘ishlagan ayrim olimlargina tushunadi, xolos. Shunday ekan, bu borada ancha-muncha bilim va tajriba orttirmasdan turib, “Navoiy sevgan yor”ning kimligi xususida fikr yuritish o‘rinli emas.
Qolaversa, Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, ayni paytda Imom Buxoriy, Amir Temur singari ma’naviyatimizning ulug‘ daholaridan biriki, uning intim hayoti to‘g‘risida “bozorbop” gaplar to‘qish salkam shakkoklikdir. (Xususan, Navoiyning Xadicha begimni sevgani so‘nggi davrda to‘qilgan rivoyat, yoshi bir joyga borganda Davlatbaxt ismli kanizakka oshiq bo‘lgani esa Zayniddin Vosifiydan qolgan mishmishdir.)
Navoiy ishq-muhabbatning har uch bosqichini bosib o‘tgan. Maqolamiz avvalida keltirilgan baytda buyuk shoir bu tushunchaning har uch ma’nosini nazarda tutgan bo‘lsa, uning o‘rta yasharligida yozilgan mana bu g‘azal endi batamom “siddiqlar ishqi”ga bag‘ishlangan:
(1Notavon — bu o‘rinda: ishq qarshisida chorasiz; 2dilshikan — dilozor ma’nosida.)
Ishq sahrosida benomu nishon ketish g‘oyat yuksak mavqe — fano maqomiga ishora. Ammo bu haqda so‘rab-surishtirib, haqiqatni bilish niyatida u tomonlardan kelgan karvon ahliga murojaat qilishning sira imkoni yo‘q. Axir, g‘azalda ko‘zda tutilgan “ishq sahrosi”ga kamdan-kam odam yetib bora olgan.
Navoiyning ramziy qahramonlari — Farhod va Majnun singari.
Hazrat Navoiyning o‘zi singari.
Yetganlar esa ortga qaytgan emas.
Qaytib nima qiladi?
Biz buyuk Navoiy ishqining sir-asrorini uning asrlar osha odimlab borayotgan asarlarining “karvoni”dan so‘rashimiz mumkin, xolos.
P.S. “Ilk devon”ga jamlangan g‘azallarni Alisher Navoiy keyinchalik o‘zi tuzgan devonlarga qay tartibda kiritgani to‘g‘risida nihoyatda foydali ma’lumotnoma (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami, 20-jild) mualliflariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 48-sonidan olindi.
Uzpedia.uz