Afinada demokratiya




Afina shahrida markaziy maydon bo‘lib, uning tevaragini turli-tuman imoratlar qurshab turgan. Maydon esa agora deb yuritilgan. U xalq yig‘ini maydoni bo‘lgan. Shahar aholisining ko‘pchiligini hunarmandlar va savdogarlar tashkil etgan.

Afina shahrida barcha erkak fuqarolar davlatni qanday boshqarish kerakligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon eta olar edilar. Ular yuzaga kelgan muammolar va yangi qonunlarni muhokama qilish uchun har oyda to‘rt marta agorada yig‘ilardilar.
Barcha qarorlar ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan. Boshqaruvning bu shakli demokratiya deb ataladi, ya’ni bu atama «xalq hokimiyati» degan ma’noni anglatadi («demos» – xalq
+ «kratos» – hokimiyat).
Afinani idora qilishda Oqsoqollar kengashi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Shu kengash hokimlar va sudyalarni saylagan. Ular kengash a’zolari singari faqat Afina aslzodalaridan iborat bo‘lgan. Afinada aholining bir qismini zodagonlar (aristokratlar) tashkil etib, boshqa bir qismi oddiy xalq –
«demos» ularning foydasiga ishlashga majbur edi. Shu bois Afina davlati aholisi o‘rtasida kelishmovchilik va nizolar vujudga kelgan.

Adolat qaror topishini xohlagan har ikkala tomon Drakont ismli hukmdorga murojaat etadi. Ular Drakontdan huquq va majburiyatlar borasida hammani tenglashtiruvchi qonunlar yozishni iltimos qilishadi.

Mil. avv. 621-yilda Drakont xalq boshqaruvini bekor qilgan qonunlarni yozdi va amalga kiritdi. Bu qonunlar shu qadar qattiq va ayovsiz ediki, afinaliklar ularga «siyoh qolib, qon bilan yozilgan», deya ta’rif berishgan. Qonunlarni arzimas darajada buzganlik uchun ham Drakont bitta jazo – o‘lim jazosi belgilagan.
Avvaliga afinaliklar bu qonunlarga itoat etishgan, so‘ngra norozi bo‘la boshlashgan va Drakontni shahardan haydab yuborishgan.

Afina davlatida xalq aslzodalar hukmronligidan norozi edi.
Xalqning ahvoli tobora yomonlashaverdi, shunda odamlar o‘z haq-huquqlari uchun kurashga bel bog‘ladilar. Ular zodagonlarning uy-qo‘rg‘onlariga hujum qila boshladilar. O‘z yeri va jonidan xavotirlangan zodagonlar yon berishga va xalq talablarining bir qismini bajarishga majbur bo‘lishadi.

O‘ta bilimdon va tajribali Solon degan zodagon, xalqqa yon berishning qattiq tarafdori bo‘lgan.
Zodagonlar Solonga ishonishdi va uni Afina hukmdori etib saylashdi. Mil. avv. 594-yilda Solon davlatni idora qilishning oldingi tizimini o‘zgartirdi. Avvalgi boshqaruv tizimi – aristokratiya (aslzodalar hokimiyati)ni demokratiya (xalq hokimiyati)ga almashtirdi. Davlatni boshqarishda faqat erkak fuqarolar ishtirok eta olardi. Ayollar va chet elliklar (ularni meteklar deyishgan) qabul qilinayotgan qonunlar muhokamasida va ovoz berishda ishtirok eta olmasdilar.
Solonning taklifi bilan dehqonlarning qarzlari va qarzdorlarni qul qilish bekor qilinadi. Davlat boshqaruvidagi islohotlar Xalq majlisi faoliyati tiklanishi va nasl-nasabidan qat’iy nazar afinaliklar uchun ham davlat mansablarini egallash imkoniyatini ko‘zda tutar edi.
Erkak jinsiga mansub barcha fuqarolar 20 yoshdan boshlab
Xalq majlisida ishtirok etardilar. Xalq majlisining katta qismi badavlat bo‘lmagan hunarmandlar, savdogarlar va dehqonlardan iborat bo‘lgan. Xalq majlisida omma uchun foydali qarorlar qabul qilingan. Navbatdagi majlis bo‘ladigan kun oldindan e’lon qilinardi. Majlis ertalab barvaqt tayinlanar, chunki mehnatkash odamlar kunduz kuni majlisga kela olishmasdi.

Afinada mansabdor shaxslar Xalq majlisi tomonidan muayyan muddatga saylanib, majlisga hisobot berishgan. Mabodo mansabdor shaxs o‘z majburiyatlari ijrosini uddalay olmasa, Xalq majlisi bu odamni muddatidan oldin lavozimidan bo‘shatgan.
Xalq majlisi yangi qonunlarni tasdiqlar, boshqa qarorlar, masalan, yangi inshootlar qurilishiga, armiyaga va boshqalarga mablag‘ ajratish to‘g‘risida ham qaror qabul qilar edi.
Har yili saylanadigan Beshyuzlar kengashi kundalik joriy masalalarni hal qilardi. Beshyuzlar kengashiga strateg rahbarlik qilgan. Kengash qarorlari Xalq majlisida tasdiqlangan.
Xalq sudi ham Afinada muhim davlat organi bo‘lgan.
30 yoshga to‘lgan fuqarolar uning faoliyatida ishtirok etardilar. Sudda ayblanuvchi shaxs o‘zini-o‘zi himoya qila bilishi yoki chiroyli so‘zlay oladigan va qonunlarni biladigan odamni yollashi kerak bo‘lgan.
Mil. avv. 443 – 429-yillarda 15 marotaba strateg lavozimiga saylangan Perikl hukmron
ligi davrida Afina eng qudratli davlatga aylandi va mamlakatda demokratiya ravnaq topdi. Bu davr shuning uchun ham «Perikl asri» deb atalgan. Ajoyib yunon yozuvchilari, olimlari va rassomlari Periklning do‘stlari bo‘lishgan. Perikl tarixchi Gerodot, haykaltarosh Fidiy bilan do‘st tutingan edi. Perikl Xalq majlisidagi lavozimlarga ish haqi to‘lashni joriy qildi. Perikl hukmronligi davrida Afinada katta qurilish ishlari amalga oshirildi. U Akropolda qurilgan mashhur inshoot Parfenon – iloha Afina ibodatxonasining tashabbuskori bo‘lgan.
Periklning faoliyati badavlat shaharliklarga yoqmasdi. U zodagonlarning hamlalarini qaytarib turgan. Perikl vafot etganidan keyin u joriy etgan ko‘pgina qonunlar bekor qilingan.


Tarix 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz