Abdulahad Dovud





Abdulahad Dovud (arabcha: عبد الأحد داود — rohiblikdan musulmonlikni qabul qilgan va xristianlikka raddiya yozgan teolog).


Asl ismi — David Benjamin Xaldoniy. Eronning Urmiya shahridan.




Taʼlim



Ilk sabog‘ini o‘sha yerdagi Amerika kollejida olgan.



Xristianlik davri



1886-1889-yillar mobaynida Urmiyadagi Osuriy xristianlariga (Nasturiy xristianlarining katolik­likni qabul qilmaganlari) xitob qilgan Kanterburiy arxiyepiskopining o‘qituvchilaridan. 1892-yilda kardinal Vaugxan tomonidan Rimga yuborilgan. U yerda Propaganda Fide College katolik maktabida falsafa va ilohiyot tadqiqotlari darslarini tinglagan. Ayni vaqtda „The Tablet“ nomli jurnalda "Asur, Rim va Kanterburiy", shuningdek, "Irich Record" jurnalida "Tavrotning sihati" nomli qator maqolalar yozgan. "Ave Maria"dan turli tillarga qilgan tarjimalari "Illustrated Catholic Missions" jurnalida chop etilgan. 1895-yilda rohib bo‘ladi. O‘sha yili Eronga safar qilish chog‘ida Istanbul shahriga kelib, "The Levant Herald" nashriyo­tida Sharq cherkovlari haqida ingliz va fransuz tillarida katta maqolasini nashr ettiradi. 1895-yilda Urmiyadagi fransuz lazaristik missiyasiga qo‘shiladi va ushbu missiya tarixida ilk marotaba muomalada bo‘lgan suryoniy tilida „Qala-La-Shârâ“ („Haqiqat ovozi“) nomli jurnalga asos soladi.



Musulmonlik davri



Abdulahad Dovud 1898-yilda Eronga qaytib, Urmiya shahriga yaqin joylashgan tug‘ilgan qish­log‘i Digalada pulsiz maktab ochadi. Bir yildan so‘ng Sharq cherkovi arxiye­piskopi Xudobosh bilan lazarist ruhoniylari o‘rtasidagi ixtilofning kuchayishi sababli Selmas yeparxiyasining boshqaruvini qo‘lga olish uchun u yerga jo‘natiladi. U yerdagilarni katolik, anglikan va amerikan missiyalarining joylardagi suryoniy-xaldoniy jamoatiga qarshi xavfli munosabati haqida ogohlantiradi. 1899-yilda mazkur missiyalarga rus missiyasi ham qo‘shiladi. Amerika, Fransiya, Angliya, Germaniya va Rossiya missiyalarining qariyb yuz ming atrofidagi suryoniy-xaldoniylarni nestorianlikdan chiqarib o‘z cherkovlariga biriktirishlari David Benjaminning xristianlikka nisbatan fikrini o‘zgartirishiga va uning xristian muqaddas kitoblari asl matnlarini qayta o‘rganishiga sabab bo‘ladi. 1900-yilda Urmiya Sharq cherkovi arxiyepis­kopiga rasmiy isteʼfo so‘rab xat yuboradi va rohiblik vazifasidan bo‘shaydi. Cherkov xodimlarining Abdulahad Dovudni bu qaroridan voz kechishi uchun qilgan barcha urinish­lari samarasiz ketadi. Abdulahad Dovud Tabrizda belgiya­liklar boshqaruvidagi Eron pochta va bojxona idoralarida bir necha oy taftishchilik qilganidan so‘ng, o‘qituvchi va tarjimon sifatida valiahd shahzoda Muhammad Ali Mirzoning xizmatiga ishga olinadi. U 1903-yilda Angliyaga safar qilib unitarianizm (xris­tian dinidagi tas­lis (uchlik)ni rad etgan mazhab) jamoatiga qo‘shiladi. Bir yildan so‘ng „Ing­liz va ajnabiy unitarianlar birligi“ (British and Foreign Unitarian Association) tomonidan o‘z yurtidagi xalqqa taʼlim berish vazifasi bilan Eronga yuboriladi. Yo‘lda Istanbulda to‘xtaydi. U yerda shayxul-islom Jamoluddin Afandi hamda boshqa olimlar bilan olib borgan muzokaralar oqibatida musulmon bo‘ladi va Abdulahad Dovud ismini oladi.


1905-yil 19 sentabrda "Dor ash-shafaq"qa muallim va kommendant etib tayinlanadi. Biroq 1906-yilning 14-oktabrida bu vazifasidan olinadi. Bir muddat maorif taftish anjumanida ishlaydi. 1914-yil 16-mayda fatvo idorasi kotib­ligiga ishga kiradi. Shu yilning 30-avgustida "Jaridai ’ilmiyya" majmuasining tahririyatiga tayinlanadi. Istanbuldagi hayoti tashvishlar bilan o‘tgan Abdulahad Dovud 1914-yilda mazkur vazifalaridan ayrilib, Amerikadagi oilalik qizining yoniga ketishga majbur bo‘ladi.



Vafoti



Eʼtiqodini o‘zgartirib musulmon bo‘lgani uchun atrofidagi xris­tianlar va qarindosh­lari tomonidan yaxshi qabul qilinmagan, o‘z qizi tomonidan ham eʼtibor ko‘rmagan Abdulahad Dovud qariyalar uyidan joy oladi va o‘sha yerda vafot etadi. O‘limi tarixi aniq bo‘lmasa-da, 1926-1930-yillar orasida "Islamic Review"da nashr etilgan baʼzi maqolalariga asosan 30-yillarda ham hayot bo‘lgani taxmin qilinadi.



Asarlari



Ingliz, fransuz, italyan, lotin va fors tillarini bilgan Abdulahad Dovud musulmon bo‘lganidan so‘ng yozgan asarlaridan biri — "Injӣl va Salӣb" (Istanbul, 1929-yil)da xristianlik eʼtiqodidan chiqishi sabablarini bayon qilgan. Tadqiqotlari natijasida, Isoning xochga mixlanishi, o‘liklar orasidan tirilgani haqidagi rivoyatlar uydirma ekani, to‘rt Injil Isoning asari emasligi, mazkur kitob uning davridan ancha keyin, havoriylar vafotidan ko‘p yillar o‘tib yozilgani hamda bizgacha o‘zgartirilgan holda yetib kelganini maʼlum qilgan. U asarda „Muhammad sallallohu alayhi vasallamning haq payg‘ambar ekanini butun vujudim ila eʼtirof etishga majbur bo‘ldim“ deb, samimiy eʼtirofini keltiradi.


Boshqa asari "Asrār Isavӣya"da (Istanbul, 1932-yil) xristian missionerining musulmon bo‘lganini tushuntirar ekan, missionerlarning ichki dunyosini namoyon qiladi va ular eʼtiqodini tahlil qilish orqali faoliyat olib borgan o‘lkalaridagi salbiy taʼsirlari va zararlarini ko‘rsatib beradi. Bu asar M. Shevket Aygi tomonidan baʼzi ilovalar bilan "Islomiyatning zafari" nomi ostida nashr ettirilgan (1975-yil).


Turli davrlarda nashr qilingan maqolalari "Muhammad in the Bible" nomi bilan bir jildda nashr ettirilgan (Doha, 1400/1980-yil). Bu kitobni Nusrat Cham "Tavrot va Injilga ko‘ra Hazrat Muhammad (s.a.v)" (Tevrat ve İncil’e Göre Hz. Muhammed (a.s.) nomi bilan turk tiliga tarjima qilgan (Izmir, 1988-yil).



Adabiyotlar




Manbalar
















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz