Bobil podsholigi




Miloddan avvalgi II-ming yillikda Bobil podsholigi Mesopotamiya janubidagi eng yirik qudratli davlatga aylandi. Bobil qulay geografik o‘ringa ega bo‘lib, Frot va Dajla daryolarining o‘zanlari bir-biriga yaqinlashib ketadigan hududda joylashgandi. Kemalarda turli mahsulotlar bilan suzib kelgan savdogarlar bu shaharga qo‘nib o‘tishar. «Bobil» so‘zining o‘zi esa «xudolar darvozasi» degan ma’noni anglatadi. Bobil shahrida ajoyib saroylar, muhtasham ibodatxonalar bo‘lgan.
Bobilning bosh ko‘chasi g‘alaba ilohasi Ishtar darvozasidan boshlangan. Bobil davlatida dehqonchilik, hunarmandchilik va savdosotiq rivojlangan. Ammo o‘zaro urushlar ham bo‘lib turgan.
Mil. avv. XVIII asrda Bobil podshosi Xammurapi butun Mesopotamiyani yagona davlatga birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Xammurapi hukmronligi davrida Bobil eng qudratli davlatga aylanadi.

Xammurapi tarixda qonunlar tuzgan birinchi hukmdor sifatida nom qoldirgan. Uning qonunlari ilgari mavjud bo‘lgan barcha qonunlardan ustunlik qiladi. Xammurapi qonunlari hamma uchun – badavlat va qashshoq kishilar uchun birdek bo‘lgan. Qonunlarning matnlari mamlakatning barcha shaharlarida o‘rnatilgan tosh ustunlarga yozib qo‘yilardi.

Xammurapi qonunlari qat’iyligi bilan kishini lol qoldiradi. Xususan, shifokor amalga oshirgan jarrohlik muolajasi natijasida bemor bevaqt vafot etsa, shifokorning qo‘llari kesib tashlanishi shart bo‘lgan. Binokor qurgan uy to‘satdan qulab, biror kishini bosib qolsa, binokor qatl etilishi qayd qilingan. Yong‘in mahalida o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgan kimsa o‘sha zahoti olovga otilgan. Qulfbuzar o‘g‘ri ham qattiq jazoga mahkum etilgan.
Xammurapi qonunlari nomigagina podshoning qarori bo‘lmasdan, xudolar xohishirodasi sifatida talqin etilgan. Shuning uchun ham ularni so‘zsiz, og‘ishmasdan bajarish talab qilinardi. Xammurapi qonunlari talon-taroj va o‘g‘rilik kabi jinoyatlarni to‘xtatishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

Xammurapi vafotidan keyin tog‘lik kassitlar qabilalari shaharni bosib oladi. Ularning bosqini Bobilning inqiroziga sabab bo‘ladi. Inqiroz uzoq davom etadi va miloddan avvalgi VII asrda Yangi Bobil podsholigi vujudga kelgandagina, Bobil qayta yuksaladi.

Navuxodonosor II hukmronligi davrida Yangi Bobil podsholigi o‘z ravnaqining cho‘qqisiga erishadi. Bu hukmdor Misrni Yangi Bobil podsholigiga qo‘shib oladi, Iyerusalim (Quddus)ni vayron qilib tashlaydi, Bobilni esa mustahkam qal’aga aylantiradi. Navuxodonosor II turar joy binolari va mudofaa devorlari qurilishida pishgan g‘ishtdan foydalanish to‘g‘risida farmon beradi.

U hukmronlik qilgan davrda Bobil shahrining sakkizta darvozasi bo‘lgan, ulardan har biri mamlakat bosh xudolaridan birining nomi bilan atalgan. Ayniqsa, iloha Ishtar nomidagi darvoza chiroyli va nafis bo‘lib, afsonaviy hayvonlar tasviri tushirilgan koshin toshtaxtachalar bilan bezatilgan.
Qadimgi forslar lashkari mil. avv. 539-yilda Bobilga bostirib kiradi va shaharni zabt etadi. Shu paytdan boshlab Yangi Bobil podsholigi Fors davlati tarkibiga kiradi.


Shumer va Akkad Bobil madaniyatining eng qadimiy o‘choqlari edi. Jahondagi eng qadimiy yozuvlardan biri bo‘lmish Shumer mixxati dastavval «suv», «quyosh» va boshqa alohida so‘zlarni anglatgan rasmlardan iborat bo‘lgan. Hukmdorlar saroylari va ibodatxonalarda zodagonlar va badavlat odamlar oilalarining farzandlari ta’lim oladigan maktablar tashkil qilingandi. O‘quvchilar nam loy taxtachalarga suyak va yog‘ochdan yasalgan tayoqchalar bilan yozganlar.

Loy taxtachalar avval oftobda quritilgan, so‘ngra xumdonlarda pishirilgan. Bu taxtachalar ilk kitoblar bo‘lib, o‘quvchilar asotirlar va afsonalarni ko‘chirib yozishgan, o‘simliklar, qushlar, hayvonlar va qumursqalar nomlari qayd etilgan ro‘yxatlar tuzishgan. Loy taxtachalarda mamlakatlar va shahar nomlari ham sanab o‘tilgan.
Shumerlar sanoq tizimi, quyosh va oy taqvimlarini ham yaratdilar. Quyosh yili davomiyligi shumerliklar tomonidan 365 kun, oy yili esa 354 kun etib belgilangan. Shumerlik va bobillik kohinlar – munajjimlar astronomiyaga oid bilimlarga ega bo‘lishgan. Eng qadimgi rasadxonalar baland, ko‘pzinali ibodatxonalar – zikkuratlar tepalikdagi maydonchada barpo etilgan.
Mesopotamiyada turli-tuman dori-darmonlarni tayyorlash bo‘yicha dasturilamal tuzilgan. Geografiya sohasidagi bilimlar shumerliklar va bobilliklarga kemalarda dengiz
bo‘ylab suzishga imkoniyat yaratib bergan.
Olam yaratilishi haqidagi eng qadimiy asotirlardan biri Mesopotamiyada yaratilgan.


Tarix 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz