Tabiiy geografik o‘lkalari. Shimoliy Amerika tabiatining xilma-xilligi uni ikkita yirik qismga bo‘lishga imkon beradi. Bular: Sharq — tekislik o‘lkasi va G‘arb — Kordilyera tog‘li o‘lkasi. O‘z navbatida, bu o‘lkalar ko‘pgina tabiiy geografik oblastlarga ajratilgan. Quyida shulardan ayrimlariga tavsif beramiz.
Alyaska va Kanada Kordilyera tog‘lari (20rasm). Alyaska bir necha parallel joylashgan tog‘lardan tashkil topgan bo‘lib, ular bir-biridan chuqur vodiylar bilan ajralib turadi. Materikning eng baland cho‘qqisi Denali (Mak-Kinli) (6 194 m) shu yerda joylashgan. Alyaska yarimorolida va Aleut orollarida kuchli zilzilalar bo‘lib turadi, o‘nlab harakatdagi va so‘ngan vulqonlar bor. Bu tog‘lardan oltin, kumush, rangli metallar, neft va toshko‘mir qazib olinadi. Alyaska va Kanada Kordilyera tog‘larining g‘arbiy sohilida iqlim dengiz iqlimi bo‘lganligidan yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi. Shu sababli ignabargli qalin o‘rmonlar o‘sadi. Ichki yassi tog‘liklarda tog‘-tundra o‘simliklari rivojlangan. Tog‘ tundralarda shimol bug‘usi, qutb tulkisi, lemminglar yashaydi. O‘rmonlarda los, grizli ayig‘i, puma, qoplon, tog‘ qo‘yi uchraydi.
Kordilyera tog‘li o‘lkasida yana — Katta Havza (20rasm) va Kolorado platosi joylashgan. Ularning tabiat komplekslari uncha baland bo‘lmagan tog‘ tizmalaridan, so‘ngan vulqon konuslaridan va chuqur botiqlardan tarkib topgan. Tog‘lar orasida suvsiz cho‘ldan iborat eng chuqur Ajal vodiysi (–86 m) joylashgan. Ajal vodiysi Shimoliy Amerikaning eng issiq va yog‘in kam yog‘adigan rayonidir. Katta Havza bilan Kolorado platosida cho‘l va chalacho‘llarga xos shuvoqlar, turli butalar, sho‘ra o‘simliklari o‘sadi. Yovvoyi hayvonlardan bizon, antilopa, kemiruvchilar va sudralib yuruvchilar yashaydi.
Aholisi. Shimoliy Amerikaning aholisi 578 mln kishi (2016y., 1iyul, Markaziy Amerika bilan). Tubjoy aholisi indeyeslar, eskimoslar va aleutlardir. Ular hozir ozchilikni (20 mln kishi) tashkil etadi. Materikning tubjoy aholisi 25 — 30 ming yil avval Yevrosiyodan Bering bo‘g‘izi orqali kelgan. Keyinchalik, Janubiy Amerikaga ham asta-sekin tarqalishgan.
Yevropaliklar kelmasdan avval eskimoslar, aleutlar, asosan, ovchilik, baliqchilik bilan, indeyeslar esa ovchilik, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan.
Shimoliy Amerikaga xuddi Janubiy Amerika singari X. Kolumb kashfiyotidan so‘ng yevropaliklar guruh-guruh bo‘lib kela boshladilar. Meksika va Markaziy Amerikada mulatlar va metislar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Shimoliy Amerika aholisining asosiy qismini Yevropadan ko‘chib kelganlar va ularning avlodlari tashkil etadi. Bular amerikalik va kanadalik inglizlar bo‘lib, ingliz tilida so‘zlashadilar. Kanadaga ko‘chib kelgan fransuzlarning avlodlari fransuz tilida gaplashadi.
Aholisining joylashishi. Aholining joylashishi, avvalo, materikka aholining ko‘chib kelishi tarixiga va tabiiy sharoitga bo‘gliq. Materikning janubiy yarmida aholi eng ko‘p o‘rnashgan. Materikning Yevropa mamlakatlaridan dastlabki ko‘chib kelgan kishilar joylashgan sharqiy qismida aholining zichligi katta. Eng yirik shaharlar Shimoliy Amerikaning shu qismida joylashgan. Materikning yashash uchun noqulay, tundra va tayga o‘rmonlaridan iborat bo‘lgan shimoliy yerlarida aholi siyrak o‘rnashgan. Iqlimi quruq va yuzasi notekis tog‘li o‘rmonlarda ham aholi kam.
Tabiatiga insonning ta’siri. Milliy bog‘ va qoriqxonalari. Insonning xo‘jalik faoliyati Shimoliy Amerika tabiatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa tabiat komplekslarining o‘zgarishiga va antropogen landshaftlarning hosil bo‘lishiga olib keldi. Shuning uchun tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilingan. Tabiatni muhofaza qilish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga qoldirish maqsadida ko‘plab milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar bunyod etilgan. Materikda birinchi milliy bog‘ 1872yili (Yelloustoun) AQSHda tashkil etilgan. Vud-Baffalo, Yelloustoun, Grand-Kanyon, Sekvoyya, Mamont, Ajal vodiysi, Jasper, Katmay, El-Viskaino, Yosemit va boshqalar eng yirik milliy parklar va qo‘riqxonalardir. Ularning maydoni bo‘yicha Shimoliy Amerika materigi dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi.