Misr janubdan Nubiya bilan chegaradosh bo‘lgan. Bu mamlakatga misrliklar Nil bo‘ylab oltin, qatron, fil
suyagi, nodir navli yog‘ochlarni ayirboshlash uchun borganlar.
Misr g‘arbida, Liviya cho‘lida shu nomdagi mamlakat joylashgan edi. Sahro aholisi ko‘chmanchi chorvadorlar bo‘lgan. Quyi Misrdagi Memfis shahri orqali o‘tadigan yo‘l Sinay yarim oroliga olib borgan, bu yerda esa mis qazib olingan. Sinay yarimorolidan shimolroqda Falastin, uning yonboshida Suriya joylashgan. Bu mamlakatlar mis va temir rudasiga hamda boshqa foydali qazilmalarga boy bo‘lgan.
Misrliklar Falastin va Suriyadan hunarmandlar yasagan nodir buyumlar va qimmatbaho toshlarni olib kelishgan.
Qadimgi podsholik davrida Sinay yarimoroli bosib olinadi, mahalliy qabilalar
Misrga soliq to‘lay boshlashdi. Fir’avnlar Nu-
biya va Liviyaga ham yurish qilib, shaharlarni taladilar, asirlar, chorva mollari va boshqa boyliklarni egallab oldilar. O‘rta podsholik fir’avnlari Janubiy Falastin yerlari va Nubiya shimolini Misrga qo‘shib olishga erishdilar.
Mil. avv. XVIII asr oxirida ko‘chmanchi giksoslar qabilalari Misrga hujum qildi. Misrliklarning piyoda qo‘shinlaridan farqli o‘laroq giksoslarning asosiy kuchi otlar qo‘shilgan jangovar aravalari bo‘lgan. Bir askar otlarni boshqarib turgan, ikkinchisi esa kamondan dushmanlarni nishonga olib o‘q uzgan. Quyi Misrni bo-
sib olgan giksoslar misrliklarning shahar va qishloqlariga hujum qildi, ularni ayovsiz taladi va odamlarni asirlikka haydab ketdi.
Bu vaqtda O‘rta podsholik ko‘plab mayda
«nom»larga bo‘linib ketgandi, ular giksoslarga soliq to‘lardi. Faqat Fiva shahri hukmdorlarigina giksoslarga itoat qilmadilar.
Bosqinchilar zulmidan xalos bo‘lish taraddudiga tushib qolgan «nom»lar hukmdorlari Fiva shahri atrofiga birlasha boshladilar.
Bir qancha janglarda Fiva «nom»ining fir’avni Yaxmos giksoslarni tor-mor etib, bosqinchilarni Misrdan haydab chiqardi. Itoatsiz hukmdorlarni o‘ziga bo‘ysundirgan Yaxmos yangi fir’avnlar sulolasi asoschisiga aylandi, ana shu fir’avn zamonidan Yangi podsholik davri boshlandi. Yangi podsholik hukmdorlari qo‘shni davlatlar bilan kurashni endi bosqinchi
sifatida davom ettirishdi. Fir’avnlar Nubiya va Old Osiyo mamlakatlariga hujumni boshlab yubordilar.
Fir’avn Tutmos II Falastin, Finikiya va Suriyani istilo qilishni boshladi. Undan keyin fir’avn Tutmos III yurishlarni davom etdi. Old Osiyoda misrliklar hukmronligi o‘rnatildi.
Bo‘ysundirilgan xalqlar misrliklardan nafratlanib, o‘z erk va ozodliklari uchun kurashganlar. Misr fir’avnlari bir necha yil mahalliy qabilalar bilan urushdilar. Bu fir’avnlar sillasini quritdi, davlat zaiflashib qoldi, Yangi podsholik ham alohida «nom»larga tarqalib ketdi.