Abdulkarim al-Halabiy
Abdulkarim al-Halabiy (arabcha: عبد الكريم الحلبي — Abu Muhammad (Abu Ali) Qutbuddin Abdulkarim ibn Abdunnur ibn Munir al-Halabiy) — hadis va qiroat olimi.
Hayoti
Abdulkarim al-Halabiy 1265-66-yillar (hijriy 663-64-yillar)da Halab shahrida tavallud topgan. Manbalarda "Ibn uxt ash-shayx Nasr ibn Sulaymon" yoki "Ibn Umar al-Manbijiy" degan kunyalar bilan xalq orasida tanilgani keltiriladi. Abdulkarim al-Halabiyning qori bo‘lib yetishishida tog‘asi Nasr ibn Sulaymon al-Manbijiyning hissasi katta bo‘lib, yoshligida undan qiroat ilmini o‘rgangan. Keyinchalik ilm talabida Qohira, so‘ng Damashq va Hijozga borgan Abdulkarim al-Halabiy yerdagi ko‘plab olimlardan tahsil olgan. Abu Tohir Ismoil ibn Hibatulloh al-Malijiy, Safiyyuddin Halil ibn Abu Bakr al-Marog‘iy, as-Saxoviy, shayx Hasan ibn Abdulloh ar-Roshidiy, al-Kamol az-Zariyr, ash-Shotibiy kabi ustozlardan qiroat ilmini o‘rganish bilan bir qatorda, Misr, Shom, Hijoz, Damashq va boshqa mintaqalik mingdan ziyod ustozlardan hadis eshitgan. Jumladan, Misrning hanbaliy mazhabi qozi al-quzotlari Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim al-Maqdisiy, Ibn Daqiq al-Iyd, Abu-l-Hasan Ali ibn Ahmad al-Maqdisiy, Abu-l-Abbos Ahmad ibn Abdulxoliq, Zaynab bint al-Makkiy al-Harroniy, Abu Muhammad Abdulaziz al-Harroniy kabi olimlardan hadis ilmini o‘rgangan. Uning oliy isnod bilan hadis rivoyat qilgani va ustozlarining adadi ming yoki bir ming uch yuz nafar bo‘lgani haqida maʼlumotlar mavjud. Ko‘p marotaba haj safariga borgan. Abdulkarim al-Halabiy va Shamsuddin az-Zahabiy bir-birlaridan hadis rivoyat qilganlar. Uning shogirdlari ichidan Ibn al-Mulaqqin, Ibn Rofe’, Ibn Balabon, Ibn Marzuq al-Xatib va Abdulqodir al-Qurashiy kabi olimlar yetishib chiqqan. Manbalarda uning hanafiy mazhabiga mansub tavozeʼli, go‘zal axloqli shaxs bo‘lgani zikr qilingan.
Asarlari
Vafoti
Abdulkarim al-Halabiy 1335-yil 25-mart (hijriy 30-iyul 735-yil)da Misrda vafot etgan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org