O‘zbekiston hududidagi ilk davlatlar




Yozma manbalarning guvohlik berishicha, mil. avv. VII-VI asrlarda O‘zbekiston hamda qo‘shni hududlarda so‘g‘diylar, baqtriyaliklar, xorazmliklar hamda sak va massaget gabilalari yashaganlar.
Zarafshon va Qashqadaryo vohasida dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab aholi istiqomat qilgan. Yunon yozma manbalarida bu hudud So‘g‘diyona deb nomlangan. Mazkur hududda yashaydigan aholi so‘g‘diylar deb atalgan.
Amudaryoning quyi oqimida yashagan o‘troq dehqon elatlari xorazmliklar bo‘lgan. Ularning yurti yunon manbalarida Xorasmiya deyilgan.

So‘g‘diylarning eng yaqin qo‘shnilari baqtriyaliklar bo‘lib, ular Surxon vohasi, Afg‘onistonning shimoliy, Tojikistonning janubiy hududlarida joylashgan. Yunon-rim mualliflari u yerlarni Baqtriana yoki Baqtriya deb ataganlar.
Cho‘llar va Amudaryo (daryoning qadimgi nomi Oks) bo‘ylarida ko‘chmanchi massaget qabilalari yashagan. O‘rta Osiyoning tog‘lik, dasht va cho‘l yerlarida asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lgan saklar istiqomat qilishgan. Qadimgi yunon-rim tarixchilarining yozishlaricha, saklar uch guruhga bo‘lingan. Ularning ko‘pchilik qismi saka-tigraxauda, ya’ni o‘tkir uchli kigiz qalpoq kiyib yuruvchi saklar deb atalgan. Ular hozirgi Toshkent viloyati va Janubiy Qozog‘iston yerlarida yashaganlar.

Ikkinchi guruhi saka-tiay-taradarayya, ya’ni daryoning narigi tomonida yashovchi saklar deb atalgan. Ular Orol dengizi bo‘ylarida, Sirdaryoning (qadimgi nomi Yaksart) quyi oqimida yashaganlar.
Pomirning tog‘li tumanlarida va Farg‘onada saka-xaumovarka deb ataluvchi ya’ni muqaddas ichimlikka sig‘inuvchi saklar yashagan.

Bu davrlarda Xorazm, So‘g‘d va Baqtriya aholisining asosiy mashg‘uloti sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik bo‘lgan. Hunarmandchilik va savdo-sotiq ham ancha rivoj topqan. Manzilgohlardan yuqori sifatli kulolchilik idishlari, temir va bronza buyumlar topilgan.

Ko‘chmanchi sak va massaget qabilalarining asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lib, ular tuya, ot, qo‘y va echkilarni boqqanlar.
Chorvadorlar hayvon terisidan poyabzal, kiyimlar, chodirlar tikib, g‘alla va mevaga ayirboshlaganlar. Hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi natijasida mil. avv. VII-VI asrlarda qadimgi shaharlar rivojlangan. Ular hunarmandchilik ishlab chiqarishi va savdo markazlari edi.

Qadimshunoslar Afrosiyob (Samarqand), Yerqo‘rg‘on va Uzunqir (Qashqadaryo vohasi), Ko‘zaliqir (Xorazm), Qiziltepa (Surxondaryo vohasi) kabi qadimiy shaharlarni o‘rganishgan. O‘zbekistonning bunday qadimiy shaharlari qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan?
Qadimgi shaharlar mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shaharda hokim yashaydigan qal’a bo‘lgan. Qal’ada xom g‘ishtdan qurilgan katta saroy joylashgan. Devorning burjlari va o‘q otish uchun maxsus shinaklari ham bo‘lgan. Shahar ichkarisida turar joylar va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan.
Shaharlarning bir guruhi savdo va hunarmandchilik markazlari bo‘lsa, boshqalari alohida tuman va viloyatlar markazlari hisoblangan.

Mil. avv. VII asrda tashkil topgan Qadimiy Baqtriya davlati O‘rta Osiyo asrlar hududidagi qadimgi davlatlardan biri sanaladi. Marg‘iyona va So‘g‘d Baqtriyaning siyosiy va madaniy ta’sirida bo‘lgan.
Mazkur davrda Surxondaryo, Qashqadaryo, Zarafshon vohalarida gadimgi shaharlar rivojlangan. Qiziltepa, Uzunqir, Yerqo‘rg‘on va Afrosiyob o‘rnida Baqtriya va So‘g‘dning markaziy shaharlari joylashgan.

Bu qadimgi shaharlarning yoshi 2700 yildan kam emas.
Yana bir qadimiy davlat Xorazm hududida tashkil topgan. Bu davlat Xorazmdan tashqarida bo‘lgan yerlarni ham birlashtirgan. Qadimgi Xorazm vohasi markazlaridan biri Ko‘zaliqir qal‘asi edi.
U qalin va mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Vohaning aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan. Qadimgi Xorazmda hunarmandchilik, binokorlik va savdo-sotiq yuksak darajada rivojlangan.
Mahalliy kulolchilik, qurolsozlik, zargarlik buyumlarining dovrug‘i o‘zga yurtlarga ham tarqalgan edi. Xorazmliklar mohir quruvchi va hunarmand bo‘lganlar.


Tarix 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz