Abdulaziz qori ota
Abdulaziz qori ota (arabcha: عبد العزيز قارى) — Qur’on hofizi.
Hayoti
Hofizi kalomulloh Abdulaziz qori Andijon viloyatining Xonobod mavzeida tug‘ilgan. Otasi mulla Mahmud Buxoroda tahsil olgan, bobosi Shomirza hoji esa hajga borib, Makkada yashab qolgan taniqli olim edi. Bolalikdan o‘tkir zehnli, farosatli, zakovatli bo‘lib o‘sgan Abdulaziz Qori ota-ona daʼvati tufayli Qur’onga muhabbat qo‘yadi, o‘n uch yoshida Kalomullohni yod olib, Qur’on hofizi bo‘lib yetishadi. Abdulaziz Qori madrasa taʼlimini Buxoroda oladi.
Abdulaziz Qori ota hikoya qilishicha, bolsheviklar Buxoroda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qatliomni boshlab yuboradi. Mashhur ulamolar, shayxlar, mudarris va din arboblari yo‘q yerdagi bahonalar bilan yo‘qotiladi. Shayxul-islom va nomdor ulamo-yu qorilardan besh yuz kishining ro‘yxati tuzilib, yoppasiga qamoqqa olinadi. Natijada o‘nlab murattab qorilar, o‘lkaning bulbul hofizlari halok bo‘lishadi yoki umrlari qamoqxonalarda xazon bo‘ladi. Shundan keyin u Andijonga qaytadi. Ustozi Ro‘zi qori domla qo‘lida ikki yilga yetib-yetmay Qur’oni karimni hifz qilishni takomiliga yetkazib, murattab qori bo‘lib yetishadi.
1927-yilda Abdulaziz Qori ustozi Ro‘zi qori ortidan Qashqarga ko‘chib borib, ilm tahsilini davom ettiradi va o‘ttiz ikki yil Qashqarda qolib ketadi.
Faoliyati
Abdulaziz Qori ota uzoq muddat musofirlikda yashasa-da, bir joyda muqim turmaydi. Uyg‘ur o‘lkasi tumanlarini kezib, qancha-qancha qardoshlarining Qur’on savodini chiqaradi, o‘nlab murattab qorilar tayyorlaydi. Ayni paytda piri murshidlardan ustozi, yuz yoshdan o‘tib vafot etgan Qosim eshon, Buxoroning so‘nggi qozisi Baqoxon domla, Abdulloh Xo‘jandiy kabi moʻtabar kishilar xizmatlarini qilib, duolarini oladi. Qirq yil Makkada, yigirma besh yil Dehlida yashagan Qosim eshon Islom olamida mashhur tasavvuf shayxlaridan edi. Yana bir ustozi Abdulloh qori Xo‘jandiy yetmish yil Makkada mudarrislik qilgan, o‘sha joyda xatmi kutubni tugallagan, Qur’on ilmidan tashqari, tafsir, hadis ilmlarini ham puxta egallagan yirik olimlardan edi. O‘sha vaqtda Qashqarni „Sharqiy Turkiston Buxorosi“ deb ulug‘lashardi. Qashqar ulamolar, mashhur qorilar vataniga aylangan edi.
1959-yilda Abdulaziz Qori ustozi Ro‘zi qori vafotidan so‘ng, Qashqarda ham siyosiy vaziyat o‘zgarganligi sabab Toshkentga qaytadi. Bu yerda hali dinga, dindorlarga munosabat oldingidan yaxshi emas edi. Islomiy ilm ahllari, ulamolar hamon taʼqib ostida edilar. 1975-yilga kelibgina ilk bor Toshkentdan murattab qori chiqadi. Bunda Abdulaziz Qori otaning ham katta hissasi bor edi.
Vafoti
Abdulaziz Qori ota 2006-yil 7-avgust kuni bir yuz to‘rt yoshda vafot etdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org