Janubiy Amerika aholisi




Aholisi. Janubiy Amerikada 419 mln aholi yashaydi (2016y. 1iyul), ularning tarkibi juda murakkab. Materikka kishilar bundan 20 ming yillar ilgari Osiyodan kelgan. XVI asrda dastlab ispanlar bilan portugallar, keyinchalik esa Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlaridan kelib o‘rnashgan.


Hozirgi paytda Janubiy Amerikada insoniyatning har uchala irqi vakillari yashaydi. Yevropaliklar bilan indeyeslarning chatishishidan hosil bo‘lgan avlodlar metislar, yevropaliklar bilan negrlar nikohi avlodlari mulatlar deyiladi. Indeyeslar bilan negrlar chatishmasi sambo deb ataladi. Aholining ko‘pchiligi ispan tilida, braziliyaliklar portugal tilida so‘zlashadilar.

Yevropaliklar kelgan vaqtdan hindu xalqlarining ko‘pchiligi taraqqiyotning urug‘chilik-qabilachilik darajasida bo‘lgan. Faqat And tog‘larida inklarning qadimgi davlatlari mavjud edi. Ularda xo‘jalik va madaniyat rivojlangan bo‘lgan. Inklarning ulkan ibodatxona va saroylarining xarobalari, yo‘llari, sug‘orish kanallari hozirgacha ham kishilarni hayratga soladi.

Tekislikda esa hindular makkajo‘xori, kartoshka, yeryong‘oqni birinchi bo‘lib eka boshlaganlar, hozir esa bu ekinlar dunyoning ko‘p mamlakatlarida yetishtiriladi.

Materikning yevropaliklar tomonidan bosib olinishi tubjoy aholisiga beqiyos falokat keltirgan. Inklar davlati talangan. Atlantika bo‘yidagi o‘lkalarda yashovchi hindular qullarga aylantirilgan, ularning bir qismi materik ichkarisidagi hayot kechirish uchun noqulay yerlarga siqib chiqarilgan. Hindular sonining kamayishi yevropaliklarni ishchi kuchi qidirishga majbur qildi. Plantatsiyalarda ishlatish uchun Afrikadan negr qullarni îlib kela boshladilar.

Materik aholisi orasida tillar, urf-odatlar, ma’naviyatning aralashib ketishi ro‘y berdi.

Aholining joylashishi. Aholi materikda juda notekis o‘rnashgan. Aholining ko‘pchligi okeanlar sohillarida, ya’ni kelgindilar ko‘chib kelgan yerlarda yashaydi. And to‘g‘larining markaziy yassitog‘liklarida ham aholining zichligi katta. Materikning keng ichki tekisliklarida aholi siyrak o‘rnashgan. Ekvatorial o‘rmonlarning ayrim joylarida aholi deyarli yashamaydi.

Tabiatiga insonning ta’siri. Milliy bog‘ va qo‘riqxonalari. Janubiy Amerika tabiatiga insonning ta’siri materikka yevropaliklar kirib kelgandan so‘ng kuchaydi. O‘rmonlar ayovsiz kesildi, ekinzor va yirik plantatsiyalar barpo etildi. Natijada, dunyodagi eng yirik o‘rmonzorlardan biri — Amazoniya o‘rmonlari

maydoni qisqarib bormoqda. XX asrning boshlaridan tabiatni muhofaza qilish masalalariga e’tibor berila boshlandi. Hozirgi kunda ko‘p mamlakatlarda milliy bog‘lar va qo‘riqxonalar barpo etilgan. Muhofaza etiladigan hududlar materikning 1 % ini tashkil etadi. Eng yirik milliy bog‘ va qo‘riqxonalar — Jau, Chako, Manu, Parakas, Podokarpus va boshqalardir . Braziliyadagi Jau milliy bog‘i UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan va xalqaro maqom berilgan.



Geografiya 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz