Abdulahadxon daxmasi
Abdulahadxon daxmasi — Karmanadagi Qosim Shayx majmuasi tarkibiga kiruvchi me’moriy yodgorlik. 1911-yilda Buxoro amiri Said Olimxon tomonidan otasi Abdulahadxon qabri atrofida qurdirilgan. Qosim Shayx majmuasining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Arxeologlar oʻrganib, u yerda mayit (suyaklar) yoʻqligini aytishgan. 2000–2001-yillarda restavratsiya qilingan, 2017-yil qayta restavratsiya qilingan, 2017-yilgi restavratsiya paytida daxmaning shimol tomonidagi hujralar toʻliq buzilib, qayta tiklangan. 2019-yilda Axatxon masjidi xato nomi bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan.
Tarixi
Hijriy 1329-yili muharram oyining oltinchi kuni (1911-yil 7-yanvarda) buyrak kasaliga uchragan Amir Abdulahadxon Karmana yaqinidagi Xayrobod bogʻida vafot etgan. Uning jasadi olib kelinib, Karmanadagi Qosim Shayx xonaqosi yoniga dafn etilgan va atrofiga amir Said Olimxon tomonidan daxma qurilgan.
Arxitekturasi
Abdulahadxon daxmasi pishgan gʻishtdan toʻrtburchak shaklda qurilgan. Shimoliy va sharqiy qismlarida hujralar joylashgan, kirish eshigi sharqiy tomonida. Eshik peshtoqli, eshikning yuqori qismida marsiya matni oʻyib yozilgan marmar joylashtirilgan, eshikdan kirganda kichik yoʻlak mavjud, yoʻlak tepasi gumbazli qilib ishlangan. Yoʻlakdan daxma hovlisiga kiriladi. Yoʻlakning bir tomonida hujraga kiradigan eshik mavjud.
Daxmaning ichki qismi janubiy tomoni kengroq hovli, shimoli-gʻarbiy tomonida yogʻochli ayvon bor, Ayvonning roʻparasida kvadrat shaklda kulrang marmar va granit bilan qoplangan Abdulahadxon qabri joylashgan. Qabr balandligi 2 metr, tomonlari 3x3 metr. Sagʻananing shimoliy tomondagi devorida arab imlosida yozilgan yozuvlar boʻlgan. Toshlar yemirilishi va tuz qoplashi natijasida yozuvlarni oʻqish imkonsiz holga kelgan.
Marsiya
Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigi tepasiga fors tilida marmar toshga oʻyib marsiya yozilgan. Bu toshyoʻnma muallifi Abdurahim Gʻozgʻoniydir. Toshyoʻnmadagi eʼtiborga molik jihatlar shundaki: undagi harflar yoʻnilmagan, aksincha, harf ostidagi hudud yoʻnilishi orqali harflar boʻrtib chiqqan, bu nafaqat oʻz davri, balki bugungi kun sangtaroshligi uchun ham oʻta murakkab va noyob ish, bundan tashqari, marsiyani oʻz ichiga olgan burchakli gajakdor naqsh uslubi antik davr yunon-rim freskalarini aslatadi. 2000-yillarda Qosim Shayx ansambli restavratsiya qilingan paytda marsiya matni kirill alifbosida qora marmarga oʻyilib, Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigining oʻng tomonidagi devoriga osib qoʻyilgan.
Marsiya matni quyidagicha:
Ey dil, bu yorugʻ jahonda xotirjamlik yoʻq. Shu bois bu dunyoning har xil tamannosiga koʻngil bogʻlama! Qaragil, zamonaning Xusravi (shohi) boʻlgan Sayyid Amir Abdulahadxon ham ravzai naimga qarab ravona boʻldi. Hayot dengizida u kabi gavhar yoʻq edi. Xayfki, bu gavhar qora tuproq bagʻriga koʻmildi. U fazilat va suxan gulistonining bulbuli edi. Vo darigʻo, shunday bulbul oʻz gulistonini tark etdi. Uning umr daraxti soʻldi, yaproqlari hazon boʻldi. Shu sabab falakning yuzi qaygʻu va nadomatlardan qaro boʻldi. Uning vafoti tufayli koʻzlardan yosh oʻrniga qon arigi oqdi. Musibatdan yoshgina valiahd gʻam dengiziga gʻarq boʻldi. Ey koʻngil, bilgilki, hech kim ham abadiy emas. Hammamiz ham tuproqdan yaraldik, yana tuproqqa qayturmiz. Darhaqiqat, taqdir olamida Olloh buyurgan ishlargina boʻlur, Olloh buyurmagan ishlar amalga oshmas. Kimki shoh qabrini ziyorat aylab, Ollohdan oʻtinib, u uchun jannatdan joy soʻrasa, uning ruhini nihoyatda shod etgan boʻladi.
Muqaddas muharram oyining oltinchi kuni, 1329-hijriy, 1910-milodiy[7].
Oʻzbek olimi A. Jumanazar marsiyada koʻrsatilgan „milodiy 1910-yil“ oʻsha davrda Rossiya imperiyasida keng tarqalgan Yulian taqvimi boʻyicha yozilgaligini, hijriy yilni bugungi Grigoriy taqvimi bilan hisoblaydigan boʻlsak, 1910-yil 23-dekabr 1911-yil 7-yanvarga aylanib qolishini taʼkidlaydi.
Qabrning ochilishi
Amir Abdulahadxonning qabri SSSR davrida ikki marta ochib koʻrilgan.
Qabr birinchi marta 1942—1943-yillarda (boshqa manbaga koʻra 1943—1944-yillarda) ochib koʻrilgan. Amir Said Olimxonning Buxoro oltinlarini oʻzi bilan olib ketolmasdan, otasining qabriga yashirib qochgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar qabrning ochilishiga sabab boʻlgan.
1984-yil qabr ikkinchi marta ochilgan. Qabrda qazish ishlarini olib borgan arxeologlar u yerdan kichik-kichik barmoq suyaklaridan boʻlak narsa topishmagan. Qabr birinchi marta ochilganida undagi suyaklar yigʻib olib ketilgan, degan xulosaga kelingan.
2001-yilda Qosim Shayx majmuasida taʼmirlash ishlari olib borilib, u yerdagi Abdulahadxon sagʻanasi uchinchi marta ochib koʻrilgan. Sagʻana ichida ikkita qabr borligi aniqlangan. Olimlar ikkinchi qabr 1874-yil Karmanada vafot etgan Abu Tohirxoja Samarqandiyniki ekanini taxmin qilishgan.
Galereya
Izohlar
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
uz.wikipedia.org