Atlantika okeani




Asosiy xususiyatlari. Barcha yarimsharlarda joylashgan, Buyuk geografik kashfiyotlar shu okeandan boshlangan, qirg‘oqsiz dengizi bor, meridianal yo‘nalgan eng uzun o‘rta okean tizmasi bor, eng yirik port-shaharlari bor, ichki dengizlari eng ko‘p, eng sersuv va eng uzun daryolar shu okeanga quyiladi, eng baland qalqish ham shu okeanda kuzatiladi, materiklar dreyfi giðotezasiga asos bo‘lgan, dengiz transportida dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Geografik o‘rni. Atlantika okeani beshta materik orasida joylashgan. Shimoldan janubga 12 ming km masofaga cho‘zilgan. Okeanning maydoni 91 mln kv km, eng keng joyi mo‘tadil kengliklarga (9 450 km) va eng tor joyi (2 620 km) shimoliy qismiga to‘g‘ri keladi.

O‘rganilish tarixi. Okean nomi Atlanta (yunon afsonasiga ko‘ra, yelkasida osmon gumbazini ko‘tarib turuvchi pahlavon) atamasi bilan bog‘liq. Dastlab 1507yilda geografik xaritaga

„Atlantika okeani“ nomi yozilgan. Miloddan oldingi davrlarda finikiyaliklar, arablar, rimliklar okean suvlarida suzishgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar davrida B. Diash, X. Kolumb,

J. Kabot, Vasko da Gama, F. Magellan, J. Kuk va boshqalar sayohatlari Atlantika okeani haqida ko‘plab ma’lumotlar berdi. Okean tabiatini kompleks o‘rganish XIX asrning oxiridan boshlanadi. „Chellenjer“ kemasidagi ingliz ekspeditsiyasi, Xalqaro geofizika yilidagi (1957 — 1958) tadqiqotlar, Jak Iv Kusto


ekspeditsiyasi davrida okean hayotiga va tabiat komponentlariga taalluqli juda ko‘p ma’lumot to‘plandi.

Geologik tuzilishi va relyefi. Gondvana va Lavraziya materiklarining gorizontal yo‘nalishdagi parchalanishi natijasida Atlantika okeani paydo bo‘lgan.

Geologik tuzilishida turli xil yotqiziqlar qatnashadi. Jumladan, o‘rta okean tizmalarida bazaltli va vulqonli jinslar, materik sohillarida daryolar oqizib keltirgan qum, gil, loyqa jinslar tarqalgan.

Materik sayozligi okeanning shimoliy qismida, Florida yarimoroli, Folklend orollari yonida katta maydonlarni egallaydi, Afrikaning g‘arbiy sohillarida esa tor yo‘lakni hosil qiladi. Materik yonbag‘ri ancha tik. Okean tubida O‘rta Atlantika suvosti tog‘ tizmasi shimoldan janubga 15 000 km masofaga cho‘zilgan. O‘rta Atlantika tizmasi, o‘z navbatida, Shimoliy va Janubiy Atlantika tizmalariga bo‘linadi. Bu tizmalar oralig‘ida bir nechta botiqlar joylashgan. Mazkur botiqlarning chuqurligi 3 000 m dan 7 000 m gacha yetadi. O‘rta okean tizmasining tepa qismini ko‘ndalang va bo‘ylama chuqur daralar — riftlar kesib o‘tgan. Okeanning eng chuqur qismi Puerto-Riko cho‘kmasi bo‘lib, 8 742 m chuqurlikda joylashgan.

Iqlimi. Atlantika okeani yuza suvlarining harorati Tinch va Hind okeanlari suvlariga nisbatan past (+16,5 °C). Bunga Shimoliy Muz okeanidan va Antarktida tomonidan sovuq oqimlarning kirib kelishi sababchidir. Termik ekvatorda suv yuzasining o‘rtacha yillik harorati 27 — 28 °C. Okeanning janubiy va shimoliy qismlarida 0 –1 °C gacha pasayadi.

