Abadiy dvigatel




Abadiy dvigatel (lot. Perpetuum mobile) — bir marta harakatga solib yuborilgandan keyin cheksiz uzoq vaqt o‘z-o‘zidan ish bajara oladi, deb faraz qilingan mashina. Energiyaning saqlanish qonuni kashf etilmasdan oldin asrlar davomida odamlar sarflangan energiyadan ko‘proq ish bajarishga imkon beradigan mashinani yaratishga urinib keldilar. Bunday mashinaga hatto «A.d.» deb nom ham berilgan. A.d. ning turli-tuman loyihalari taklif qilingan, lekin A.d. qurish mumkin ekanligini tabiatning asosiy qonunlari uzil-kesil inkor qiladi. Tashqaridan energiya olmay, o‘zo‘zidan ish bajara oluvchi mashina shartli ravishda birinchi tur A.d. deyiladi. Energiyaning saqlanish va bir turdan ikkinchi turga aylanish qonuniga asosan har qanday ish faqat energiya hisobiga bajariladi. Shuning uchun bunday A.d.ning bo‘lishi mumkin emas. Taklif qilingan ko‘pchilik A.d. loyihalarida og‘irlik kuchi ta’siriga umid qilinadi. Shunday loyiqalardan biri rasmda ko‘rsatilgan. Unda zalvar massa (zoldir) berk yo‘lda harakatlanadi. Bunda zoldir pastga tushganda uni yukrriga ko‘tarish uchun sarflangan ish miqdoriga teng ish qaytadi. Shuning uchun bunday mexanizm sarflangan dastlabki energiya zaxirasi hisobiga ishlaydi. Bu zaxira tugagach, mexanizm ham to‘xtaydi.


Jismni sovita borib, uning issiqligini to‘la-to‘kis ishga aylantiruvchi mashina (issiqlik mashinasi) shartli ravishda ikkinchi tur A.d. deyiladi. Bundam A.d. energiyaning saqlanish va bir turdan ikkinchi turga aylanish qonuniga zid kelmaydi. Lekin biror manba (mas, okeanlar, atmosfera) dagi issiqlikni butunlay ishga aylantiruvchi tabiiy jarayon mavjud emas. Shuning uchun termodinamikaning ikkinchi qonuniga asosan bunday A.d. ham bo‘lishi mumkin emas. A.d. larni yasash mumkin emasligi materiya va harakatning haqiqatan abadiy ekanligidan, tabiat hodisalarining muayyan qonunlar asosida rivojlanib turishidan darak beradi.

Manba



O'zMe. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
bir marta harakatga solib yuborilgandan keyin cheksiz uzoq vaqt o‘z-o‘zidan ish bajara oladi, deb faraz qilingan mashina

abadiy, dvigatel



Uzpedia.uz