Abdulaziz ad-Dehlaviy
Abdulaziz ad-Dehlaviy (arabcha: عبد االعزيز الدهلوي — Abdulaziz ibn Shoh Valiyyulloh Ahmad ibn Abdurrahim al-Umariy al-Foruqiy ad-Dehlaviy) — mufassir va muhaddis.
Hayoti
"Siroj ul-hind" unvoni bilan tanilgan. Abdulaziz ad-Dehlaviy hindistonlik mashhur hadis va kalom olimi, naqshbandiyya tariqati shayxi hisoblangan otasi Shoh Valiyyulloh ad-Dehlaviyning hind musulmonlari orasidagi yuksak mavqei bois oliy darajada tahsil ko‘rgan. Yoshlik chog‘idanoq tajvid va qiroat ilmini o‘rgangan holda, Qur’oni karimni yod oladi. O‘n bir yoshida otasi tomonidan tayinlangan ikki ustozga shogird tushadi. "Kutubi sitta", "Muvatto", "Mishkāt al-masābih", "Shamāil at-Tirmizӣ" kabi asarlarni otasiga o‘qib bergan yoki otasidan taʼlim olgan vaqtlarda tinglagan. So‘ng undan bu kitoblarni rivoyat qilish iznini olgan. O‘n olti yoshida tafsir, hadis, fiqh, usul al-fiqh, aqoid, kalom, mantiq, al-jabr, geometriya, astronomiya, tarix va jo‘g‘rofiya kabi ilmlar borasidagi bilimi bilan ko‘pchilikning diqqatiga tushadi. 1762-yilda otasining vafotidan keyin bobosining nomi bilan atalgan "Rahimiyya" madrasasida otasining o‘rnida ustozlik qilishni boshlaydi. Bir tomondan asar yozsa, boshqa tomondan daʼvat va irshod vazifalarini yurituvchi muridlar va shogirdlar tayyorlaydi. Abdulaziz ad-Dehlaviy yigirma besh yoshga to‘lganida ketma-ket ko‘rlik, moxov va boshqa kasalliklarga chalinadi. Shu bois madrasadagi darslaridan chekinib, hayotining so‘nggi kunlarigacha kitob yozish hamda seshanba, juma kunlari vaʼz o‘qib fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1824-yilda ahvoli og‘irlashgach, merosini vorislari orasida taqsimlab beradi va o‘ziga kiygan kiyimlarini kafanlik qilishlarini vasiyat qiladi. Shundan so‘ng, ko‘p o‘tmay vafot etadi va otasining qabri yoniga dafn qilinadi.
Sifatlari
Abdulaziz ad-Dehlaviy oriqdan kelgan uzun bo‘yli, bug‘doy rang, katta-katta ko‘zli, sersoqol kishi bo‘lib, o‘q otish, ulov minish, husnixat va musiqa sohalarida katta mahorat sohibi edi. U o‘zining jasur, erkin va maʼqul fikrlari bilan Hindiston musulmonlariga chuqur taʼsir o‘tkazdi va ularni o‘zining ortidan ergashtirdi. Uning fikricha, Islom olamida bo‘lib o‘tgan barcha yomonliklarning asosiy sababi, musulmonlar dinning asl manbalari hisoblangan Qur’on va sunnatdan uzoqlashganlaridir. Musulmonlarning Qur’on va sunnat ko‘rsatmalariga qaytishlari va Islomga yot bid’atlarni butunlay tark etishlarigina haqiqiy najot yo‘lidir.
Asarlari
Abdulaziz ad-Dehlaviy qalamiga mansub ellikka yaqin asarlar mavjud.
— „Tafsӣr fath al-’azӣz“. "Fotiha" va "Baqara" suralari hamda „Taborak“ va „Amma“ poralarining forsiy tafsiri yoritilgan mazkur asarning katta qismi Hindiston inqilobi davrida yo‘qolgan. Hozirgi kunda uning ikki jildi mavjud bo‘lib, Kalkuttada nashr qilingan (1248-1249-hijriy yillar).
— „Tuhfai isno ’ashariyya“ (Lakhnav 1255, 1295-hijriy yillar). O‘n ikki imom bilan bog‘liq shia mazhabi eʼtiqodiga tanqidiy ruhda yozilgan va Hindiston sunniy musulmonlarining shialarga qarshi eng kuchli reaksiyasi sifatida qaralgan mazkur forsiy asar, shialar va sunniylar orasida shiddatli tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Bunga javoban, shia mazhabi olimlari ham kitoblar bitganlar. Gʻulom Muhammad ibn Muhyiddin ibn Umar „Tuhfa“ni arab tiliga tarjima qilgan, Mahmud Shukriy al-Alusiy unga "Al-Minha al-ilāhiyya talxӣs tarjimati-t-Tuhfa al-isnā ’ashariyya" nomli muxtasar asar yozgan. Mazkur asarni Muhibbuddin al-Xatib muqaddima va ilovalar bilan 1953-yilda Qohirada nashr ettirgan.
— „Bo‘ston ul-muhaddisiyn“ (Dehli, 1876, 1898-yillar). Hadis kitoblarining bibliografiyasi ko‘rinishidagi yakunlanmagan mazkur forsiy asarda mualliflarning biografiyalariga ham o‘rin berilgan. Kitob Ali Usmon Ko‘chkuzu tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan (Anqar,1986-yil).
— „Ujolai nofi’a“ (Dehli, 1312, 1348-hijriy yil). Hadis usuliga oid fors tilidagi asar.
— „Sirr ash-shahādatayn“ (Dehli, 1261-hijriy yil). Karbalo shahidlari haqidagi bu asarga muallifning shogirdi Salomatulloh fors tilida sharh yozgan (Lakhnav, 1882-yil).
— „Azӣz al-iqtibās fӣ fazāil axyār an-nās“. Xulafoi roshidiynning fazilatlariga oid hadislar jamlangan mazkur asar fors va urdu tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan (Dehli, 1321-hijriy yil).
— „Mӣzān al-aqāid“ (Dehli, 1321 hijriy yil). Aqoid ilmiga oid arab tilidagi asar.
— „Fatavoi Aziziy“ (Dehli, 1311-1314; Haydarobod 1313; Dehli 1341-hijriy yillar). Ikki jilddan iborat ushbu fors tilidagi asarida Abdulaziz ad-Dehlaviy o‘zining fatvolarini jamlagan.
Yuqoridagilardan tashqari, Abdulaziz ad-Dehlaviyning mantiq, hikmat, tush taʼbiri va boshqa mavzularga oid yana ko‘plab asarlari mavjud.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org