Piramidalar va daxmalar




Qadimgi va O‘rta podsholiklar davrida misrliklar
barpo etgan ulkan piramidalar, (fir’avnlar dafn etiladigan joy) – maqbaralar bo‘lgan. O‘tgan ming yilliklar davomida ko‘pdan ko‘p shaharlar va davlatlar yo‘q bo‘lib ketdi, ibodatxonalar va saroylar xarobaga aylandi. Faqat piramidalar vaqtdan qo‘rqmaydi. Faqat piramidalargina to‘rt ming yildan oshiq vaqt davomida o‘zgarmasdan turibdi.

Eng mashhur piramidalar Memfis shahri yaqinida uch fir’avn – Xufu, Xafra va Menkaura uchun bunyod etilgan. Bu piramidalar jahonning yetti mo‘jizasidan biri bo‘lib, ular hozirga qadar saqlanib qolgan birdanbir inshootlardir. Eng katta piramida Xufu uchun (yunonlar uni Xeops deb atashgan) mil. avv. 2600-yil atrofida qurilgan. Uning balandligi 147 metr bo‘lgan. Piramidalar qurilishi uchun toshlar Nil daryosining o‘ng sohilidagi yassi tog‘lardan olib kelingan.

Piramida har biri ikki tonnadan og‘irroq bo‘lgan 2,5 million dona tosh bo‘laklaridan tashkil topgan.
Piramida ichida dahliz bilan tutashtirilgan bir qancha xonalardan iborat bo‘lgan. Ulardan birida fir’avnning mumiyolangan jasadi solingan toshtobut – sarkofag joylashgan.

Daxmalar ichi devorlari esa munojotlar va qarg‘ishlardan iborat bitiklar bilan qoplangan. Ular fir’avnni himoya qilishi va o‘zga hayotga o‘tayotganida unga yordam berishi nazarda tutilgan.
Piramidalarni sfinks – tanasi sherniki va boshi odamniki bo‘lgan ulkan haykal qo‘riqlaydi.
«Sahro shohi» – sfinks haykali toshdan ishlangan bo‘lib, uning balandligi 20 metrga teng.
Yangi podsholik davriga kelib ehrom qurmay qo‘yishdi. Fir’avnlarni tog‘larga o‘yilgan tosh maqbaralarga dafn etadigan bo‘lishdi. Eng mashhur maqbara fir’avn Tutanxamonga tegishli bo‘lgan. Maqbara ichidagi tasavvurga sig‘maydigan boyliklar bizga qadar yetib kelgan.

Qadimgi misrliklar inson vafot etganidan keyin marhumlar saltanatiga ketadi, o‘sha yerda umrini davom ettiradi, deb hisoblashgan. Ammo marhumlar saltanatidagi hayot, misrliklar fikricha, Osiris sudining natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Tarozining bir pallasiga marhumning yuragi, boshqasiga esa qush patlari qo‘yiladi. Mabodo tarozi pallalari tenglashsa, demak inson bu dunyodagi hayotida faqat ezgu ishlar qilgan bo‘ladi, u vafot etganidan keyin ajoyib bir sharoitda umrini davom ettiradi. Yurak og‘irroq kelsa, inson bir talay yomon ishlarni qilgan bo‘lib chiqadi va badbashara maxluqlarga yemish bo‘ladi.
Osiris qarshisida go‘zal qiyofada qad rostlash uchun misrliklar inson jasadini mumiyolashgan. Mumiyolash bilan tibbiy bilimlarga ega kohinlar shug‘ullanishgan.

Odatda mumiyolash qariyb 70 kun davom etgan. Jasadga maxsus ishlov berilganidan keyin ko‘pdan-ko‘p matolar bilan o‘rab chirmashgan, qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezashgan. Matolar qati orasiga omad keltiruvchi tumorlar qo‘yilgan. Mumiyolash faqat marhumning izida qolgan boy-badavlat qarindoshlarga nasib etgan.


Tarix 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz