Abdulaziz al-Maymaniy





Abdulaziz al-Maymaniy (arabcha: عبد العزيز الميمني — Abdulaziz ibn Abdulkarim al-Maymaniy ar-Rajkutiy) — arabshunos olim.




Hayoti



Hindistonning Katxiavar viloyatida tavallud topgan Abdulaziz al-Maymaniy boshlang‘ich taʼlimni tugatgandan so‘ng, otasining tashviqi bilan ilm o‘rganishga qaror qiladi. O‘qishni davom ettirish uchun Dehli, Rampur, Lakhnav va Amroha kabi ilm markazlariga borib, shamsul-ulamo Nazir Ahmad ad-Dehlaviy, 1908-yilda hadis rivoyati uchun ijoza bergan al-Husayn ibn Muhsin al-Ansoriy va Muhammad Tayyib al-Makkiy kabi davrining mashhur olimlaridan dars oladi. O‘spirinlik davridan arab adabiyotining "Al-Mu’allaqāt al-­’ashr", "Dӣvān al-hamāsa", „Dӣvān al-­mutanabbӣ“, „Al-Jamhara“, „Al-Mufazzaliyyāt“, „Al-Kāmil“, „Al-Bayān va-t-tab­yӣn“, „Adab al-kātib“ kabi mashhur asarlarini o‘qiydi. Mashhur arab shoirlarining qalamiga mansub 70.000 bayt­dan ortiq sheʼrlarni yod olgan. Shu bilan bir qatorda, u fors tilini ham o‘rganib, fors adabiyotining "Al-Mu’jam fi osor muluki-l-’ajam" kabi mumtoz asarlarini o‘rganadi.



Faoliyati



1909-yilda Panjob universitetining arab-fors fakultetini tamomlaganidan so‘ng 1913-yilda Peshovardagi Edvard kolleji (Edward College)da arab va fors tillaridan mudarrislik qiladi. Ke­yinchalik, 1921-yilda Lohurdagi Sharqshunoslik kolleji (Oriental College)da arab tili va adabiyoti bo‘limida faoliyat olib boradi. 1924-yilda Aligarx universitetida arab tili o‘qituvchisi vazifasiga ta­yinlanadi, keyinchalik arab tili va adabiyoti kafedrasi mudiri bo‘ladi. 1950-yilda mazkur universitetdan nafaqaga chiqadi, so‘ng 1954-yilda Pokistonga keladi va 1955-1958-yillarda Karachi universitetida, keyin Panjob universitetida arab filologiya­si kafedrasi professori etib tayinlanadi. Shu bilan bir qatorda, Pokiston hukumati tomonidan Karachida tashkil etilgan Islom tadqiqotlari markazining (Central Institute of Islamic Research; hozirgi nomi Islamic Research Institute) ilk rahbari bo‘ladi va 1960-yilga qadar ushbu vazifada faoliyat olib boradi. Markaz kutubxonasida nodir qo‘lyozmalarni jamlashni yo‘lga qo‘yadi. Baʼzi qo‘lyozma manbalarni aniqlab, ulardan nusxalar olish uchun Hindiston, Turkiya, Suriya, Iroq va Misr kabi mamlakatlarga ko‘p marotaba safar qilgan. U arab tilidagi qo‘lyozma manbalarni o‘rganishda davrining eng salohiyatli mutaxassisi, deb eʼtirof etilgan. 1960-yilda qo‘lyozma manbalarni nashr etish borasidagi fikrlarini bilish maqsadida Suriya Madaniyat vazirligi tomonidan Shomga taklif etilgan. Arab tili va adabiyoti sohasida chuqur bilimga ega bo‘lgani va sohadagi faoliyati tufayli arab dunyo­sida "Imom al-lug‘a" laqabi bilan tilga olingan.


Abdulaziz al-Maymaniy Damashq va Qohiradagi Arab tili akademiyalariga ham aʼzo bo‘lgan, ularning "Majalla al-majmaʼ al-’ilmӣ al-Hindӣ", „Majalla al-maʼārif“ kabi ilmiy nashrlarida ko‘plab maqolalari chop etilgan. Olim, shuningdek, turli ilmiy konferensiyalarda ko‘plab maʼruzalar qilgan.



Mukofoti



Abdulaziz al-Maymaniy 1977-yilda arab tili va madaniyati bilan bog‘liq tadqiqotlari uchun "Suriya yuksak sharaf ordeni" bilan mukofotlangan.



Asarlari



— "Abu-l-Alā va mā ilayh" (Qohira, 1344-hijriy yil). Abu-l-Alo al-Maʼarriyning hayoti va shaxsiyati haqida bugungacha olib borilgan ishlarning eng muhimi va mukammali deb eʼtirof qilinuvchi ushbu tadqiqot Abdulaziz al-Maymaniyning eng yirik asarlaridan hisoblanadi.


— "Iqlӣd al-xizāna" (Lohur, 1927-yil).


— "Salās rasāil" (Qohira, 1344-hijriy yil). Abu-l-Husayn Ahmad ibn Foris, Ali ibn Ham­za al-Kisoiy va Muhyiddin ibn al-­Arabiylarning risolalari tahlilidan tashkil topgan asar.


— "At-Tarāif al-adabiyya" (Qohira, 1393-hijriy yil).


Abdulaziz al-Maymaniy, shuningdek, qator asarlarning ilmiy-tanqidiy matnini ham amalga oshirgan.


Ilk asarlarida Abu-l-Barakot va Abu Umar kunyalarini qo‘llagan Abdulaziz al-Maymaniy keyinchalik al-Maymaniy ar-Rajkutiy nisbalari bilan tanilib, shuhrat qozonadi. Baʼzi asarlarida uning al-Hindiy, as-Salafiy va al-Asariy nisbalari ham uchraydi.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz