Yevrosiyo iqlimi




Yevrosiyoning iqlimi boshqa materiklar iqlimiga qaraganda ancha xilma-xil. Materik iqlimining xususiyatlari, avvalo, Yevrosiyo hududining shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa qarab


juda katta masofaga cho‘zilganligiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, okeanlardan keladigan havo massalariga va relyefiga bog‘liq.

Geografik kenglikning iqlimga ta’siri. Quruqlikning shimoldan janubga qarab uzoq masofaga cho‘zilganligi issiqlikning taqsimlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yevrosiyoda iyul oyining o‘rtacha harorati ancha yuqori. Uning shimolida bu harorat

+12 °C ga va janubida +28 °C ga teng. Arabiston yarimorolida esa

+32 °C ni tashkil etadi. Qish materikning g‘arbida iliq, lekin shimoli-sharqida juda sovuq bo‘ladi. Ayniqsa, Sibirda yanvar oyining o‘rtacha harorati –48 °C gacha pasayadi. Ayrim kunlari bu harorat Oymyakonda –71 °C ga tushib ketgan. Shuning uchun bu yer Shimoliy yarimsharning „sovuqlik qutbi“ deb ataladi. Qish Yevropaning janubi-g‘arbida iliq, Osiyoning janubida esa issiq (+20 °C) bo‘ladi. Asosiy iqlim elementlaridan hisoblangan yog‘in miqdori ham materik ichkarisi tomon kamayib boradi. Dunyodagi eng ko‘p yog‘in tushadigan joy Hindistondagi Cherrapunja qishlog‘idir. Bu yerda o‘rta hisobda yiliga 12 665 mm yog‘in yog‘adi. 1856yilda bu yerga 23 000 mm ga yaqin yog‘in tushgan.

Okeanlarning iqlimga ta’siri. Yevrosiyoda iqlim sharoiti faqat kenglik bo‘ylab o‘zgarib qolmasdan, balki g‘arbdan sharqqa tomon ham o‘zgaradi. Iqlimning bunday o‘zgarishiga asosiy sabab, Yevrosiyo materigining g‘arbiy qismi doimo Atlantika okeanidan keladigan iliq va nam dengiz havo massasi ta’sirida bo‘lganligidir. Natijada, G‘arbiy Yevropada yog‘in ko‘p yog‘adi, qish ancha iliq, yoz esa salqin bo‘ladi.

Sharqqa borgan sari dengiz havo massasining tarkibida namlikning kamaya borishi natijasida yog‘ingarchilik miqdori ham kamayadi, iqlimning kontinentalligi orta boradi, yoz oylarining harorati ko‘tariladi, qishning harorati esa juda pasayadi, natijada qish va yoz oylarining haroratlari o‘rtasida katta farq vujudga keladi. Yozda Tinch okeandan keladigan dengiz havo massasi, ya’ni yozgi musson shamollari o‘zi bilan ko‘p miqdorda yog‘in keltiradi. Qishda materik ustida, ayniqsa, Markaziy Osiyoning katta qismida yuqori havo bosimi markazi tarkib


topadi, natijada ob-havo quruq va ochiq bo‘ladi, yog‘in kam tushadi, sovuq havo hukmronlik qiladi. O‘zbekiston hududida ham ana shunday ob-havoning kuzatilishiga Markaziy Osiyodan kirib keladigan havo sababchidir.

Relyefning iqlimga ta’siri. Yevrosiyo Yer yuzasining tuzilishi ham iqlimning hosil bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, baland tog‘ tizmalari atmosferada harakat qilayotgan iliq va sovuq havo massalarini to‘sib qolib, iqlimning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Bunday holni Alp, Kavkaz, Tyanshan, Himolay tog‘lari misolida ko‘rish mumkin. Bu tog‘ tizmalari g‘arbdan sharqqa tomon cho‘zilgan bo‘lib, shimoldan keladigan sovuq shamollarning janubga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Yevrosiyo tog‘larida iqlim sharoiti balandlik mintaqalari bo‘yicha ham o‘zgaradi. Balandlik iqlim mintaqalari Alp, Karpat, Kavkaz, Tyanshan, Himolay kabi tog‘larda ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Tibet va Pomir tog‘liklaridagi iqlim baland tog‘ iqlimi bo‘lib, yozining iliqligi, qishining qattiq sovuqligi va atmosfera yog‘inlarining juda kam yog‘ishi bilan boshqa joylardan farq qiladi.

Iqlim mintaqalari. Materikning shimoldan janubga qarab katta masofaga cho‘zilganligi tufayli uning iqlim sharoiti juda ham xilma-xil. Sovuq iqlim mintaqalariga arktika va subarktika iqlim mintaqalari kiradi.

Arktika iqlim mintaqasi Yevrosiyoning Arktikadagi orollarini va quruqlikning Shimoliy Muz okeaniga tutashib turgan qismini ishg‘ol etadi. Bu yerda yil davomida sovuq arktika havo massasi hukmronlik qiladi. Harorat yoz oylarida ham past (+1

+3 °C) bo‘ladi, qishda esa qattiq sovuq uzoq davom etadi. Yozi juda qisqa bo‘lib, qutb quyoshi bir necha oy ufqdan biroz ko‘tarilib turadi va quruqlik yuzasini isita olmaydi. Qishning o‘rtacha harorati (–40 °C) past bo‘lib, qor bo‘ronlari takrorlanib turadi. Yillik yog‘in 50 — 100 mm atrofida qor shaklida yog‘adi. Quruqliklarning asosiy qismi muz va qor bilan qoplangan.

Subarktika iqlim mintaqasi g‘arbda Skandinaviya yarimorolining shimolidan sharqda Bering dengizi sohiligacha davom etadi. Yoz oylarida o‘rtacha harorat +4 °C dan +14 °C gacha ko‘tariladi. Yil davomida sovuq shamollar esib turadi, bulutli kunlar ko‘p bo‘ladi. Bu yerga 200 — 400 mm atrofida yog‘in tushadi. Mo‘tadil iqlim mintaqasi Yevrosiyoning eng katta qismini egallab olgan. U g‘arbda Atlantika okeani sohillaridan boshlanib, sharqda Tinch okean sohillarigacha davom etadi. Mo‘tadil mintaqa iqlim sharoitining shakllanishida Atlantika okeanidan keladigan dengiz havo massasi, materik ichkarisida tarkib topgan kontinental havo massasi va Tinch okeandan keladigan musson havosi muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun bu yerda mo‘tadil iqlim mintaqasining dengiz, mo‘tadil-kontinental, kontinental va musson iqlim tiðlari hosil bo‘ladi.

Yevrosiyoning g‘arbiy qismida Atlantika okeanidan keladigan iliq havo massalarining ta’siri tufayli qish yumshoq, yoz salqin bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati 0 °C atrofida, iyulniki esa +15 +20 °C ga teng. Yog‘ingarchilik yil davomida bo‘lib turadi va uning o‘rtacha yillik miqdori 1 000 mm dan oshadi.

Mo‘tadil mintaqaning sharqiy qismidagi Tinch okean sohillarida musson shamollari hukmron. Bu havo massalari fasllarga qarab almashinib turadi va mo‘tadil mintaqaning musson iqlim tiðini hosil qiladi. Yog‘ingarchilik, asosan, yoz oylarida bo‘ladi (yillik yog‘in miqdorining 90 % i aprel-noyabr oylariga to‘g‘ri keladi), qishda esa aksincha, yog‘in kam tushadi (100 mm).


Geografiya 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz