Abdulkarim al-Qushayriy





Abdulkarim al-Qushayriy (arabcha: عبد الكريم القشيري — Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Havozin ibn Abdulmalik al-Qushayriy) — xurosonlik ilohiyotchi, so‘fiy.




Hayoti



Abdulkarim al-Qushayriy 986-yil (hijriy 376-yil)da Ustuvo shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan. Zayn al-­Islom nomi bilan tanilgan. So‘fiylik bo‘yicha eng mashhur, Sharq va Gʻarbda keng o‘qiladigan kitoblardan biri — "Ar-Risāla al-Qushayriyya"ning muallifi.


Abdulkarim al-Qushayriy — ota tomonidan arablarning Eronni istilo qilgan vaqtida Xurosonga kelib yerlashgan Qushayr qabilasi, ona tomonidan Bani Sulaym qabilasiga mansub. Yoshlik chog‘larida otasidan ajrab, qarindoshi Abu-l-Qosim al-Yamaniyning qaramog‘ida qoladi. Undan harbiy sanʼat, chavandozlik, arab tili va adabiyotidan taʼlim oladi.


Abdulkarim al-Qushayriy otasidan meros qolgan qish­log‘ini og‘ir ahvoldan qutqarish va hisob ilmini o‘rganib moliya maʼmuri bo‘lish maqsadida o‘smirlik chog‘ida Nishopurga safar qilgan. Bu yerda mashhur so‘fiylardan Abu Ali ad-Daqqoqning suhbatiga qo‘shiladi va tez orada uning sevimli shogirdi, so‘ng kuyovi bo‘ladi. Ustozining maslahatiga ko‘ra, Abdulkarim al-Qushayriy Abu Bakr at-Tusiydan shofeʼiy mazhabi fiqhini, so‘ng o‘sha davrning yirik allomalari Ibn Furak va Abu Ishoq al-Isfaroiniylardan ash’ariya kalomini o‘rgangan. Al-Isfaroyiniy unga darslariga davom etmasligini, kitoblarini o‘qishning o‘zi yetarli ekanini aytgani Abdulkarim al-Qushayriyning bu vaqtda kalom ilmida yetarli saviyaga yetganini ko‘rsatadi. Abdulkarim al-Qushayriy bu davrda Abu Bakr al-Boqilloniyning asarlarini diqqat bilan o‘qib, ash’ariyya kalom ilmini o‘rganadi. Ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan bu yillarda, murshidi ad-Daqqoqning ilmiy suhbatlarida bo‘lib, tasavvufiy bilimlarga ega bo‘ladi. Keyinchalik, ad-Daqqoq uni qizi Fotimaga nikohlaydi va madrasasida dars berishiga izn beradi. Hadis ilmi bilan ham shug‘ullangan Abdulkarim al-Qushayriy "Al-Mustadrak" muallifi Hokim an-Naysoburiy, Abu-l-Husayn al-Xaffof, Abu Nuaym al-Isfaroyiniy, Abu Bakr Abdus al-Muzakkiy, Abu-l-Hasan al-Ahvoziy kabi muhaddislarning darslariga qatnashadi. Xatib al-Bag‘dodiy kabi ko‘p­lab taniqli muhaddislar undan hadis rivoyat qilganlar.


Murshidi ad-Daqqoqning vafotidan so‘ng (405/1015-yil) Abu Muhammad ibn al-Husayn as-Sulamiyga shogird tushib, tasavvufiy bilimi va tajribalarini orttirgan Abdulkarim al-Qushayriy ustozining madrasasida so‘fiylar majlisiga (majlis at-tazkir) rahbarlik qilgan. Ali ibn al-Hasan al-Boxarziy Abdulkarim al-Qushayriyning go‘zal nutqi va taʼsirli vaʼzlaridan so‘z ochib, agar u toshga xitob qilsa uni ham eritib yuborishini, majlisiga shayton olib kelinsa, tavba qilishini aytgan.


Abdulkarim al-Qushayriy saljuqiylar davlatining asos­chisi Tug‘rulbek (990-1063-yillar)ning Eronni zabt qilishi asnosida Xuroson mintaqasining ilm va madaniyat markazi bo‘lgan Nishopurda bo‘lib, mintaqada katta obro‘ga ega bo‘lgan. 437-438/1045-1046-yillarda tasavvuf adabiyotining asosiy kitoblari orasidan o‘rin olgan "Ar-Risāla" nomli asarini yozadi. 446/1054-yilda "Shikāya ahl as-sunna" nomli maktub (asar)ni yozadi. Abdulkarim al-Qushayriy maʼlum sabablarga ko‘ra Xurosonni tark etib, Bag‘dodga safar qiladi. U yerda xalifa Qoimbiamrillah tomonidan yaxshi kutib olinadi. Abdulkarim al-Qushayriy ke­yinchalik Nishopurga qaytadi. As-Subkiy uning Bag‘doddan hajga safar qilgani, u yerda 400 ga yaqin hanafiy va shofeʼiy qozilari bilan ko‘rishib, ular bilan suhbatlashganini aytadi.


Abdulkarim al-Qushayriy 465-yil 16-rabi’ul-oxir/1072-yil 30-dekabrda Nishopurda vafot etadi. Murshidi va qaynotasi Abu Ali ad-Daqqoq madrasasiga dafn qilingan.


Abdulkarim al-Qushayriyning Fotima ismli xotinidan ilmli, zohid olti o‘g‘li va bir qizi bo‘lgan. Qizi „As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr“ nomli asar muallifi Abdulg‘ofur al-­Forisiyning onasi Amaturrahiymdir. Feruzanfar Abdulkarim al-Qushayriyni yana Ahmad ibn Muhammad Charxiy al-Baladiyning qizi bilan oila qurgani va ikki ayolidan olti o‘g‘il va besh qiz farzand ko‘rganini aytadi.


Abdulkarim al-Qushayriyning tasavvufdagi silsilasi Abu Ali ad-Daqqoq, an-Nasrobodiy, Abu Bakr ash-Shibliy, Junayd al-Bag‘dodiy, Sariy as-Saqatiy, Maʼruf al-Karxiy vositasida Dovud at-Toiyga bog‘lanadi. Tasavvuf tarixiga oid manbalarda unga al-Qushayriyya nomli tariqat nisbat beriladi.



Ijodi



Abdulkarim al-Qushayriy islomiy ilmlarga doir o‘ttizga yaqin asar, jumladan, ikkita tafsir yozgani zikr qilinadi.



Asarlari




Adabiyotlar




Manbalar
















uz.wikipedia.org

TEZ YUK MARKAZ

Yuk markaz elonlari yuk yuborish va yuk tashish

Guruhga kirish


Uzpedia.uz