Hindiston mamlakati shu nomdagi yarimorol ham-
da Osiyo qit’asining Hind va Gang daryolari vodiylarining bir qismini egallagan. Iqlimining issiqligi va keng yoyilib oqadigan daryolar suv bilan birga serunum loyqani oqizib kelishi dehqonchilik vujudga kelishi va rivoj topishi uchun imkoniyat yaratdi. Himolay tog‘lari shimolisharqdan dushmanlar va sovuq shamollar tajovuzidan o‘ziga xos tabiiy «mudofaa devori» bo‘lib xizmat qilgan.
Gang vodiysidagi tropik o‘rmonlar ulkan daraxtlar va rang-barang o‘simliklarga boy bo‘lgan. Mil. avv. 3-ming yillikda Hind daryosi vodiysida katta shaharlar vujudga kela boshladi.
Moxenjodaro va Xarappa
shaharlari Hind daryosi havzasining eng yirik shaharlari
edi. Ikkala shahar ham mustahkam mudofaa devorlari bilan himoyalangan. Ko‘chalar bilan biri-biridan ajratilgan mavzelardan pishiq va xom g‘ishtdan qurilgan binolar (turar joylar, omborxonalar, saroy va ibodatxonalar) topilgan. Katta va chiroyli shahar – Moxenjodaroda mohir hunarmandlar ko‘p bo‘lgan.
Aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik edi. Dehqonlar shakarqamish, paxta o‘simliklarini yetishtirganlar, fillarni qo‘lga o‘rgatganlar. Biroq miloddan avvalgi XVIII asrdan Hind daryosi vodiysi shaharlari tez-tez ro‘y beruvchi toshqinlar, o‘rmonlar va changalzorlar kengayishi natijasida zavolga yuz tutib, butunlay vayronaga aylanadi.
Qadimgi hindlar xuddi misrliklar va bobilliklar singari tabiatning ko‘pdan ko‘p hodisalari qarshisida ojiz edilar: tropik jalalar, suv toshqinlari qurg‘oqchilikdan qo‘rqardilar.
Qadimgi hind rivoyatlarida aytilishicha, Quyosh xudosi har tongda oltin aravada osmon bo‘ylab yo‘lga tushadi. Quyosh tungi zulmatni parokanda qilib tashlab, odamlarga harorat va yorug‘lik ulashish niyatida ufqdan bosh ko‘taradi. Momaqaldiroq xudosi Indra osmondagi suvni tutqunlikdan xalos etgach, Yer yuzida qurg‘oqchilik poyoniga yetibdi.
Hindlar ayrim xudolarni yovvoyi hayvonlar timsolida tasavvur etishgan. Masalan, ular sig‘ingan xudolardan biri, boshi filnikiga o‘xshagan donishmandlik xudosi Ganesha bo‘lgan. Sigir hindlar orasida muqaddas hayvon hisoblanib, sigirni o‘ldirish taqiqlangan.
Hindlar jon bir tanadan boshqasiga ko‘chib o‘tishiga e’tiqod qilishgan. Ular vafot etganidan keyin odam butunlay o‘lmaydi, balki boshqa bir mavjudotga aylanib, o‘z tashqi qiyofasini o‘zgartiradi, hayvonga, qumursqaga va o‘simlikka aylanadi, deb hisoblashgan.
Qadimgi hindlar qanday yumushlar bilan shug‘ullanishiga
qarab to‘rt guruhga ajratilgan edi. Bu tabaqalar kasta yoki varna deb atalgan, jumladan: kohinlar – braxmanlar (hind ruhoniylari), jangchilar – kshatriylar, dehqon, hunarmand va savdogarlar – vayshilar, xizmatkorlar va qullar – shudralardan iborat bo‘lgan.
Hindlarning e’tiqodicha, tabaqalardan har birini oliy xudo Braxma o‘z jismining qaysidir bir qismidan dunyoga keltirgan ekan.
Masalan, kohinlar uning og‘zidan chiqqan, jangchilar qo‘llaridan, dehqonlar qovurg‘asidan, xizmatkorlar esa Braxmaning tovonidan yaratilgan, deb hisoblangan. Bolalar hamisha ota-onalari tabaqasiga mansub deb topilgan. Bir tabaqadan boshqasiga o‘tishning ham iloji bo‘lmagan. Turli kastalarga mansub odamlar o‘rtasida nikohga ham yo‘l qo‘yilmagan.
Tabaqalardan birortasiga ham mansub bo‘lmaganlarni esa «chandal», ya’ni «hazar qilinadiganlar» deyishgan. «Chandallar» kastalarga mansub odamlar bilan birga bir uyda yashay olmasdi, ular bilan bir dasturxonga o‘tirish taqiqlangan.