Mil. avv. 1ming yillikda O‘rta Osiyoda zardushtiylik deb atalgan din keng tarqaladi. Bu din hali odamlar tabiatni ilohiylashtirgan kezlarda kurtak yoza boshlagan edi. Zardushtiylar olov, tuproq, suv va yulduzlarga sig‘inishgan, ularni muqaddas hisoblashgan.
«Zardushtiylik» so‘zi ham Zardusht (turli tillarda Zaratushtra, Zoroastr) ismidan kelib chiqqan. U mil. avv. 1-ming yillikning birinchi yarmida yashab o‘tgan tarixiy shaxs.
Keyinroq Yunonistonda Zardushtning ismi
«Zoroastr» shaklida jaranglaydi (yunoncha
«astron» – «yulduz»), negaki Yunonistonda uni birinchi galda donishmand, munajjim sifatida bilishgan.
Zardushtiylik paydo bo‘lishi haqida shunday bir afsona bor.
Bir kuni erta tongda Zardusht suv olish uchun daryo bo‘yiga boribdi. Zilol suvda u Ahuramazda elchilaridan birining siymosini ko‘rib qolibdi, siymo nur bilan qaysi tomonga borishga yo‘l ko‘rsatibdi.
Zardusht sehrli nur izidan ergashibdi, ko‘p o‘tmay oliy iloh Ahuramazda qarshisiga borib qolibdi. Ahuramazda xudosi uning ezgu amallari haqidagi bilimlarni tarqatish uchun Zardishtni tanlaganini ma’lum qilibdi.
Shu tarzda Zardusht 30 yoshida yangi diniy ta’limot payg‘ambariga aylangan. «Payg‘ambar» so‘zining o‘zi esa «ezgu amallar haqida xabar beruvchi» ma’nosini anglatadi.
Zardushtiylik tarqala boshlagan paytlarda ibodatxonalar va odam-
lar duo matnlarini o‘rganishi uchun maxsus kitoblar ham bo‘lmagan. Diniy marosimlar ochiq osmon ostida, gulxan yonida yoki uydagi o‘choq olovi atrofida o‘tkazilgan.
Avval turli qabilalarni istilochilarga qarshi kurashga birlashtirish uchun Zardusht ularni birlikka da’vat qilgan.
Zardushtning so‘nggi va’zlari din xizmatchilari – kohinlar tomonidan yozib olingan. Zardushtiylik kohinlari diniy matnlarni yod olib, dindorlarga o‘qib berishgan.
Zardushtning vafotidan keyin bir necha asrlar o‘tgach, barcha diniy marosimlar, madhiyalar va duolar zardushtiylar uchun muqaddas bo‘lgan bir kitobga jamlandi. Bu kitobning nomi «Avesto» bo‘lib, «qat’iy belgilangan qonun-qoidalar» degan ma’noni anglatadi.
«Avesto»ning ilk qismi mil. avv. IX – VIII asrlarda paydo bo‘lgan. Zardusht va’zlari matnlarining hammasi mil avv. III asrda 21 ta kitobda jamlangan, bu kitoblar «Avesto» asosini tashkil etgan edi. «Avesto» matnlariga sharh esa «Zand» deb yuritiladi.
Olimlarning izlanishlari tufayli bugungi kunda biz zardushtiylarning muqaddas kitobi
«Avesto» matnlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Fransuz olimi A.Dyuperron ilk marotaba «Avesto»ning alohida qismlarini tarjima qilgan.
Zardushtiylikning ehtiromga sazovor xudolari Ahuramazda, Mitra va Anaxitadir. Ahuramazda zardushtiylarning ulug‘ va donishmand
oliy xudosi hisoblanadi. Mitra – Quyosh va yorug‘lik xudosidir.
O‘tli chaqmoqlar yordamida u yovuzlik va o‘lim xudosi bo‘lmish Ahriman bilan jang qiladi. Anaxita zardushtiylikda hosildorlik va suv ilohasi hisoblangan. Zardushtiylik dini ta’limoti insoniyatning Ezgulik va Yovuzlik haqidagi qarashlari takomiliga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Zardushtiylar umrining tub ma’nosi ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amaldan iborat bo‘lgan. Insonning asosiy burchi eng avvalo adolatli turmush tarzi hisoblangan.
Zardushtiylar e’tiqodiga ko‘ra, yolg‘on so‘zlamaslik, aldamaslik, va’daga vafo qilish, faqat ezgu ishlarni amalga oshirish lozim edi.
Zardushtiylarda vafot etgan odamlarni dafn etish borasida alohida marosim yuzaga kelgan. Inson vafot etganida marhumning jasadini yerga ko‘mish ham, olovda kuydirish ham, suvga tashlab yuborish ham ta’qiqlangan.
Shu sababdan ham murdani yirtqich qushlar va hayvonlar yeb ketishi uchun jasadni toshli va qumli tepaliklarda qoldirishgan. Yomg‘irlarda yuvilgan va oftob qoqlagan suyaklarni maxsus sopol tobutchalar – ossuariylar (suyakdonlar)da dafn etishgan.
Bolqon yarimoroli va O‘rtayer dengizi orollaridagi qadimgi yunon davlatlarining umumiy
nomi Qadimgi Yunoniston deb atalgan. Shimol tarafidan tashqari, Qadimgi Yunonistonni O‘rtayer dengizi suvlari o‘rab turadi.
Yunoniston hududining uchdan bir qismini tog‘lar egallagan. Yunonistonning eng baland tog‘i Olimpdir. Bu tog‘ mamlakatning shimolisharqiy qismida joylashgan.
Serunum dalalar faqat vodiylarda bo‘lgan. Tog‘lar o‘t-o‘lanlar va butalar bilan qoplangan. Yunonistonning shimolida va Peloponnesda yunonlar uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan ninabargli o‘rmonlar o‘sgan. Yunonlar qadim zamonlardan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishgan.
Mil. avv. 2ming yillikda Janubiy Yunoniston va Krit orolida ilk shahar-
davlatlar vujudga kela boshladi (Knoss, Miken). Krit orolidagi sivilizatsiya afsonaviy podsho Minos nomi bilan Minoy sivilizatsiyasi deb atalgan. Mazkur sivilizatsiya kuchli zilzila va suv toshqiniga sabab bo‘lgan vulqon otilishi oqibatida vayron bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay qayta tiklangan.
Qit’adagi Yunoniston hududidan jangovar qabilalar bostirib kiradi, ularni axeylar deyishgan. Aynan axeylar Minoy sivilizatsiyasi barbod bo‘lishini nihoyasiga yetkazdilar. Doriylarning Janubiy Yunonistonga bostirib kirishi Miken davlatining tugatilishi va Sparta davlatining vujudga kelishiga olib keldi.
Egey dengizidagi ko‘p sonli katta-kichik orollar, qulay dengiz qirg‘oqlari va qo‘ltig‘lari yunonlar orasida
dengizchilik rivoj topishiga imkon yaratib berdi. Biroq yunonlarda katta kemalar bo‘lmagan, kichik eshkakli qayiqlarda esa sohildan yiroqqa suzib borish ancha xatarli bo‘lgan. Yunonlar adashib qolishdan xavfsirab, ko‘z ilg‘aydigan qisqa masofalarga – oroldan orolga yoki sohil yaqinida suzishgan. Tajribali dengizchilar esa yelkanlardan foydalanib, olis sayohatlarga – Misrga hamda O‘rtayer va Qora dengiz sohillaridagi shaharlarga suzib borishgan. Yunonlar odamlar yashaydigan hududlarni Oykumena deb atashgan.