Kir II O‘rta Osiyo hududini bosib olishga harakat qilib ko‘rgan dastlabki fors podshosi bo‘lgan. U Parfiya,
Marg‘iyona va Baqtriyani bosib oldi. Mil. avv. 530-yilda Kir II ulkan lashkar bilan massagetlar ustiga yurish qildi.
Bu yurish to‘g‘risida «tarix otasi» Gerodot hikoya qilib bergan. Forslar massagetlar hududiga bostirib kirganlarida ularning malikasi To‘maris bosqinchilarga tinch-omon qaytib ketishni taklif qiladi. Ammo fors shohi bu taklifni rad etadi va Amudaryodan kechib o‘tishni boshlash to‘g‘risida farmon beradi.
Gerodot massagetlarning asosiy kuchlari bilan forslarning jangi to‘g‘risida shunday hikoya qiladi: «Bu jang... barcha janglardan ham dahshatliroq edi. Avval har ikki dushman kuchlar bir-biriga qarshi jangovar saf tizishib, kamondan o‘q yog‘dirishdi. O‘qlari tugagach, qo‘llariga xanjar va nayzalar olib, dushmanga qarshi tashlandilar. Jang uzoq davom etdi. Hech kim chekinishni xayoliga keltirmasdi. Ko‘p qon to‘kildi. Nihoyat, massagetlarning qo‘li baland keldi. Fors qo‘shinlarining ko‘pchiligi qirildi. Jang maydonida Kir II ning o‘zi ham halok bo‘ldi».
Doro I hukmronligining birinchi yili Marg‘iyonada fors istilochilariga qarshi yirik xalq qo‘zg‘oloni ko‘tarildi.
Qo‘zg‘olonga Frada rahbarlik qiladi. Qo‘zg‘olonchilar bilan fors qo‘shinlari o‘rtasida hal qiluvchi jang mil. avv. 522-yilda bo‘ladi. Fradaning o‘zi asirlikka olinadi va qatl etiladi. Bu voqea haqidagi ma’lumotlar Behistun qoyatosh yozuvlarida qayd etilgan.
Doro I hukmronligining uchinchi yilida saklar ustiga yurish qiladi. Bu yurish haqida ham Behistun bitiklarida shunday deyilgan: «Shoh Doro ayturki: keyin qo‘shin bilan saklar mamlakatiga yurish qildim. Keyin uchi o‘tkir kuloh kiyib yuruvchi saklar jangga kirdilar. Men daryodan o‘tgach, saklarni tamoman tor-mor keltirdim, qolgan qismini asirga oldim... Ularning Skunxa degan sardorini qo‘lga tushirib, huzurimga keltirdilar. Shunda men ularga boshqa bir sardor tayinladim. Men shunday bo‘lishini xohladim. So‘ngra bu mamlakat menga tobe bo‘ldi».
Ayni paytda bu yurish haqida tarixchi Poliyen (miloddan avvalgi II asr) keltirgan boshqa bir rivoyat ham mavjud. Saklar rivoyatiga asoslanib, unda hikoya qilinishicha, forslarning qoshiga sak qabilasidan bo‘lgan cho‘pon Shiroq keladi, u fors qo‘shinlarini o‘zidan boshqa hech kim bilmaydigan so‘qmoq bilan saklarning orqa tomoniga boshlab borishini aytadi. Suvsiz cho‘lu-biyobon bo‘ylab yetti kun yo‘l bosishgach, tashnalikdan do‘zax azobini chekayotgan forslar o‘zlarining aldanganliklarini sezib qoladilar. Forslar jasur cho‘ponni o‘ldiradilar, Doro I ning saklar ustiga yurishi muvaffaqiyatsiz tugaydi.
Bosib olingan mamlakatlarni itoatda tutmoq uchun ahamoniylar yagona davlatni alohida viloyat – satrapliklarga bo‘lib tashladilar. Bu so‘z forscha «xshatra» – «viloyat» so‘zidan kelib chiqqan. Viloyat boshlig‘i – satrapga cheklanmagan hokimiyat berilgan edi. Satraplarning ko‘pchiligi ahamoniylar sulolasining vakillari bo‘lgan.
O‘rta Osiyoning forslar bosib olgan viloyatlari uch satraplikka bo‘linadi. Har bir satraplik yillik soliq to‘lagan. Bundan tashqari, qaram xalqlar saroy va ibodatxonalar qurilishiga ham safarbar etilgan. Soliqni kumush, chorva mollari (otlar, tuyalar, qo‘ylar), hunarmandchilik buyumlari (sopol idishlar, qurol-yarog‘, zeb-ziynatlar), kiyim-kechak va hayvonlar terisi bilan to‘lashgan.
Doro I va uning vorisi Kserks hukmronligi davrida bosib olingan viloyatlardagi O‘rta Osiyo xalqlari yunon-fors urushlarida ham qatnashganlar. Mashhur Marafon jangida (mil. avv. 490-yil) fors qo‘shinlari markazida bo‘lgan saklar muvaffaqiyatli urushgan.
Gerodot Kserks boshchiligida yunonlar ustiga yurish qilgan o‘rtaosiyolik jangchilar qurol-yarog‘larini mufassal tasvirlagan. Baqtriyaliklar kamon va nayzalar bilan, saklar xanjar va jangovar boltalar bilan, xorazmiylar va so‘g‘diylar baqtriyaliklarniki kabi qurol-aslahalari bilan jangga kirishgan. Sak va baqtriya suvoriylari Kserks qo‘shinidagi eng yaxshi jangchilardan hisoblangan.
Mil. avv. VI – IV asrlarda madaniyatning rivojlanishi yozma va arxeologik manbalar asosida o‘rganilgan. Ular O‘rta Osiyo xalqlarining hunarmandchilik, zargarlik, tikuvchilik, kulolchilik va binokorlik sohalarida yuksak darajaga erishganligidan dalolat beradi.
O‘lkamizda Qiziltepa, Uzunqir, Yerqo‘rg‘on, Afrosiyob va boshqa shu kabi yirik qadimiy shahar-qal’alar rivojlangan.
Yozma manbalarda oltin, kumush, la’l, firuza ma’danlari qazib olingani, hunarmandchilik rivojlangani, O‘rta Osiyoning Sharq mamlakatlari bilan bog‘langan qadimiy karvon yo‘llarida olib borilgan savdo-sotiq ishlari to‘g‘risida xabar beriladi.
Mil. avv. V-IV asrlarda O‘rta Osiyo hududida dastlabki tanga pullar tarqalgan. Zargarlik san’atining yuksak darajada rivoj topganiga bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanayotgan, 1877-yilda Amudaryo xazinasidan topilgan oltin va kumush buyumlar yorqin misol bo‘la oladi.
Har bir shaharda ichki qal’a bo‘lgan. Shaharlarning atrofini egallagan dehqon xo‘jaliklarida ota urug‘iga mansub katta-katta oilalar kun kechirishgan. Dehqonlar qo‘rg‘onlari uy-joy va xo‘jalik xonalaridan iborat bo‘lgan.
Arxeologlar shahar va uy – qo‘rg‘onlar atrofida dalalarga suv olib kelgan anhorlar va ariqlar izlarini topganlar.