Iqlimi. Janubiy Amerika iqlimining tarkib topishida Quyosh radiatsiyasi, relyef, havo massalari, okean oqimlari muhim rol o‘ynaydi.
Materik oltita iqlim mintaqasida joylashgan. Ular shimoldan janubga quyidagi tartibda almashinadi: subekvatorial (2 ta), ekvatorial, tropik, subtropik va mo‘tadil. Tog‘larida balandlik iqlim mintaqalari mavjud.
Ekvatorial iqlim mintaqasi Afrikadagidek juda sernam. Yog‘inlar miqdori 3 500 mm dan ko‘p. Yil davomida havo harorati 24 — 25 °C atrofida. Subekvatorial iqlim mintaqasida ikkita fasl aniq ifodalanadi. Yozda yog‘in ko‘p yog‘adi (1 000 — 2 000 mm), o‘rtacha oylik harorat +25 °C dan oshadi. Qishda bir necha oylab yog‘in yog‘maydi. Bu faslda havo harorati +20 °C atrofida bo‘ladi.
Tropik mintaqaning sharqiy qismlari passat shamollarining ta’sirida bo‘ladi. Shuning uchun Braziliya yassi tog‘ligining sharqiy qismlariga 1 500 — 2 000 mm atrofida yog‘in yog‘adi. Bu yerlarda yilning asosiy qismida havo nam va issiq bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati +25 °C, iyulda esa +17 +19 °C ni tashkil etadi. Lekin g‘arbga tomon borgan sari havodagi namlik kamaya borib, And tog‘lariga yaqin joylarga 250 — 500 mm yog‘in tushadi.
Tropik mintaqaning Tinch okean sohillariga Peru sovuq oqimi yog‘in keltirmaydi va deyarli yog‘in yog‘maydi. Natijada, shudring Afrikadagi Namib cho‘li kabi Atakama cho‘li namligining yagona manbayi hisoblanadi.
Subtropik iqlim mintaqasi materikning 30° va 40° j. k. oralig‘idagi hududlarni egallaydi. Mintaqaning sharqida namgarchilik ko‘p (1 000 — 2 000 mm), yanvarda havo harorati +25 °C,
iyulda +10 +15 °C atrofida bo‘ladi.
Mo‘tadil iqlim mintaqasi materikning janubiy qismini egallaydi. Tinch okean sohilida yil davomida ko‘p yog‘in yog‘adi (2 000 — 3 000 mm), qishi yumshoq, yozi salqin keladi. Mintaqaning sharqida mo‘tadil-kontinental iqlim tarkib topgan bo‘lib, yog‘in 300 — 400 mm, qishi sovuq, qorli.
And tog‘larida balandlik iqlim mintaqalari tarkib topgan.
Ichki suvlari. Janubiy Amerika eng sersuv materik. Uning eng katta va eng sersuv Amazonka daryosi 500 dan ortiq irmoqqa ega. Keyingi yillarda uning uzunligi Ukayali irmog‘i bilan birga 6 992 km ekanligi aytilmoqda. Uning o‘rta oqimidagi kengligi 5 km, quyi oqimida 80 km, quyilish joyida 320 km ga boradi. Amazonka daryo suvining „ teskari oqish“ hodisasi 1 400 km yuqori oqimgacha kuzatiladi. Bunga okeandagi qalqish hodisasi sababchidir. Parana daryosi sersuvligi va uzunligi jihatidan materikda ikkinchi o‘rinda turadi. Bu daryoda dunyodagi eng keng (kengligi 2 700 m, balandligi 72 m) Iguasu sharsharasi hosil bo‘lgan. Orinoko daryosida dunyodagi eng baland (1 054 m) Anxel sharsharasi vujudga kelgan.
Materikda ko‘llar kam. Eng yirik ko‘li — Marakaybo materikning shimolida joylashgan. U laguna ko‘llarining tiðik vakilidir. And tog‘laridagi Titikaka ko‘li Yer sharidagi eng balandda joylashgan katta va chuchuk ko‘ldir. U dengiz sathidan 3 810 m balandlikda joylashgan.
Janubiy Amerikaning tekislik qismlarida yerosti suvlari, tog‘lari va yassi tog‘liklarida buloq suvlari, qor va muzliklar ko‘p.