Geografik o‘rni. Sharqiy Osiyo Xitoy davlatining sharqiy qismini, Koreya yarimorolini, Yapon orollarini egallaydi. Bu o‘lka shimoldan janubga qarab dengiz sohillari bo‘ylab bir necha ming kilometrga cho‘zilgan.
Tabiiy sharoiti. Sharqiy Osiyoning zaminida eng qadimgi kristall jinslardan tarkib topgan Xitoy-Koreya va Janubiy Xitoy platformalari yotadi. Platformaning yuzasi Xuanxe va Yanszi daryolari keltirgan alluvial yotqiziqlardan tashkil topgan. Bu hudud Buyuk Xitoy tekisligiga mos keladi.
Buyuk Xitoy tekisligining shimoliy qismi iqlimi mo‘tadil mussonli, janubi subtropik mussonli iqlimdir. Shimolda qish quruq, sovuq (– 6 °C), janubda iliq (+3 °C) bo‘ladi. Yozi issiq, dengiz sohillarida iyulning o‘rtacha harorati +26 °C. Yillik yog‘in miqdori shimolda 500 mm, janubda 1 000 mm. Yog‘inning qariyb 80 % i yoz oylariga to‘g‘ri keladi. Bu tekislikdan Xuanxe, Yanszi va boshqa daryolar oqib o‘tadi. Tekisliklarda ko‘llar va suv omborlari ham ko‘p. Eng yirik ko‘llardan biri Tayxu ko‘lidir.
Buyuk Xitoy tekisligida unumdor qo‘ng‘ir tuproqlar hosil bo‘lgan. Oz bo‘lsa-da, mangra, qarag‘ay, eman, paporotnik, magnoliya o‘simliklari uchraydi. Dehqonlar tekislikning shimolida yiliga ikki marta, janubida, hatto uch marta hosil yetishtiradilar.
Sharqiy Osiyo o‘lkasining janubiy qismlarini Janubiy Xitoy past tog‘lari egallagan. Bu kichik o‘lka balandligi 2 000 m gacha ko‘tarilgan Nanlin va Uishan tog‘laridan tarkib topgan.
Xuanxe va Yanszi daryolari havzalarining katta maydonlarida paxta, janubiy qismida shakarqamish, apelsin, mandarin, ananas va bananlar yetishtiriladi. Bu o‘lkaning asosiy ekini sholi va dunyoga mashhur Xitoy choyi hisoblanadi. Bundan tashqari, bug‘doy, soya, tariqning bir turi — gaolyan ham yetishtiriladi. Sharqiy Osiyo o‘lkasi turli xil foydali qazilmalarga boy. Janubiy Xitoy past tog‘lari qalayi va volfram foydali qazilmalari bilan mashhur. Sharqiy Xitoyda toshko‘mir va temir rudasining zaxirasi juda katta.