Afrika aholisi 1 mlrd 203 mln (2016yil, 1iyul), siyosiy xaritasida 50 dan ortiq mamlakat bor. Materik shimolida arablar bilan berberlar (yevropoid irqiga mansub) yashaydi. Afrikaning qolgan qismida, asosan, negroid irqiga tegishli aholi (bantu, gottentot, pigmey, bur va b.) yashaydi.
Afrikada, asosan, tubjoy aholi, ya’ni shu joyning doimiy aholisi yashaydi.
Afrikaning eng bo‘ydor xalqlari materikning shimoliy qismidagi savannalarida yashaydi (tutslar, ximlar va b.). Ular bo‘yining uzunligi 180 — 200 sm. Ekvatorial o‘rmonlarda esa — pigmeylar, past bo‘yli (150 sm dan kam) odamlar yashashadi.
Afrikaning janubidagi chala cho‘l va cho‘llarda bushmenlar hamda gottentotlar yashaydi.
Madagaskar orolida, asosan, mongoloid va negroid irqlarning aralashishidan kelib chiqqan malagasiylar yashaydi.
Afrikada Yevropadan ko‘chib kelgan aholi, asosan, iqlim sharoiti yaxshi yerlarda yashaydi. Ular materik aholisiga nisbatan juda ozchilikni tashkil qiladi. Materikning shimolida, O‘rta dengiz sohillarida fransuzlar, janubida esa inglizlar, afrikanerlar (niderland avlodlari) va boshqalar yashaydi.
Afrika aholisi juda notekis joylashgan. Aholining joylashishiga birinchi navbatda tabiiy sharoit ta’sir etgan bo‘lsa, keyingi navbatda tarixiy sabablar ta’sir ko‘rsatgan. O‘rta dengiz sohillari, Gvineya qo‘ltig‘i va materikning janubi-sharqiy sohillarida aholi zich joylashgan.
Insonning tabiatga ta’siri. Tabiatni muhofaza qilish. Afrika tabiatini muhofaza qilish dolzarb masalaga aylangan. Materikda o‘simlik va hayvonot olamini asrash maqsadida 392 ta milliy bog‘ va qo‘riqxonalar tashkil etilgan. Kongo Demokratik Respublikasining 15 % hududini milliy bog‘lar, botanika bog‘lari, tajriba stansiyalari, Keniya davlatida 10 % maydonni milliy bog‘lar egallaydi. Afrika tabiati inson tomonidan anchagina o‘zgartirib yuborilgan.
Qo‘riqxonalarga ilmiy ish bilan shug‘ullanuvchilargina qo‘yiladi. Milliy bog‘larga esa undan farqli o‘laroq, sayyohlar kirishi mumkin, lekin ular belgilangan qoidalarga amal qilishlari shart. Milliy bog‘ va qo‘riqxonalar Sharqiy va Janubiy Afrikada ko‘p. Eng yiriklari — Serengeti, Masai-Mara, Bvandi, Kryugera, Chobe, Etosha, Sentral-Kalaxari, Rungva va boshqalardir