Abbod ibn Sulaymon as-Saymariy
Abbod ibn Sulaymon as-Saymariy (arabcha: عباد بن سليمان الصيمري — Abu Sahl Abbod ibn Sulaymon (Salmon) as-Saymariy) — moʻʼtaziliy kalom olimlaridan.
Hayoti
Nisbasidan saymaralik ekanini taxmin qilish mumkin. Saymara — biri Basradagi Maʼqil daryosi atroflarida, ikkinchisi Huziston bilan Diyorijabal orasida joylashgan ikki shaharning nomi. Ibn an-Nadim uni al-Basriy nisbasi bilan ham qayd etganiga ko‘ra, Abbod ibn Sulaymonning Basra atrofidagi Saymara shahridan ekanini aytish mumkin. Ammo uning Huziston yaqinidagi Saymara shahridan ekanligi haqida ham maʼlumotlar mavjud.
Abbod ibn Sulaymon avvalda Hishom ibn Amr al-Fuvotiyga shogird tushadi va uning fikrlarini o‘zlashtirib Abu-l-Huzayldan buyon davom etib kelayotgan Basra mu’taziliylarining asl tamoyillariga qarshi chiqadi. Shu sababli Abu Ali al-Jubboiy, uning o‘g‘li Abu Hoshim va Qozi Abduljabbor kabi mu’tazila olimlari tomonidan tanqidga uchraydi. Abu Hoshimning Abbod ibn Sulaymonni tanqid qilib, mustaqil asar yozgani maʼlum. Abbod ibn Sulaymonning Ibn Kullob al-Basriy bilan munozaralar qilgani va uning fikrlaridan kelib chiqib, uni nasroniylikda ayblagani ham rivoyat qilinadi.
Ishlari
Abbod ibn Sulaymonning qarashlariga ko‘ra, sezgilar beshta emas, balki yettitadir. Alam va lazzatni his qilish ham ikkita alohida sezgilarga kiradi. Abbod ibn Sulaymon Allohning „Qadiym“ sifati Uning Zoti doimo bor bo‘lganini ifodalashini aytgan va Allohdan avval biror-bir borliq bo‘lmaganini rad etib, bunday qiyoslashning o‘zi joiz emasligini ilgari surgan. Allohning birligi sanoq, adad maʼnosida tushunilmaydi, faqatgina Zotini maqtash uchun Unga nisbatan „Vohid“ yaʼni „bir“ deb aytish mumkin. Shunga ko‘ra, Alloh Hayy, Olim va Qodirdir; faqat Zotdan boshqa tushuncha yaʼni, sifat bo‘lgan Hayot, Ilm va Qudrat Unga nisbat etilmaydi. Boshqa barcha ilohiy ismlarda ham xuddi shunday. Alloh bor bo‘lishini bilgan barcha borliqlarni yaratishga qodirdir. Ammo Alloh haqida „U bor bo‘lmasligini bilgan narsalarni yaratishga qodirdir“ deyilmaydi. „Alloh binafsihi yoki bizotihi Olim, Qodir va Tirikdir“ deguvchilarni rad etgan Abbod ibn Sulaymon, Allohga nisbatan nafs va zot kalimalarining qo‘llanilishiga qatʼiy qarshi chiqqan. Abbod ibn Sulaymon „Allohning yuzi, qo‘llari, ko‘zlari va yoni (vajh, yad, ayn, janb) bordir“ deguvchilarni ham rad etib, bu kabi tashbehni ifodalagan sifatlarni o‘z ichiga olgan oyatlarni faqat Qur’on oyatlari o‘laroq qiroat etish mumkinligi, ularning tafsir va taʼvil qilinadigan maʼnosi yo‘qligini ilgari suradi. Unga ko‘ra, yaratuvchi va rizq beruvchi (Xoliq, Roziq) kabi feʼliy sifatlarning qadiym yoki hodis bo‘lgani haqida ham biror hukm chiqarish noto‘g‘ri. Abbod ibn Sulaymon iymon, kufr, sharrni va insonlarning nazdida yomon sanalgan narsalarda Allohning yaratish kuchi mavjud emasligini daʼvo qilgan. Shuningdek, u Allohning oxiratda bandasiga beradigan savob evaziga bu dunyoda azob berishini yaxshi feʼl deb hisoblash mumkin deydi. Unga ko‘ra, nubuvvat, qilgan amallari uchun payg‘ambarlarga berilgan mukofotdir. Hissiy moʻjizalar payg‘ambarlikning dalili bo‘lolmaydi. Chunki asoning ilonga aylanishi, oyning ikkiga bo‘linishi arazdir. Arazlar esa bu mavzuda dalil bo‘lolmaydi. Gunoh ish qilgan kishi tavba qilsa ham, qilgan gunohining jazosidan qutula olmaydi.
Asarlari
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org