Abdulaziz al-Ustug‘dodiziy





Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy (arabcha: عبد العزيز الأستغداديزي — Al-Hofiz Abu Muhammad Abdulaziz ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Osim ibn Ramazon ibn Ali ibn Aflah Abu Muhammad ibn Abu Jaʼfar ibn Abu Bakr al-Ustug‘dodiziy an-Nasafiy an-Naxshabiy al-Osimiy) — hadis hofizi.




Hayoti



Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy 1018-yil (hijriy 408-yil)da tugʻilgan. Tugʻilgan yeri haqida aniq manbalar yoʻq.


An-Naxshabiy nomi bilan tanilgan, o‘z zamonasining mashhur hofizlaridan, imom-peshvolaridan sanalgan Abdulaziz al-Ustug‘dodiziy, shuningdek, sayyoh ham bo‘lgan.


Olim ilm talabida Iroq, Hijoz, Shom va Misr kabi mamlakatlarga safar qilib, hadislar isnodini o‘rgangan, ularni ko‘chirib yozgan. Hadislarni to‘plashdagi qobiliyati tufayli "Hofiz al-hadis" degan faxrli nom qozongan. Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy Naxshabda dastlab o‘z otasidan, keyinchalik Xuroson, Iroq va Damashqda zamonasining mashhur olimlaridan hadis ting­lagan va 433/1041-1042-yilda Isfahonga borgan.



Taʼlim



Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy Samarqandda Abu Tohir Muhammad al-Jurjoniydan, Buxoroda Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Varroqdan, Isfahonda Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ad-Dubbiydan, Marvda Abu-l-Qosim al-Hasan ibn Ismoil al-Mahmudiydan, Dandonqonda Abu Tohir Muhammad ad-Dandonqoniydan, Balxda Abu-l-Qosim Ubaydulloh ibn Muhammad as-Sijziydan, Nishopurda Abu Abdurrahmon Muhammad an-Nayliydan, Saraxsda Abu-l-Fazl Muhammad ibn Ahmad al-Horisiydan, Makkada Abu-l-Hasan Muhammad ibn Ali al-Azdiydan, Basrada Abu Ishoq Ibrohim ibn Talhadan, Kufada Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Hasaniydan, Bag‘dodda Abu Tolib ibn Gʻaylon al-Bazzozdan, Sherozda Abu Bakr Muhammad as-Saffordan, Ramlada Abu-l-Hasan Muhammad ibn al-Husayn al-Gʻuzziydan, Bayt al-Maqdisda Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Bayhaqiydan, Surda Abdulvahhob ibn al-Husayn al-Gʻazzoldan, Misrda Abu-l-Fazl Muhammad ibn Ahmad as-Saʼdiydan, Iskandariyada Abu Ali al-Hasan al-Gʻassoniydan, Tunisda Abu-l-Husayn Abdulvahhob as-Sayroniy va boshqalardan hadis eshitgan.



Faoliyati



Shuningdek, hofiz Damashqqa borib, u yerda hadis aytgan va o‘z navbatida, undan muhaddis Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad al-Kattoniy ad-Dimashqiy, tarixchi, hadisshunos Abu Bakr Ahmad ibn Ali al-Xatib al-Hofizlar hadis rivoyat qilganlar.


Tarixchi olim Ibn al-Imod o‘z asarida Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning musanniflardan bo‘lganini zikr qilsa-da, manbalarda hofizning qalamiga mansub asarlar haqida maʼlumotlar mavjud emas.


„Al-Qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand“ asarida Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning Samarqand ilm toliblariga aytib turib yozdirgan hadisi keltirilgan.


Abu Sa’d as-Sam’oniy aytadi: "Men Ismoil ibn Muhammad al-Hofizdan Abdulaziz an-Naxshabiy haqida so‘radim. U (Ismoil ibn Muhammad) uni maqtay ketdi va uning ishlarini ko‘p sharaflab dedi: „O‘sha Naxshabiydir, o‘sha Naxshabiydir. U buyuk hofizlardan edi“.


As-Salafiy aytadi: "Al-Mu’taman al-Hofizdan Abdulaziz an-Naxshabiy haqida so‘radim. U aytdi: „U (an-Naxshabiy) al-Xatib va as-Suriy kabi hofizlardan bo‘lgan. Unga maqtov aytganlar va uning fahm-farosatidan rozi bo‘lganlar. U Misr va undan boshqa yerlarda isnodlarni o‘rgangan“.


Al-Hofiz Yahyo ibn Mandah deydi: „Abdulaziz o‘z zamonasida yodda saqlash va balog‘atda yagona edi. Bizning asrimizda yod olishlikda uningdek nafis xatli, tez yozib, tez o‘quvchi, go‘zal xulqli (olim)ni (hech kim) ko‘rmagan“.



Shogirdlari



Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning shogirdlari qatorida nasaflik mashhur muhaddis olim Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Baladiy, Abu-l-Husayn al-Muborak ibn Abdul­jabbor at-Tivariy, ko‘zga ko‘­ringan shofe’iy faqihi, hadis ilmi bilimdoni Abu-l-Qosim Ali ibn Muhammad al-Massisiy, Sahl ibn Bishr al-Isfaroyiniylarning ham nomlari keltirilgan.



Vafoti



Manbalarda olimning vafoti haqidagi maʼlumotlar ixtilofli bo‘lib, bu xususda so‘z yuritar ekan, Yoqut al-Hamaviy "Ustug‘dodizah" maqolasida „… u 459/1066-1067, baʼzilarning aytishicha, 457/1064-1065-yillarda Naxshabda vafot etgan“ desa, "Naxshab" maqolasida tarixchi olim Hibatulloh al-Akfaniyga tayanib, 456/1063-1064-yillarda, quyiroqda „40 yoshga to‘lmay, 452/1060-1061-yillarda vafot etgan“, deydi. Bu to‘g‘rida Najmuddin an-Nasafiy 455/1063, as-Sam’oniy 456 va 457-yillar jumodul-oxir/1064 va 1065-yilllar may-­iyun oylariga ishora qilgan. Az-Zahabiy „Tazkira al-huffāz“da yozadi: „U 457/1064-1065-yillarda Naxshabda vafot etgan. Abu-l-Qosim ibn Asokir aytadi: u 456/1063-1064-yillarda Naxshabda, yana baʼzilarning aytishicha, Samarqandda vafot etgan“. Ibn al-Imod esa Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning vafoti haqida yuqoridagi barcha mualliflarning asarlarida uchragan sana — 456/1063-1064-yillarni ixtiyor etgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz