Geografik o‘rni. Janubiy Osiyo Yevrosiyoning janubida joylashgan. U tabiiy sharoiti bir-biridan tubdan farq qiladigan eng baland Himolay tog‘ tizmalarini, yassi tog‘likdan tashkil topgan Hindiston yarimorolini va alluvial yotqiziqlardan hosil bo‘lgan Hind-Gang pasttekisligini o‘z ichiga oladi.
Himolay tog‘lari. Himolay „qorlar makoni“ demakdir. U Tibet tog‘ligi va Hind-Gang pasttekisligi oralig‘ida joylashgan bo‘lib, uzunligi 2 400 km ga va eni 200 — 300 km ga cho‘ziladi. O‘rtacha balandligi 6 000 m. Bu tog‘ tizmasida har biri 8 000 m dan baland 11 ta cho‘qqi bor. Eng balandi Jomolungma cho‘qqisi — 8 848 m. Himolay tog‘lari Alp burmalanishida shakllangan bo‘lib, yosh tog‘lar tizimiga kiradi. Alp-Himolay geosinklinal mintaqasi shu hududdan o‘tadi. Bu mintaqa o‘ta faol bo‘lib, unda kuchli zilzilalar bo‘lib turadi.
Himolay tog‘larining iqlimi tropik (g‘arbiy bo‘lagi) va subekvatorial (sharqiy bo‘lagi) iqlim mintaqalariga xos. Musson shamollarining ta’siri juda kuchli. Bu holat Himolay tog‘lari tabiatining juda xilma-xilligiga sabab bo‘lgan. Bu yerda tog‘ etaklariga xos bo‘lgan botqoqlangan terayalardan tortib, tog‘ yonbag‘irlaridagi doimiy yashil o‘rmonlarni, butazor va baland tog‘ o‘tloqlarini hamda doimiy qorlar va muzliklarni ko‘ramiz. Himolay tog‘larida Himolay ayig‘i, tog‘ qo‘yi, yovvoyi yaklar va turli kemiruvchi hayvonlar yashaydi.
Hind-Gang pasttekisligi. Himolay tog‘laridan janubda uzunligi 3 000 km ga boradigan Hind-Gang pasttekisligi joylashgan.
Bu pasttekislik tog‘oldi bukilmasida vujudga kelgan va tog‘lardan nurab tushgan jinslar bilan to‘lib borgan. Hind vodiysida tropik, Gang vodiysida esa subekvatorial musson iqlim tarkib topgan.
Gang daryosining quyi oqimida yog‘in miqdori 2 500 mm ga yetadi. Bu yerda yomg‘ir vaqt-vaqti bilan jala tarzida yog‘adi va suv toshqinlari bo‘lib turadi. Lekin Hind daryosining sharqida iqlim qurg‘oqchil, yomg‘ir juda kam yog‘adi. Hatto bu yerdagi Tar cho‘lida yiliga 100 — 150 mm yog‘in yog‘adi.
Hind-Gang pasttekisligida musson iqlimli o‘rmonlar kam uchraydi. Gang va Braxmaputra deltasida qalin mangrazorlar va doimiy yashil o‘rmonlar bor. G‘arbiy qismida sho‘rxok va qumli cho‘llar mavjud.
Hindiston yarimoroli. Hindiston yarimorolining asosi eng qadimgi Hind platformasidan iborat. Yer yuzasining katta qismi qadimgi kristall jinslardan tuzilgan. Qazilma boyliklardan temir va marganes rudalari, oltin, olmos, grafit, ko‘mir va neft konlari bor. Eng baland joyi yarimorolning janubida joylashgan Anaymudi tog‘idir (2 698 m). Yarimorolning g‘arbida dengiz qirg‘og‘i bo‘ylab katta masofaga cho‘zilgan G‘arbiy Gatt tog‘lari va sharqida Sharqiy Gatt tog‘lari mavjud.
Hindiston yarimorolining iqlimi subekvatorial musson iqlim. Yanvarning o‘rtacha harorati +26 °C, iyun oyida +40 °C dan oshadi.
G‘arbiy Gatt tog‘larida doimiy yashil nam tropik o‘rmonlar, markazida savanna o‘rmonlari va savannalar, daryo deltalarida mangra o‘rmonlari tarqalgan.