Abdulaziz al-Buxoriy
Abdulaziz al-Buxoriy (arabcha: عبد العزيز البخاري — Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad ibn Muhammad al-Buxoriy) — hanafiy faqihi.
Hayoti
Abdulaziz Ahmad al-Buxoriy, asosan, usul al-fiqh ilmiga doir yozgan asarlari bilan tanilgan. Olimning hayoti haqida maʼlumotlar ko‘p emas. Fiqh taʼlimini amakisi Faxruddin Muhammad al-Maymurg‘iy va Hofizuddin Muhammad al-Buxoriylardan olgan. Shogirdlari orasidan Qavomuddin Muhammad al-Kokiy va Jamoluddin Umar al-Habboziy kabi mashhur hanafiy olimlari yetishib chiqqan.
Asarlari
1. „Kashf al-asrār fӣ sharh usӯl al-Bazdavӣ“. Mazkur kitob al-Pazdaviyning hanafiy mazhabi usul al-fiqhiga oid asarining sharhi bo‘lib, muallif asarni yozishda Imom al-Gʻazzoliyning „Mustasfā“ nomli asaridan ham foydalangan.
2. „Kashf al-asrār“ asari keyingi davr olimlari uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Asar Qohira (1890-yil) va Istanbulda (1890-1891-yillar) to‘rt jildda nashr qilingan.
3. „Tahqӣq“ („Gʻāya at-tahqӣq“ yoki „Sharh al-Husāmӣ“). Usul al-fiqhga oid mazkur asar Husomuddin al-Axsikatiyning „Muntaxab“ nomli asariga yozilgan sharh hisoblanadi. Asar 1871-yil va 1876-yillarda Lakhnavda nashr qilingan.
Abdulaziz Ahmad al-Buxoriy fiqhiy asarlarga ham baʼzi sharhlar yozgan, jumladan, Burhonuddin al-Marg‘inoniyning „Al-Hidāya“ asarini sharhlashni boshlagan, ammo bu sharhini tugatmasdan, aynan „Kitāb an-nikāh“ bobiga yetganda vafot etgan. Shuningdek, uning „Risāla fӣ taxrӣj masāil zavi-l-arhām fi-l-farāiz“, „Al-Arbaʼӯn fi-l-hadӣs“, „Kitāb al-afniya“ asarlari ham bor.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org