Okeanda barcha iqlim mintaqalari mavjud. Uning janubiy o‘rtacha kengliklarida yil davomida kuchli shamollar kuzatilsa, subtropiklarda haftalab shtil — shamolsiz kunlar bo‘ladi.

Okeanning o‘rtacha sho‘rligi (37,5 ‰) Dunyo okeani o‘rtacha sho‘rligidan yuqori. Okeanning shimoliy va janubiy chegaralarida suvning sho‘rligi 34 — 35 ‰, eng sho‘r dengizi O‘rta dengiz (37 — 39 ‰) hisoblanadi.

Oqimlari. Atlantika okeanida oqimlar halqalar hosil qiladi. Mashhur Golfstrim oqimi okeandagi qudratli daryo singari


Shimoliy Amerika va Yevropa iqlimiga ta’sir qilib, shimol tomondagi muz va muztog‘ (aysberg)larning erishiga hamda tumanli kunlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Okeanning tabiat mintaqalari. Atlantika okeanining o‘rta qismida ekvatorial mintaqa joylashgan. Bu mintaqaning yillik yog‘in miqdori 1 770 mm ga va suvning o‘rtacha sho‘rligi 35 ‰ ga teng. Undan shimolda va janubda tropik, subtropik, mo‘tadil, subqutbiy va bitta qutbiy mintaqalarning bepoyon suvlari joylashgan. Subtropik va tropik mintaqalarda yog‘ingarchilik kam bo‘lganligi tufayli ular suvining sho‘rligi biroz ko‘tariladi.

Shimoliy subtropik mintaqada tabiati o‘ziga xos bo‘lgan Sargasso dengizi joylashgan. Dengiz suvining sho‘rligi 37 ‰ ga teng, harorati qishda 23 °C ni va yozda 28 °C ni tashkil etadi. Insonning xo‘jalik faoliyati. Buyuk geografik kashfiyotlar Atlantika okeanidan boshlangan. Mashhur dengizchilar shu okean orqali safarga chiqqanlar. Hozir ham transportdagi ahamiyati jihatidan birinchi o‘rinni egallaydi. O‘rta dengiz sohillari dunyo turizmida birinchi o‘rinda turadi. Suvaysh (1869y.) va Panama (1914y.) kanallarining ishga tushirilishi okeanning

ahamiyatini yanada oshirdi.

Okean shelflaridan xilma-xil boyliklar qazib olinadi, baliq ovlash ko‘proq okeanning shimolida olib boriladi.




Asosiy xususiyatlari. Eng sho‘r okean, eng issiq ko‘rfazi mavjud, eng katta suvosti deltasi bor, cho‘kindi jinslar eng qalin (5,5 km, Gang deltasi), asosiy qismi janubiy yarimsharda, o‘simlik va hayvonlarga eng kambag‘al, eng uzun bo‘g‘izi bor, neft va gaz zaxirasi va qazib olinishi, tashiladigan neft hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Marvarid va durlar yig‘ib olishda yetakchi hisoblanadi.

Geografik o‘rni. „Hind“ so‘zi sanskritcha daryo degan ma’noni anglatadi.

Hind okeani to‘rtta materik (Afrika, Yevrosiyo, Avstraliya, Antarktida) oralig‘ida joylashgan. Okeanning asosiy qismi Janubiy yarimsharda joylashgan. Shimoli-sharqiy va shimoli-g‘arbiy qirg‘oqlari ancha parchalangan. Maydoni 76 mln kv km.

O‘rganilish tarixi. Dastlab arablar, shumerliklar Fors ko‘rfazi, Qizil dengiz va Hind okeanida suzishgan (er. av. IV — V asrlarda) bo‘lsalar, finikiyaliklar (er. av. VI asrda) Hind okeani orqali Afrikani janubdan aylanib o‘tib, g‘arbdan qaytib kelganlar.

Eramizning boshlaridan arablar (ayniqsa, VII — XII asrlarda) Hind okeanini o‘zlashtirdilar. Ular okean qirg‘oqlarini, orollar, oqimlarni, shamollarni atroflicha o‘rgandilar. Vasko da Gama Hindistonga dengiz yo‘lini ochdi (1498y.). Hind okeanini birinchi bo‘lib A. Tasman (1642 — 1643) g‘arbdan sharq tomonga (Avstraliya janubiga) suzib o‘tgan bo‘lsa, J. Kuk (1771 — 1775) okean chuqurligini aniqladi.

Okeanni muntazam o‘rganish XIX asrning oxiridan boshlandi. „Chellenjer“ kemasi a’zolari, UNESCO tashabbusi bilan 1960 — 1965yillarda tashkil etilgan Xalqaro Hind okeani ilmiy ekspeditsiyasi okean to‘g‘risida mukammal ilmiy ma’lumotlar to‘pladi.


Okean tubi relyefi. Hind okeani tubida uch tarmoqqa bo‘linib ketgan tog‘ tizmalari mavjud. Bular Arabiston-Hindiston, G‘arbiy Hind tog‘lari va Avstraliya-Antarktida ko‘tarilmalaridir. Okeanning sharqiy qismida Markaziy va G‘arbiy Avstraliya botiqlari mavjud. Ularni bir-biridan Sharqiy Hind tizmasi ajratib turadi. Tog‘ tizmalarining kengligi 400 — 800 km, balandligi 2 — 3 km. Hind okeanining eng chuqur joyi Yava (Zond) cho‘kmasida bo‘lib, chuqurligi 7 729 m ga teng.

Iqlimi. Okeanning shimoliy qismida suv yuzasining harorati yuqori +25 +28 °C, janubida esa ancha past. Suvining sho‘rligi Dunyo okeani o‘rtacha sho‘rligidan yuqori. Qizil dengiz suvi eng sho‘r (42 ‰), sho‘rligi eng past Bengaliya qo‘ltig‘i (30 — 34 ‰) suvlaridir. Yog‘inlar miqdori ekvatorial mintaqada ko‘p (3 000 mm gacha), qutblar tomon kamayib boradi. Eng kam yog‘in shimoli-g‘arbiy qismida (100 mm) kuzatilgan. Okeanda shimolda subtropik, tropik, subekvatorial, ekvatorial, janubda subekvatorial, tropik, subtropik, mo‘tadil, subantarktika va antarktika iqlim mintaqalari tarkib topgan.

Organizmlari. Hind okeanining tropik mintaqalarida planktonlar ko‘p. Planktonlar orasida kechasi nur sochadigan turlari bor. Okean suvlarida baliqlardan sardinella, skumbriya, akula, kitlar, iliq suvlarda ulkan dengiz toshbaqalari, dengiz ilonlari, molluskalar (kalmarlar) yashaydi. Dengiz sayozliklarida, marjon riflari atrofida organizmlar eng ko‘p tarqalgan. Bu yerlarda haqiqiy suvosti o‘tloqlarini uchratish mumkin.

Okeanning tabiat mintaqalari. Okeanning ekvatorial mintaqasida iqlim sharoiti yil davomida kam o‘zgaradi. Yuzadagi suv harorati 20 — 28 °C. Yillik yog‘ingarchilik miqdori 2 000 —3 000 mm ni tashkil etadi. Shunga mos tabiat kompleksi shakllangan.

Janubiy subtropik mintaqada ikkita yirik kompleksni — iliq va sovuq suv massalaridan tashkil topgan tabiat komplekslarini ko‘ramiz. Mintaqaning g‘arbiy qismida yog‘ingarchilik ko‘p (1 000 mm), iliq oqimlar ta’sirida bo‘lganligidan yil davomida suvi iliq, harorati ancha yuqori bo‘ladi. Sharqiy qismida esa sovuq oqimlar ta’sirida yil davomida suvning harorati past bo‘ladi, yog‘in kam (500 mm) yog‘adi.


Okeanning janubida mo‘tadil va subantarktika tabiat mintaqalari joylashgan. Ular tabiatining shakllanishida g‘arbiy shamollar va muzli Antarktida materigining ta’siri kuchli. Mintaqalar yuza suvi nisbatan sovuq bo‘lganligi uchun shunga mos organizmlar yashaydi.


Geografiya 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz