Dajla va Frot daryolari oralig‘idagi vodiyni yunonlar Mesopotamiya deb nomlashgan, bu atamaning tarjimasi Ikki daryo oralig‘i degan ma’noni anglatadi. Odamlar Mesopotamiyaga qadim zamonlarda ko‘chib joylashganlar.
Mesopotamiyaga daryolarning toshqin suvlari turli tuproq va tog‘ jinslaridan iborat loyqalarni oqizib kelgan. Ular yerlarni o‘g‘itlagan. Shu sababli Mesopotamiya yerlari ishlov berish uchun qulay, serunum bo‘lgan. Qishda surunkali yomg‘ir va daryolar toshqini bo‘lib turgani sababli Mesopotamiyada jahondagi eng qadimiy rivoyatlardan biri – Yer yuzini butunlay suv bosishi to‘g‘risidagi To‘fon rivoyati dunyoga kelgan.
Mil. avv. 4 ming yillikda Mesopotamiyada shumerlar manzilgohlari vujudga kela boshladi. Ular Janubiy Mesopotamiyaga joylashib, bu yurtni Shumer deb ataydilar. Mamlakatning Akkad deb atalgan shimoliy qismiga chorvadorlar – akkadlar o‘rnashdi. Mesopotamiya aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lgan. Dajla va Frot daryolarining har yilgi toshqinlari mahalida suv bilan birga dalalarga unumdor loyqa oqib kelgan.
Mesopotamiyada yog‘och va metall singari xo‘jalik uchun zarur materiallar bo‘lmagan, ammo don mo‘l-ko‘l yetishtirilgan, chorva mollari ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun Mesopotamiya aholisi savdo-sotiq bilan ham shug‘ullanardi. Qo‘shni Kavkazorti va Eron o‘lkalaridan donga ayirboshlab oltin, mis, kumush, qalayi va noyob toshlarni keltirishardi.
Mesopotamiyada turli mahsulotlar va hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qilishgan. Metall buyumlar, zeb-ziynatlar, qurolyarog‘ va kulolchilik buyumlari ayniqsa qadrlangan. Savdo-sotiqda kumush quymasi pul o‘rnida ishlatilgan. Mesopotamiyadagi og‘irlik o‘lchovi «mino» 550 gramm kumushga barobar bo‘lgan.
Mil. avv. 4-ming yillikda shumerlar jahondagi eng qadimgi yozuvlardan biri mixxatni ixtiro qilishgan. Shumerlar uchi o‘tkirlangan tayoqchalar bilan loy taxtachalarga yozishgan. Shumerlar bilimdon, tajribali quruvchilar va hunarmandlar bo‘lishgan.
Vaqt o‘tishi bilan asta-sekin manzilgohlar nihoyatda kengayib ketdi. Mesopotamiyada Uruk, Umma, Lagash, Ur va boshqa shaharlar vujudga kela boshladi. Ular shahar va unga tutash dehqonchilik tumanlaridan iborat bo‘lgan shahar-davlatlar edi. Har bir shaharning hukmdori oliy xudo – shahar homiysi hisoblangan.
Xudo nomidan kohinlar hukmronlik qilgan. Xudolar ibodatxonasi esa davlatdagi hokimiyat markazi bo‘lgan. Mesopotamiyaning qadimiy ibodatxonalari – zikkuratlar xom g‘ishtdan terib chiqilgan muhtasham zinapoyali inshoot bo‘lgan.
Quyosh xudosi Shamash alohida ehtiromga sazovor bo‘lgan iloh, oliy hakam hisoblanib, yovuz ishlari uchun odamlarni sud qilgan. Shuningdek, shumerliklar Oy xudosi Sina, suv xudosi Ea, hosildorlik va sevgi, urush va g‘alaba ilohasi Ishtarga sig‘inganlar.
Mesopotamiyaning katta yer-mulklari hukmdorlar va kohinlar qo‘l ostida bo‘lgan. Dalalarga qullar va erkin yollanma ishchilar ishlov berishgan. Shaharlar tevaragida istiqomat qiluvchi aholi kichik-kichik yer ulushlariga ega bo‘lgan. O‘z oilasini boqish uchun kambag‘allar podsho va ibodatxona mulklarida ishlaganlar.
Shumer shaharlari mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan edi. Shaharning bosh darvozasidan boshlangan ko‘chalar markaziy maydonga, ibodatxona va hukmdor saroyiga olib borgan. Qurilish tosh, xom va pishgan g‘isht bilan amalga oshirilgan.
Ibodatxonalar xudolar haykallari bilan hashamatli bezatilgan edi.
Urush paytida shahar aholisi sardorni saylagan. Bora-bora ularning nufuzi ortib, sardorlar muntazam hukmronlik qila boshladilar. Ularni podsholar deb atashgan. Podsho shahar-davlatni aslzodalar, kohinlar va harbiy qo‘shinlarga tayangan holda amaldorlar yordamida idora qilgan.
Mesopotamiya rivoyatlarining eng sevimli qahramoni Gilgamish Uruk shahri podshosi bo‘lgan. Uning hayoti keyinchalik ko‘plab afsonalarga aylangan.
Afsonada aytilishicha, Gilgamish dunyoga kelgandan keyin, mamlakat hukmdori bo‘lmish bobosi nevarasi undan taxtni tortib olishidan vahimaga tushib, Gilgamishni jarga tashlab yuborishga farmoyish beradi.
Jarga uloqtirilgan Gilgamishni uchib ketayotgan burgut tutib olib, ko‘tarib ketadi va uni bir bog‘bonga eltib beradi. Bog‘bon Gilgamishni mehr bilan parvarishlab tarbiyalaydi. Balog‘atga yetgan Gilgamish bobosidan hokimiyatni tortib oladi va o‘zi Uruk shahrini boshqarishga kirishadi. Gilgamish Enkidu degan pahlavon bilan do‘st tutinadi. Ikkalasi bir bo‘lib yovuz maxluqotlarga qarshi kurashadilar, shu sababli ma’budlar Enkiduni jazolaydilar va u halok bo‘ladi.
Boqiy hayotga erishish uchun Gilgamish dengiz tubida o‘sadigan sehrli giyohni izlab topadi, uni o‘z xalqi bilan baham ko‘rishga qaror qiladi. Ammo iziga qaytayotganida bir ko‘lga cho‘milgani tushadi, bu paytda, gulning isini ilon sezib qoladi va mehrigiyoni o‘g‘irlab ketadi.
O‘shandan beri, afsonada aytilishicha, ilonlar har yili po‘stini tashlab yasharishar emish. Gilgamish esa jonajon shahri devorlari uni himoya etishini, ezgu ishlari uni umrboqiy qilishini tushunib yetadi.
Shahar-davlatlar bir-birlari bilan tinimsiz urishar edi. Ana shu urushlar natijasida Sargon I butun Mesopotamiya podshosi bo‘ladi. U mil. avv. 3-ming yillikning ikkinchi yarmida Akkad va Shumer shaharlarini o‘z hokimiyati ostida birlashtiradi.
Savdo-sotiqni rivojlantirish maqsadida Sargon I barcha shaharlar uchun yagona bo‘lgan uzunlik, maydon va og‘irlik o‘lchovini joriy etadi. U jahon tarixida birinchi bo‘lib muntazam qo‘shin tuzadi. Bu lashkar 5400 nafar jangchidan iborat bo‘lgan, keyinchalik esa ular Sargon I ga ko‘plab shaharlar va qo‘shni mamlakatlarni zabt etishga imkoniyat yaratgan katta qo‘shinning asosiy kuchiga aylangan.
Sargon I vafotidan keyin uning taxtiga o‘tirgan vorislariga mamlakatda alanga olib turgan qo‘zg‘olonlarni bostirishga to‘g‘ri keldi. Mil. avv. 2-ming yillikning boshlarida Shumer-Akkad davlati ko‘chmanchi qabilalar zarbasidan parchalanib ketdi.