Aholisi va uning hududiy tarqalishi. Yevropaliklar kelgunga qadar avstraliyaliklar juda past taraqqiyot darajasida bo‘lishgan. Aborigenlar ovchilik, termachilik bilan kun ko‘rishgan. Ular dehqonchilik bilan ham, chorvachilik bilan ham shug‘ullanishmagan. Aborigenlar, asosan, Avstraliyaning tabiiy sharoiti inson hayoti uchun qulay bo‘lgan sharqiy va janubi-sharqiy qismlarida o‘rnashgan edilar. Keyinchalik materikka yevropaliklar kelishganidan so‘ng va qo‘ychilikning rivojlanishi bilan ular qurg‘oqchil, yashash uchun noqulay yerlarga siqib chiqarildi.
Kelgindi aholi yevropaliklar avlodlaridir, asosiy qismi inglizlar — ingliz tilida so‘zlashuvchi avstraliyaliklardan iborat. Avstraliya boshqa aholi yashaydigan materiklardan aholi zichligining kichikligi bilan ajralib turadi. Aholining ko‘p qismi materikning yashash uchun qulay bo‘lgan sharqiy, janubisharqiy va janubi-g‘arbiy chekkalarida to‘plangan.
Tabiatiga insonning ta’siri. Avstraliya tabiati yevropaliklar ko‘chib kelganidan so‘ng va ular xo‘jalik faoliyati ta’sirida juda tez hamda kuchli darajada o‘zgardi. Hayvonlarni ko‘plab ovlash, yashash sharoitining o‘zgarishi natijasida ularning ko‘pi qirilib ketdi. Kenguruning ba’zi turlari, xaltali bo‘ri, vombatlarning ayrim turlari yo‘qolish arafasida. Ayniqsa, Avstraliyaning sharqiy, janubi-sharqiy va janubi-g‘arbiy aholi zich yashaydigan qismlari tabiati ko‘p o‘zgargan. Ilgari quruq siyrak o‘rmonlar va butazorlar o‘rnini endilikda antropogen landshaftlar — bug‘doyzorlar, uzumzorlar, zaytunzorlar egallagan. Sa-
noatining rivojlanishi bilan bog‘liq ravishda ko‘p antropogen tabiat komplekslari vujudga keldi.
Tabiatni muhofaza qilish va yo‘qolib borayotgan kamyob o‘simlik va hayvonlarni saqlab qolish uchun milliy bog‘lar va qo‘riqxonalar bunyod etilgan.
Asosiy xususiyatlari. Okeanlar ichida eng keksa va eng kattasi, eng issig‘i, „olovli halqa“ si mavjud, eng chuqur, biomassaga eng boy. Baliq ovlashda, dengiz, orollar soni, kuchli shamol, baland to‘lqin, suv tubi vulqonlari bo‘yicha Dunyo okeanida birinchi o‘rinda.
Geografik o‘rni. Tinch okean Dunyo okeani maydonining yarmini va Yer yuzining 1/3 qismidan ortig‘ini egallagan. Bu okean kattaligi sababli Ulug‘ okean deb ham ataladi. Okeanni beshta materik chegaralab turadi. Uni shimoli-sharqda Shimoliy Amerika, janubi-sharqda Janubiy Amerika, janubda Antarktida, janubi-g‘arbda Avstraliya, shimoli-g‘arbda Yevrosiyo materiklari o‘rab olgan. Shimoldan janubga qarab qariyb 12 ming km va g‘arbdan sharqqa qarab 17,2 ming km masofaga cho‘zilgan. Eng keng joyi ekvatorda va uning atrofida. Maydoni 180 mln kv km. O‘rganilish tarixi. Birinchi bo‘lib ispaniyalik V. Balboa 1513yilda Panama bo‘ynidan o‘tib, Tinch okeanni ko‘rgan va unga Janubiy okean deb nom bergan. F. Magellan 1520 — 1521yil-
lardagi sayohati davrida uni Tinch okean deb atagan.
Okean to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar F. Magellan va
J. Kuk sayohatlari tufayli to‘plangan. V. Bering va A. I. Chirikovlar 1741yilda okeanning shimoliy qismini o‘rganishdi.
I. F. Kruzenshtern, Y. V. Lisyanskiy, S. O. Makarov „Vityaz“ kemasida va Jak Iv Kusto Tinch okeanda mukammal tadqiqot ishlari olib bordilar. Hozirgi vaqtda Tinch okeanni o‘rganish yuzasidan maxsus xalqaro tashkilotlar tuzilgan.
Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Tinch okean botig‘i eng keksa va Yer po‘stining juda katta maydonini egallaydi. Shunga asoslanib, mustaqil litosfera plitasi tariqasida ajratilgan. Ayni paytda Tinch okean litosfera plitasi o‘rta okean tizmasi zonasida kengaymoqda. Tinch okean litosfera plitasi eng serha-
rakat plita ekanligi aniqlandi. Uning yillik siljish tezligi 10 sm dan katta (Atlas, 4 — 5betlar). Shuning uchun ham bu „olovli halqa“ da kuchli va halokatli zilzilalar, vulqon harakatlari takrorlanib turadi.
Okean shelfida daryo va to‘lqin yotqiziqlari, organik jinslar, okean tubida qizil gilli jinslar eng ko‘p tarqalgan.
Tinch okeanda mineral boyliklar juda ko‘p.
Okean tubi relyefi. Okean tubi relyefi juda murakkab tuzilgan. Bu yerda dengiz sayozligi kam, 1,7 % maydonni egallaydi. Sayozlik faqat Bering, Oxota, Sariq va Sharqiy Xitoy dengizlarida mavjud. Materik yonbag‘irlari tik zinapoyalar hosil qiladi. Okean tubi 62,6 % maydonni egallagan. Bu yerda tog‘ tizmalari, cho‘kmalar, tekisliklar, botiqlar ko‘p tarqalgan. (Ularni xaritadan toping). Tinch okeanda minglab kilometr masofaga cho‘zilib yotgan eng chuqur cho‘kmalar ham bor. Bular Mariana (11 022 m), Tonga (10 882 m), Kermadek (10 047 m), KurilKamchatka (9 783 m), Filiðpin, Peru, Chili va boshqa cho‘kmalar. Dunyo okeanidagi chuqurligi 5 km dan ortiq bo‘lgan 35 ta botiqdan 25 tasi, chuqurligi 10 km dan ortiq bo‘lgan 5 ta bo-
tiqning barchasi shu okeanda joylashgan.
Iqlimi. Tinch okean eng issiq okean bo‘lib, yuzasidagi suvning harorati ekvatordan ikkala qutb tomon kamayib boradi. Ekvatorial mintaqalarda suv yuzasining harorati yil davomida 28 — 29 °C, Bering dengizida 2 — 7 °C, janubiy yarimsharning o‘rta kengliklarida 12 — 15 °C atrofida o‘zgaradi.
O‘rtacha yillik yog‘in miqdori ekvator atrofida 3 000 mm bo‘lsa, mo‘tadil kengliklarning g‘arbida 1 000 mm va sharqida 2 000 — 3 000 mm, subtropikning sharqida esa 100 — 200 mm atrofida yog‘in yog‘adi. Okean suvining eng sho‘r qismi tropiklarga to‘g‘ri keladi (36 ‰). Eng chekka shimoliy va janubiy qismlarida sho‘rlik ancha pasayadi (32 ‰).
Okeanning g‘arbiy qismidagi tropik kengliklarda kuchli shamollar — tayfunlar (xitoycha „tay fin“ — katta shamol) esib turadi. Tayfunlarning tezligi soatiga 30 — 50, ba’zan 100 km gacha boradi va katta to‘lqinlarni yuzaga keltiradi.
Oqimlari. Tinch okean g‘arbdan sharqqa tomon uzoq ma-
sofaga cho‘zilganligi sababli unda geografik kenglik bo‘ylab harakat qiladigan oqimlar ko‘p. Bu oqimlar okeanda issiqlikning qayta taqsimlanishiga va quruqlik iqlimiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Organik dunyosi. Tinch okean organizmlarning turli-tumanligiga ko‘ra birinchi o‘rinda turadi. Dunyo okeanidagi tirik organizmlarning yarmi shu okeanga to‘g‘ri keladi. Okeanning shimoliy qismida losossimon baliqlarning 95 % i yashaydi. Boshqa okeanlarga nisbatan hayvonlar turi 3 — 4 baravar ko‘p. Tridakna nomli eng yirik molluskalarning og‘irligi 30 kg ga boradi. Sovuq va mo‘tadil mintaqalarda, ayniqsa, janubiy kengliklarda uzunligi 200 m bo‘lgan gigant suv o‘simliklari o‘sadi.
Tabiat mintaqalari. Tinch okeanda barcha tabiat mintaqalari (shimoliy qutbiy mintaqadan tashqari) mavjud. Shimoldan janubga tomon subarktika, mo‘tadil, subtropik, tropik, ekvatorial tabiat mintaqalari tarkib topgan. Ular janubiy yarimsharda yana takrorlanadi.
Insonning xo‘jalik faoliyati. Okean sohillari va orollarida o‘nlab mamlakatlar joylashgan bo‘lib, dunyo aholisining yarmi shu joyda yashaydi. Insonlar qadimdan okean hayvonlaridan oziq-ovqat mahsuloti tariqasida foydalanib kelganlar. Hozirgi paytda Dunyo okeanida ovlanadigan baliqlarning yarmi Tinch okeanga to‘g‘ri keladi. Turli molluskalar, qisqichbaqalar, krevetkalar, krillar ham ko‘p ovlanadi.
Asosiy xususiyatlari. Okeaniya — Tinch okeanning bepoyon suvli maydonlarida sochilib yotgan orollar dunyosi, suv tagidan hisoblansa, harakatdagi eng baland vulqoni bor, zaharli ilonlari, yirtqichlari va yirik sutemizuvchi hayvonlari yo‘q, yagona uch ko‘zli kaltakesak shu yerda yashaydi, endemik organizmlari ko‘p, quruqlikka nisbatan suvli muhit eng ko‘p (98 %) maydonni egallaydi. Quruqlikning 90 % maydoni ikki orolga to‘g‘ri keladi.
Geografik o‘rni. Tinch okeanning markaziy va g‘arbiy qismlarida sochilib yotgan katta-kichik orollar Okeaniya deb ataladi. O‘zi egallagan maydonga nisbatan quruqlik atigi 2 % ni tashkil etganligi uchun ham Okeaniya nomini olgan. Okeaniya o‘z tarkibiga 7 mingdan ortiq orollarni birlashtiradi. Orollarning umumiy maydoni atigi 1,3 mln kv km.
Okeaniya hududi tabiiy geografik va tarixiy-milliy farqlariga asoslanib, uchta qismga, ya’ni to‘plam orollariga bo‘linadi.
1. Melaneziya (yunoncha, melos — qora, nesos — orol, ya’ni qora orollar). 2. Mikroneziya (yunoncha, kichik orollar). 3. Polineziya (yunoncha, ko‘p orollar).
Melaneziya. Melaneziyaga Yangi Gvineya, Bismark, Luiziada arxiðelaglari, Solomon orollari, Santa-Krus, Yangi Gebrit orollari, Yangi Kaledoniya, Fiji, shuningdek, bir qancha mayda orollar kiradi. Bular, asosan, materik orollaridir.
Mikroneziya. Mikroneziyaga Valkano, Bonin, Miriana, Karolina, Marshall, Gilbert, Ellis arxiðelaglari, Nauru va Oshen orollari kiradi. Bular ko‘proq marjon orollari hisoblanadi.
Polineziya. Polineziyaga Gavayi orollari, Layn, Finiks, Tokelau, Samoa, Kuk, Taiti, Jamiyat, Tuamotu yoki Rossian atollari (atoll — yarim yoy yoki yarim doira shaklidagi marjon oroli), Markiz orollari va Pasxa oroli kiradi.
O‘rganilish tarixi. Okeaniya to‘g‘risidagi ma’lumotlar yevropaliklarga F. Magellan sayohatidan (1521y.) keyin ma’lum
bo‘lgan. J. Kuk (1771 — 1773y.) ko‘plab orollarni xaritaga tushirib tavsif bergan. XIX asrda ruslar 40 marotaba ekspeditsiya uyushtirgan. Shu asrning oxirida „Chellenjer“ ekspeditsiyasi (1873 — 1876y.) Okeaniya orollari, aholisi haqida qiziqarli ma’lumotlar to‘pladi. Bu borada M. N. Mikluxo-Maklay Yangi Gvineyada papuaslar bilan birga 12 yil yashab (1871 — 1882y.), ularning yashash tarzi haqida bebaho ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Geologik tuzilishi va relyefi. Orollarning geologik tarixi va qanday jinslardan tuzilganligiga ko‘ra bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin. Materik orollari (Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya), vulqonli orollar (Gavayi, Pasxa, Tuamotu), geosinklinal orollar (Mariana, Yangi Kaledoniya). Bulardan tashqari, Okeaniyada biogen (marjon, atoll, rif) orollar ko‘p uchraydi. Okeaniyaning eng baland nuqtasi Yangi Gvineya orolidagi Jaya cho‘qqisi (5 030 m) hisoblanadi.
Okeaniyaning yirik orollarida foydali qazilma konlari bor. Jumladan, Yangi Kaledoniyada nikel, Yangi Gvineya va Yangi Zelandiyada neft va gaz, Fiji va Yangi Gvineyada oltin, Nauru orolida fosforit konlari bor.
Iqlimi. Deyarli barcha orollar ekvatorial, subekvatorial va tropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Faqat Yangi Zelandiya va unga yaqin bo‘lgan orollar subtropik va mo‘tadil iqlim mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Umuman, Okeaniya iqlimi iliq, yumshoq bo‘lib, haroratning tebranishi fasllar bo‘yicha kecha va kunduzda ham katta emas. Kunduz tush paytida +30 °C, kechasi
+23 °C ni tashkil etadi. Yog‘inlar ko‘p yog‘adi, o‘rta hisobda 3 000 — 4 000 mm. Gavayi orolidagi tog‘larning shamolga ro‘-
para yonbag‘irlariga yiliga 12 500 — 14 000 mm yog‘in yog‘ishi kuzatilgan. Yangi Gvineya tog‘larida 4 420 m dan yuqorida doimiy qorlar, hatto kichik muzliklar bor. Yangi Zelandiya tog‘larida ham qor-muzliklar ko‘p uchraydi.
Tabiat zonalari. Okeaniya orollarining asosiy qismi doimiy yashil, nam o‘rmonlar va savannalar bilan qoplangan. Daraxtlardan qimmatlisi kokos va sago palmalari, kauchukli daraxt, banan, non va qovun daraxtlari, mango, shakarqamish. Yangi Zelandiyada daraxtsimon paporotniklar, kauri tilog‘ochi, karam daraxti, zig‘ir va boshqa endemiklar o‘sadi. Tog‘larning shamolga ro‘para bo‘lgan yonbag‘irlarida, tekisliklarda qalin o‘rmonlar bo‘lsa, teskari tomonida savannalar hosil bo‘lgan.
Hayvonot olami o‘ziga xos. Yangi Gvineya va unga yaqin orollarda kazuar tovug‘i (emu oilasiga mansub), Yangi Zelandiyada 3 turdagi kivi tovuqlari, pingvin va boshqa dengiz qushlari juda ko‘p (albatros, bo‘ron qushi, baliqchi qush). Orollarga keltirilgan kalamush, yovvoyilashgan mushuk, echki, quyon tabiatga juda katta zarar keltirmoqda.
Okeanlar hayvonlarning tarqalishi uchun katta qiyinchilik tug‘diradi, bu Okeaniya hayvonot dunyosi tarkibi o‘ziga xosligiga olib kelgan. Avvalo, sutemizuvchilarning deyarli mutlaqo yo‘qligi hisobiga juda kamayib ketganligi bilan ta’riflanadi.
Aholisi. Okeaniyada 16 mln ga yaqin aholi yashaydi (2016y.
1- iyul). Yangi Zelandiyada tub joy aholisi maorilar jami aholining 15 % ini tashkil etadi. Asosiy aholisi ingliz — yangizelandiyaliklardan iborat. Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya, Yangi Gvineya, Gavayi orollarida kelgindilar ko‘p. Bu yerda aholining ko‘pchiligi shaharlarda yashaydi. Boshqa orollarda qishloq aholisi ko‘pchilikni tashkil etadi. Mahalliy aholi kokos palmasi, banan, shakarqamish, ananas, qahva, kakao yetishtiradi. Baliqchilik, o‘rmonchilik, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, dengizdan dur olish, rangli metall rudalari, ko‘mir, neft qazib chiqarishda ishlashadi.