Abad (Islom dinida)





Abad أبد[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abad (arabcha, so‘ngi yo‘q, mangulik, tasavvuf) — cheksizlik, davomiylik, nihoyasizlik, so‘ngi yo‘q zamon, biroq ibtidosi bor vaqt o‘lchovi. Abad azalning davomi. Azalning ibtidosi yo‘q, biroq intihosi bo‘lishi mumkin. Azal-abad esa, ibtidosi ham, intihosi ham yo‘q cheksizlikdan iborat. Abad istilohi diniy va dun­yoviy talqinda qo‘llaniladi. Dunyoviy talqinda vaqt yoki zamonning doimiyligi, cheksizligini anglatadi.



Ishlatilishi



Tasavvufiy maʼnoda abad shunday muddatki, uning nihoyasini inson aqli tasavvur qila olmaydi. Abad nihoyasizlikka qarab, yagona Yaratuvchining mavjud va doimo harakatda bo‘lishi, nihoyasiz mavjudlikdir. Ayni tushuntirish Sayyid Sharif Jurjoniyning "At-Ta’rӣfāt" asarida keladi. Eron tasavvuf olimi Sayyid Ja’far Sajjodiy „Irfoniy istilohlar va iboralar lug‘ati“da mazkur taʼrifni kengroq tushuntirgan. Ibn Sino zamonning cheksiz davomini abad deb anglatgan bo‘lsa, al-Kindiy asarlarida o‘zining davom etishi uchun boshqaga muhtoj bo‘lmagan va borlig‘i sababga bog‘lanmagan doimiylik, deb taʼriflangan. At-Tusiyning talqiniga ko‘ra, abad Allohdan boshqa narsa va hodisalarga ham qo‘llanishi mumkin, biroq abad va azal deb Allohdan boshqalarga nisbat berilmaydi.


Abadga tasavvuf falsafasida Yaratuvchining sifatlari tarzida ham qaraladi. Qaysariy "Kashshāf istilāhāt al-funӯn" („Fan istilohlarining kashf etilishi“) asarida ushbu fikrni davom ettirib, abadning azaliyligi va azalning abadiyligini taʼriflaydi. Uningcha, azal va abad Allohning ikki sifati bo‘lib, uning mavjudligi zaruriyati (vojibul-mavjud) inson aqli orqali tushunilishi uchun zamonga nisbat berilgan. Navoiy asarlarida ham abad Allohning doimiy mavjudligi hamda nihoyasizlik, so‘nggi yo‘q zamon maʼnolarida qo‘llanilgan:


Zihi nihoyating oxir kelib abad avval,


Vale xabar bera olmay bidoyating‘a azal.


(Navoiy. Navodir ush-shabob. IV, 368-g‘azal)



Har kishiga umrida bu nav’ bir


                               kun bersa dast,


To abad g‘am yo‘q agar bo‘lsa


                               yana yo bo‘lmasa.


(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 24-g‘azal)



Hayotingiz zuloli abadg‘a degin­cha joriy va davlatingiz quyoshi qiyomatg‘acha zavol kasofatidin oriy bo‘lsun, omin.


(Navoiy. Munshaot. 138-maktub)



~ nuqtasi - go‘zallikning doimiy va o‘zgarmas belgisi (ayrim hollarda yagona bir dona xol):


Ey safhai ruxsoring azal


                               xuttidin insho,


Debochai husnungda abad


                                nuqtasi tug‘ro.


(Navoiy. Gʻaroyib us-sig‘ar. III, 23-g‘azal)



~ umri — tuganmas, boqiy umr:


Ko‘yida o‘lsam, abad umricha bor


                               bu umr agar,


Qilmasa xorij tanimni,


                              itlariga sudratib.


(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 41-g‘azal)



Ey, Navoiy, gar nasibingdur


                                               abad umri kerak


Xotiringda yordin o‘zga


                               tamanno bo‘lmasa.


(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 15-g‘azal)



~ hayoti — tuganmas, mangu hayot:


Abad hayoti kabi vaslig‘a


                               yetishkuncha,


Firoq mahlakasi ichra umr


                               omon bermas.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz