Mil. avv. 246-yilda Xitoyni o‘z hokimiyati ostida birlashtirgan hukmdor Sin Shixuandi nomini qabul qilgan. Bu nom «Sinning birinchi hukmdori» degan ma’noni bildiradi. O‘z davlati hududini 36 viloyatga taqsimlagan hukmdor har biriga noiblarini rahbar etib tayinladi.
Sin Shixuandi hali tirikligidayoq o‘ziga atab maqbara qurishga farmon bergandi. Hashamati va bezaklari jihatidan bu maqbara Misr piramidalari bilan bellasha oladi. Maqbarani 720 ming odam 37 yil mobaynida bunyod etgan. Maqbara bir necha kvadrat kilometr maydonga joylashgan. Sin Shixuandi qabridan hukmdorni «qo‘riqlash» uchun o‘rnatilgan 6 mingta sopol askarlar haykallari topilgan.
Sin Shixuandi o‘z davlatini ko‘chmanchi xunnlarning hujumlaridan himoya qilish uchun Shimoliy Xitoy bo‘ylab qurilgan mudofaa devorini yanada mustahkamlashni buyurgan. Devorni qurish ishlari dastlab mil. avvalgi IV asrda boshlangan. Bu devor tarixda Buyuk Xitoy devori deb atalgan. Uning balandligi 6-10 metr, qalinligi 5-8 metr, uzunligi esa qariyb 4000 kilometrni tashkil etadi. U qadim zamonlarda dushman qo‘shinlari uchun jiddiy to‘siq bo‘lib xizmat qilgan: otliq qo‘shinlar undan oshib o‘ta olmas, qal’alarni hujum bilan zabt etishni esa ko‘chmanchilar hali uddalay olishmasdi.
Podsho va amaldorlar devor qurilishida minglab dehqonlarni majburan ishlatganlar. Mil. avv. 206-yilda Sin sulolasiga qarshi dehqonlar qo‘zg‘oloniga Lyu Ban boshchilik qilgan. Qo‘zg‘olonchilar poytaxtni egallab oladilar. Shu tariqa Sin podsholigi tugatildi va Xan sulolasi hukmronligida yangi davlat barpo etildi. Bu sulola davlati U-Di hukmronligi davrida eng qudratli davlatga aylandi.
Sharqning boshqa davlatlaridagi kabi Xitoyda ham mavjud yerlar hukmdorniki hisoblangan, aholi soliqlar to‘lab, turli mehnat majburiyatlarini bajarishgan. Og‘ir mehnat evaziga yetishtirilgan hosil ko‘pincha dehqonning o‘ziga nasib etavermasdi.
Jabr-zulm hamisha xalqning noroziligini kuchaytirib yuboradi. Davlatning turli joylarida qo‘zg‘olonlar boshlanib ketadi. Ulardan biri milodning boshlarida «qizil qoshlilar» qo‘zg‘oloni nomini olgandi, chunki qo‘zg‘olon ko‘targanlar o‘z odamlarini chalkashtirib qo‘ymaslik uchun qoshlarini qizil rangga bo‘yab olgan edilar.
«Sariq ro‘mollilar» qo‘zg‘oloni II asrdagi eng yirik isyon bo‘ldi. Qo‘zg‘olon butun mamlakatni qamrab oldi. Faqat hukmdorning yaxshi qurollangan va harbiy ta’lim ko‘rgan qo‘shinlarigina uni bostirishning uddasidan chiqishdi. Xunnlar hujumlari kuchayishi bilan davlat ham zaiflashdi. Milodiy III asrda Xan davlati uchta podsholikka parchalanib ketdi.
Qadimgi Xitoyda o‘ziga xos yuksak madaniyat yaratilgan. Mahalliy aholining kundalik hayoti ziroatchilik, hunarmandchilik, binokorlik va boshqa sohalar bilan bog‘liq bo‘lib, ilmiy bilimlarning rivojlanishini taqozo etgan.
Shu tariqa matematika, astronomiya va geografiya fanlari rivoj topgan. Shuningdek, qadimiy xitoyliklar me’morchilik va haykaltaroshilik sohalarida katta yutuqlarga erishganlar. Qadimgi Xitoyda so‘z va jumlalarni ifodalagan iyeroglif yozuvi mavjud bo‘lgan. Avvaliga xitoyliklar bambuk taxtachalarga yozishgan.
Bundan 2,5 ming yil muqaddam yozuv uchun bambuk o‘rnida shoyidan foydalanishga o‘tildi. Shoyi matolariga mo‘yqalam bilan yozilgan. Endi kitob uzun shoyi parchasiga o‘xshar va tayoqchaga o‘ralardi. Mil. avv. I asrda esa qog‘oz ixtiro qilindi.
Xitoyliklarning eng ajoyib ixtirolaridan biri kompas bo‘lgan. U magnitlangan temirdan yasalgan uzun dastali katta qoshiqni eslatar edi. Bu moslamani kataklarga ajratilgan zarhallangan yog‘ochga o‘rnatishgan, uning dastasi esa hamma vaqt janubni ko‘rsatgan.
Xitoyda zilzilani oldindan aniqlab beruvchi
seysmograf ham ixtiro qilingan.