Abduhafizboy madrasasi
Abduhafizboy madrasasi (Abdulhafizboy madrasasi, Hotam Hindu madrasasi, Hotam Xundi madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Madrasa tarixiy hamda vaqf hujjatlarida Abduhafizboy (Abdulhafizboy) deb nomlangan. Hozirda esa, davlatning rasmiy hujjatlarida Hotam Hindu yoki Hotam Xundi nomlari ostida roʻyxatga olingan.
Madrasani tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u hozirga qadar ayanchli ahvolda qolib ketgan.
Tarixi
Madrasa 1910-yilda Buxoro amirligi poytaxtining Soʻzangaron guzarida, oʻzbek hukmdori Abdulahadxon (1885–1910) hukmronligi davrida Abdumajid oʻgʻli Abduhafiz Buxoriy mablagʻlari evaziga bunyod etilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2013-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, tozalash, konstruktiv mustahkamlash, tiklash, restavratsiyalash va konservatsiyalash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 30 million soʻm mablagʻ ajratilganligiga qaramay, hozirda inshoot holati ayanchli ahvolda qolib ketgan.
Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
2020-yil maʼlumotlariga koʻra, madrasaning butligini saqlash, uning holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha investor tomonidan loyiha taqdim etilgan. Madrasaning negizida turistik xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha tayyorlanib, Oʻzbekiston Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan.
Buxoro shahridagi Hamid Olimjon MFYga qarashli Soʻzangaron nomli koʻchada joylashgan.
Meʼmorchiligi
Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org