Yunonlar Kichik Osiyoda joylashgan Troyaga mo‘l-ko‘l o‘lja ilinjida urush boshlaganlar.
Biroq yunon rivoyatlari boshqa bir sababni ham bayon qiladi. Eng chiroyli ayol Sparta podshosining rafiqasi Sohibjamol Yelena edi. Troya podshosining o‘g‘li Paris Sparta podshosinikiga keladi va Sohibjamol Yelenani Troyaga o‘g‘irlab ketadi. Voqeadan xabar topgan Sparta podshosi Parisdan qasos olishga ahd qiladi va barcha yunonlarni Troya bilan urushga chaqiradi. Yunonlar to‘qqiz yil Troyani behuda qamal qiladilar.
Qadimgi yunon shoiri Gomer «Iliada» va
«Odisseya» poemalarini yozdi. «Iliada» ana shu urushning oxirgi, o‘ninchi yili haqida hikoya qiladi. Odisseyning maslahati bilan yunonlar ayyorlikni ishga soladilar: ichi bo‘m-bo‘sh ulkan yog‘och ot yasashadi. Ana shu yog‘och ot ichiga yunon qo‘shinlarining bir qismi yashiringan, qo‘shinning boshqa bir qismi esa yaqindagi orollardan biriga o‘rnashib olgan edi. Troyaliklar yunonlar qamal qilishni to‘xtatishdi va Troya homiysi Afina Palladaga xush kelishi uchun bizga ot sovg‘a qilibdi, degan xulosaga kelib, yo‘g‘och otni shaharga olib kiradilar.
Kechasi otning ichidan chiqqan jangchilar darvozalarni ochadilar va Troya bosib olinadi. Hozirgi tillarda «Troya oti» iborasi xosiyatsiz sovg‘a-salom ma’nosini anglatadi.
«Iliada» dostonining bosh qahramoni Axillesdir. O‘g‘lining mangu barhayot bo‘lishini istagan ona chaqalog‘ini Stiks daryosiga botirib oladi. Ayni paytda Axillesning onasi ushlagan tovoniga suv tegmasdan qoladi. Janglardan birida Axilles tovoniga tekkan o‘qdan halok bo‘lgan. O‘sha kezlardan beri «Axilles tovoni» iborasi nozik joyni anglatadi.
Troya urushi nihoyasiga yetdi. Yunonlar Troyani taladilar va mo‘l-ko‘l o‘ljalar bilan uyga qaytmoqchi bo‘lishdi. Ular Egey dengizi orqali uzoq va xatarli yo‘llardan o‘tishlari kerak edi.
XIX asrning oxirida nemis olimi Genrix Shlimann Gomer hikoyalarini tadqiq qilib, Troya joylashgan yerni aniqladi. Olim Turkiyadagi Hisorlik tepaligi xarobalari hududida qazishma ishlarini boshlab yubordi va chindan ham Troya qoldiqlarini topdi.
Bundan ikki yarim ming yil muqaddam Yunonistonda teatr dunyoga keldi. «Teatr» so‘zi yunonchadan tarjima qilganda «tomoshalar joyi», «tomoshaxona» degan ma’nolarni anglatadi. Tomoshalar faqat bayramlarda uyushtirilgan. Erta tongdan boshlangan tomoshalar kun bo‘yi davom etardi. Tomoshabinlarga bir necha pyesalar namoyish etilardi.
Teatrga kirish uchun arzimagan tomosha haqi yig‘ilgan. Qashshoq fuqarolarga teatrga borishi uchun pul berilar edi.
Sahnada barcha rollarni faqat erkaklar ijro etishgan. Namoyish ishtirokchilari quvnoq, qayg‘uli va yovuz qiyofadagi turli niqoblardan foydalanganlar. Teatrlarda o‘zaro kurash namoyish etilgan, odatda qatnashuvchi kishilar halok bo‘lishi bilan tugaydigan pyesalar tragediya deyilgan. «Shoh Edip» va «Antigona» singari eng mashhur tragediyalarni Sofokl yozgan.
Ajoyib qochiriqlar, quvnoq sahnalar, nozik yumorga boy komediyalar esa inson nuqsonlari ustidan kuladi. Aristofan komediyalar ustasi edi.
Yunonlar nafaqat podsholar va zodagonlar uchun
saroylar, balki hamma
odamlar foydalanadigan jamoat binolarini ham barpo etishgan. Haykallar va boshqa haykaltaroshlik asarlari faqat saroy a’yonlari uylarini bezamasdan, ayni paytda shahar maydonlari, ibodatxonalar, hammaga ochiq tomoshabog‘lar va stadionlarni ham bezab turgan.
Ibodatxonalar va boshqa jamoat binolari toshdan barpo etilgan. Xususiy uylar esa g‘ishtdan va paxsadan qurilgan.
Yunon haykaltaroshlari o‘z xudolari hamda mashhur olimlari, Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari yoki jangda zafar quchgan qahramonlar sharafiga haykallar tiklashgan.
Eng buyuk yunon haykaltaroshlaridan biri Fidiy edi. U Afinada Parfenon barpo etilishi va Akropolning qayta qurilishiga boshchilik qilgan. Uning mashhur asari, Yer yuzidagi yetti mo‘jizaning biri hisoblangan olimpiyalik Zevs haykalidir. Arxitektor va haykaltarosh Dedal Minos degan podsho uchun mashhur Labirint saroyini barpo etgan.
Akropol markazida bunyod etilgan Parfenon Yunonistondagi eng a’lo marmar toshlardan qurilgan. Yorug‘lik tushishiga qarab u o‘z rangini oltin rangidan havorang yoki kulranggacha o‘zgartirib, tuslanib turgan.