Abdulhalim Mahmud
Abdulhalim Mahmud (arabcha: عبد الحلیم محمود — (12.05.1910 — Misr — 17.10.1978) — Azhar shayxi, mutasavvif. Misr Respublikasi Sharqiyya viloyatining Bilbis shaharchasiga qarashli Abu Ahmad qishlog‘ida tug‘ilgan.
Taʼlimi
Al-Azhar universitetini bitirgan otasi Muhammad Abduhning talabasi bo‘lgan. Ilk tahsili va hofizlikni qishlog‘idagi mahalla maktabida olgan. 1923-yilda Qohiraga borib al-Azhar universitetining litseyiga o‘qishga kiradi. 1928-yilda litseyni, 1932-yilda al-Azhar universitetini tamomlagan. Ustozi Mustafo Abdurroziqning taʼsirida falsafa va tasavvufga qiziqib qoladi. Talabalik yillarida „Musulmon yoshlar jamiyati“da („Jam’iyyat ash-shubbon al-muslimiyn“) Ahmad Muhammad al-Gʻamroviyning anjumanlariga qatnashadi. Al-Azhardagi ustozlari orasida eng ko‘p taʼsir ko‘rsatganlardan yana biri Muhammad Farid Vajdiydir.
Abdulhalim Mahmud 1932-yilda Fransiyaga borib falsafa bo‘yicha tahsil oladi. U yerda „Horis ibn Asad al-Muhosibiy“ mavzuidagi ilmiy ishini himoya qilib, doktor unvonini oladi (1940-yil).
Mehnat faoliyati
Fransiyadan qaytganidan so‘ng, Qohirada istiqomat qilayotgan Abdulvohid Yahyo bilan tanishadi. Al-Azhar universitetining arab tili va adabiyoti fakultetida psixologiya fanidan dars bergan. 1951-yilda mazkur universitetning Ilohiyot (Usul ad-din) fakultetida falsafa ustozi, 1964-yilda dekan lavozimiga tayinlanadi. Keyinchalik al-Azhar universiteti tarkibidagi „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ga („Majmaʼ al-buhus al-islamiyya“) aʼzosi, so‘ng bosh kotib etib tayinlangan. „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ 1961-yil „al-Azhar universitetini rivojlantirish xususida“gi 103-raqamli qonunga asosan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu akademiya islomiy tadqiqotlar uchun oliy hay’at hisoblanadi. Unga al-Azhar universiteti shayxi (rektori) raislik qiladi. Akademiya Misr va Islom olamidagi 45 nafar mutaxassis olimni o‘z ichiga oladi. Ularning barchalariga yangi vujudga kelgan ishlarda va yangi narsalarda ijmo bilan fatvo chiqarishdagi tadqiqot va taftish ishlari mas’uliyati topshirilgan.
Abdulhalim Mahmud 1970-yilda al-Azhar universiteti rektorining yordamchisi, bir muddat Vaqf ishlari vaziri vazifasini bajargan. 1973-yilning martida al-Azhar universitetining 40-shayxi (rektori) bo‘lib tayinlangan. Yuqorida zikr qilingan qonunda qayd qilinganidek, „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ning raisi ham al-Azhar universiteti shayxi hisoblanadi. Doktor Abdulhalim Mahmud bu mansabda Doktor Mahmud Hasabullohdan keyin faoliyat olib borgan ikkinchi shaxs hisoblanadi hamda vafotiga qadar ushbu lavozimlarda faoliyat olib boradi.
Abdulhalim Mahmud Ilohiyot fakulteti dekani lavozimida ishlayotgan vaqtida Qur’oni karimni yod olishni misrlik talabalarga majburiyat sifatida joriy qilgan. „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“dagi faoliyati davomida u yerda boy kutubxonaga asos solgan va islomiy ilmlarga oid birlamchi manbalar nashriga eʼtibor qaratgan. Vaqf ishlari vazirligidagi faoliyatida hofizi Qur’onlar yetishtirish maqsadida mamlakat bo‘ylab mingdan ortiq maxsus muassasalar tashkil etgan. Shu bilan birga, Afrikaning eng qadimiy masjidi hisoblangan Fustot masjidini taʼmirlatgan va Misrda 1500 taga yaqin yangi masjidlar qurdirgan. Al-Azhar universitetining rektori vazifasidagi faoliyatida universitetga bog‘liq radio stansiyasini barpo qilib, unda doimiy ravishda Qur’oni karim tilovati berib borilishini taʼminlagan. Islom oila huquqining amaliyotdagi ijrosini to‘xtatilishiga bo‘lgan harakatlarga qarshi chiqqan va Gʻarb madaniyati qonunining joriy qilinishini oldini olgan. Al-Azhar universiteti mavqeini orttirish va universitet rektorini bosh vazir lavozimiga tenglashtirish borasidagi harakatlarda ishtirok etgan. Bu uning o‘limidan keyin qonunga kiritilgan va ijrosi taʼminlangan.
Ijodi
Oltmishta asar yozgan Abdulhalim Mahmud shoziliyya tariqatiga mansub bo‘lgan. Shu bois asarlarining aksariyati tasavvufga bag‘ishlangan.
Asarlari
O‘zining yuksak maqomiga, egallab turgan lavozimiga mag‘rurlanmagan holda Islom va musulmonlarga xizmat qilishni hayotidagi mas’uliyat deb bilgan holda kechirgan Abdulhalim Mahmud hijriy 1397-yil, zul-qa’da oyining o‘n beshinchisi, seshanba kuni vafot etgan.
Adabiyotlar
Havolalar
Manbalar
uz.wikipedia.org