ABDUG’AFUROV
ABDUG’AFUROV Abdurayim (1867 — Toshkent — 1950) — xalq ustasi, Toshkent badiiy chitgarlik maktabining namoyandasi. Birinchi bo’lib mato (bo’z)ga gul bosishda ro’yan o’rniga alizarin ishlatdi. Buxoro va Qo’qon ustalaridan yangi rasmlarning qoliplarini, yangi bezak va mujassamotlarni keltirib, mahalliy chitgarlikka ijodiy singdirdi. Abdug’afurov o’z asarlari bilan O’zbekistonda o’tkazilgan bir necha ko’rgazmalarda qatnashdi. 1935 yildan Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida daryo bergan. 1937 yilda Parijda o’tkazilgan xalqaro ko’rgazmada Abdug’afurovning asarlari yuqori baholandi. 30 – yillar oxiri — 40 – yillar boshlarida Moskva, Ivanovo, Serpuxov to’qimachilik korxonalari uchun chit, satinga bosiladigan gulqolip namunalarini tayyorlab bergan. 1940 yilda Abg’afurov rassom V. Kriniskiy bilan hamkorlikda qoliplar uchun 11 ta “Paxta nusxa” eskizlar yaratdi. Bu nusxalarda g’o’za bargidan tortib ochilgan chanoqqacha bo’lgan jarayonlar o’simliksimon milliy naqshlar negizida o’z ifodasini topgan. Abdug’afurov bezagan dasturxon, kir-pech, choyshab va boshqa buyumlar (respublika muzeylarida saqlanmoqda) gullarining yorqinligi, ranglarining uyg’unligi, mujassamoti bilan diqqatni tortadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz