Abdulkarim al-Xorazmiy





Abdulkarim al-Xorazmiy (arabcha: عبد الكريم الخوارزمي) — xattot va shoir.




Hayoti



Asli eronlik. Nastaʼliq xatining ilk ustozlaridan sanalgan Abdurrahmon al-Xorazmiyning o‘g‘li, xattot va shoir Abdurrahim al-Xorazmiyning ukasi. Sherozda tug‘ilgani va hayotining aksariyat qismini o‘sha yerda kechirgani zikr qilinadi. Xattotlikni otasidan o‘rgangan va uning uslubini davom ettirgan. Oqquyunlik Sulton Yaʼqubning Tabrizdagi saroyida xattotlik qilgani tufayli "al-Yaʼqubiy" nisbasi bilan ham zikr qilinadi. Baʼzi asarlarida ushbu nom bilan imzo chekkan. Akasi Abdurrahim ham ayni sabablar bilan "al-Yaʼqubiy" nisbasini qo‘llagan. Biroq ikki aka-­uka Sulton Yaʼqubga taqdim etgan bir muraqqaʼlarida Abdulkarim "al-Xorazmiy", Abdurrahim esa, "al-Yaʼqu­biy" imzolarini qo‘llaganlari maʼlum. Zero, Abdulkarim al-Xorazmiy ko‘proq "al-Xorazmiy" nisbasi bilan tanilgan. U darbadarlikda hayot kechirgan va ruhiy zo‘riqish sababli asarlariga "Podshoh", „Hudo“, „Zurafo“ kabi imzolarni ham qo‘llagan.


Abdulkarim al-Xorazmiy va akasi nastaʼliq xatini otalarining uslubida yozganlari bois, yozuvlar imzosiz bo‘lganda ularni bir-biridan ajratish mushkul bo‘lgan. Ushbu uslubning asosiy xarakterini tik harflarni uzun, yotiq harflarning kengroq tarzda yozilishi bilan ifodalash mumkin.


Mustaqimzoda Sulaymon Sa’duddin Afandi (vafoti: 1202/1788-yil)ning "Tuhfai xattotiyn" asarida qayd qilinishicha, Abdulkarim al-Xorazmiy boshqa yozuv turlarida ham mohir bo‘lgan, ko‘p yozishni yoqtirmagan, uzoq vaqt tanaffusdan so‘ng yozganlariga tuzatish kiritishga hojat sezmas edi.



Asarlari



Abdulkarim al-Xorazmiyning qalamidan chiqqan asarlarning ko‘pi Istanbul, shuningdek, Tehron va Sankt-Peterburg qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. Bular orasida Tehron Majlisi sho‘royi milliy kutubxonasida saqlanayotgan "Holnomai Orifiy" va "Rushanoiynoma" asarlari 883/1478-yil sanasi bilan qayd qilingan hamda ular Abdulkarim al-Xorazmiy ko‘chirgan asarlarning eng oxirgilaridan, deb eʼtirof etilmoqda.


Abdulkarim al-Xorazmiyning sheʼriyat bilan ham shug‘ullangani maʼlum bo‘lsa-da, hozirgacha uning "Devon"i topilmagan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz