Abdourahamane Chiyani





Abdurahmon Tchiani yoki Chiani (shuningdek Omar Tchiani , arabcha: عبد الرحمن تشياني, fransuzcha: Abdourahamane Tchiani; 1960 yoki 1961-yil tugʻilgan) — Niger armiyasi generali va Niger prezidenti gvardiyasi qoʻmondoni. U 2023-yil Niger prezidenti Muhammad Bazoumni hibsga olish orqali uyushtirilgan davlat toʻntarishida asosiy shaxs sifatida tanilgan.



Tarjimai holi



Abdurahmon Tchiani (shuningdek Abdurahmon Chiani, Omar Chiani, Omar Tchiani) 1960-yil (boshqa manbalarga koʻra 1961-yil) tugʻilgan boʻlib, uning aniq tugʻilgan kuni nomaʼlum. Ayrim OAV maʼlumotlariga koʻra u Nigerning Tillabéri viloyatidan.


2015-yilda Tchiani Niger prezidenti gvardiyasi qoʻmondoni vazifasiga tayinlangan. Oʻsha paytda u prezident Muhammadu Issufu bilan ittifoqdosh boʻlgan. Abdurahmon Tchiani 2018-yilda general unvonini olgan.


U 2021-yilda davlat toʻntarishiga qarshi harakatlarni boshqargan. Shundan bir necha kun oʻtib Issufu prezidentlikdan ketib, bu lavozimni demokratik yoʻl bilan saylangan Muhammad Bazoumga boʻshatib bergan, Tchiani esa oʻz lavozimini saqlab qolgan.


Tchiani 2023-yilning 26-iyulida yuz bergan davlat toʻntarishi paytida prezident qoʻriqchilari boshligʻi lavozimini egallab turgan. Ushbu voqealar vaqtida Tchiani jamoatchilikka koʻrinmagan lekin norasmiy maʼlumotlarga koʻra davlat toʻntarishini aynan u boshqarib turgan (sharhlovchilarga koʻra Bazoum Tchianini oʻldirishni rejalashtirgan).


2023-yilning 28-iyulida Tchiani davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, oʻzini Vatanni himoya qilish Milliy kengashining prezidenti deb eʼlon qildi. Uning aytishicha toʻntarish davlatni „asta-sekin va muqarrar oʻlim“dan asrab qolish uchun amalga oshirilgan va Bazoum bu achchiq haqiqatni yashirishga uringan. Abdurahmon Tchiani mamlakatning xavfsizlik strategiyasi samarasizligini tanqid qilgan ammo fuqarolik boshqaruvi qachon qayta oʻrnatilishini maʼlum qilmagan.



Manbalar




Havolalar










uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz