Abduljamil Kotib




Abduljamil Kotib - Navoiy asarlarini koʻchirgan xattotlardan biri. Alisher Navoiyning shaxsiy kotibi boʻlgan. Abduljamil, asosan, kotib­lik bilan mashgʻul boʻlganligini alohida taʼkidlash maqsadida koʻchirgan qoʻlyozmalarining oxirida ismiga „Kotib“ taxallusini qoʻshib, „Abduljamil Kotib“ shaklida imzo chekkan.


Mirxond „Ravzat us-safo“ asarida Abduljamil Hirotning Sultoniya madrasasida mudarrislik qilgani, sarf-u nahv (morfologiya va sintaksis)dan dars bergani haqida maʼlumot qoldirgan.




Xattotlik ishlari



"Xamsa"



Abduljamil Kotib koʻchirgan qoʻlyozmalardan hozircha fan olamida ikkitasi maʼlum. Ulardan biri Alisher Navoiyning "Xamsa"sidir (ToshDShI ShQM, inv. № 5018. Hajmi 325 varaq, oʻlchovi 19x27,5 sm). Navoiy „Xamsa“ni 1483-yilda yozishga kirishib, 1485-yilning boshlarida tugatadi. Abduljamil Kotib ham „Xamsa“ning yozilgan qismini dastxat-musavvadadan peshma-pesh oqqa koʻchirib boravergan. Abduljamil Kotib koʻchirgan qoʻlyozmada „Xamsa“ning birinchi dostoni ­­- "Hayrat ul-abror" oxiriga 889-yilning rabiʼussoniy (milodiy 1484-yilning aprel-may) oyi kitobat tarixi sifatida qayd qilingan. Keyingi dostonlari kitobat tarixida ham ana shu sana koʻrsatilgan. Beshinchi doston — "Saddi Iskandariy" 1485-yilda koʻchirilgan. Demak, Abduljamil Kotib „Xamsa“ni Alisher Navoiy bilan ketma-ket oqqa koʻchirgan. Mazkur qoʻlyozma navoiyshunoslikda „Xamsa“ning toʻngʻich nusxasi yoki Abduljamil nusxasi deb yuritiladi. „Xamsa“ni oʻrganish, ilmiy-tanqidiy matnini tuzish, ommalashtirishda Abduljamil Kotib koʻchirgan nusxa eng ishonchli va tayanch nusxa sifatida xizmat qilib kelmoqda.



"Navodir un-nihoya"



Abduljamil Kotib koʻchirgan ikkinchi qoʻlyozma Alisher Navoiyning “Navodir un-nihoya” devonidir (ToshDShI ShQM, inv. № 11675, 149 varaq). Qoʻlyozma soʻngida Abduljamil Kotib oʻz nomini va kitobat tarixini (893-hijriy-qamariy/1487-88-milodiy) qayd etgan.



"Tuhfat us-salotin"



Abduljamil Kotib Navoiy asarlarini uzoq yillar kitobat qilish bilan shugʻullangani uchun uning sheʼrlari (koʻproq gʻazallari)dan eng yaxshi baytlar (shohbaytlar)ni tanlab, bir toʻplam tuzgan. Bu toʻplam "Tuhfat us-salotin" („Sultonlarning tuhfasi“) deb ataladi. „Tuhfat us-salotin“ning yagona nusxasi Londondagi Britaniya muzeyi­da saqlanmoqda. Ushbu majmuani kotib Muhammad ibn Hasan Jumʼon Ansoriy Hirot shahrida 1508-1509-yillarda koʻchirgan. „Tuhfat us-salotin“ 408 baytdan iborat boʻlib, ular mavzular boʻyicha 45 kichik sarlavha — „tuhfa“ ostiga jamlangan. „Tuhfat us-salotin“ga Abdulmajid Kotibning oʻzi muqaddima yozgan. Muqaddimada u butun umri davomida Alisher Navoiy asarlari kitobati bilan shugʻullangani haqida shunday deydi:

"Arz ulkim, faqiri haqir Abduljamil Kotib… hamisha muqarrab ul-hazrati sulton (yaʼni Alisher Navoiy) balogʻat bobida yakqalamlik sadosini sipehr munshisidin oshurubtur, kulliyotlarin kitobat qilib mahzuz (bahramand) boʻlur erdim…"

Abduljamil Kotibning muqaddimadagi „kulliyotlarin kitobat qilib mahzuz boʻlur erdim“ degan soʻziga qaraganda, u Navoiy kulliyotining fanga nomaʼlum boʻlgan yana bir nusxasini koʻchirgan boʻlishi mumkin. „Tuhfat us-salotin“ 2007-yilda navoiyshunos olima Suyima Gʻanieva tomonidan tabdil va nashr etilgan.


Vafoti



Abdulmajid Kotib 1505-1506 yillar oraligʻida Hirotda vafot etgan.



Manbalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz