AFRIKA - Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Relyefi




Geologik tuzilishi. Afrika — qadimgi Gondvana quruqligining bir bo‘lagi. 180 mln yil muqaddam Arabiston yarimoroli bilan birga yaxlit platformani hosil qilgan. Alp tog‘ burmalanishi davrida Qizil dengiz o‘rni ochilgan. Natijada Arabiston yarimoroli Yevrosiyoga tutashib ketgan.

Afrika materigi, asosan, qadimgi platforma ustida joylashgan bo‘lib, ko‘proq tekislik va yassi tog‘liklardan iborat. Seysmik hududlar nisbatan kam. Chekka shimoli g‘arbida Yevrosiyo plitasi bilan to‘qnashgan chegarada balandligi 4 165 m ga yetadigan Atlas burmali tog‘ tizmasi ko‘tarilgan.
Quruqlikdagi eng yirik Sharqiy Afrika yer yorig‘i 6 500 km masofaga cho‘zilgan bo‘lib, Akoba qo‘ltig‘idan Zambezi daryosining quyi oqimigacha davom etadi. Olimlarning bashoratiga ko‘ra, kelajakda Buyuk Afrika yer yorig‘idan sharqdagi hududlar materik oroli tariqasida (Madagaskar oroli singari) Afrikadan ajralib ketadi. Bu zonada Yer po‘sti serharakat bo‘lib, unga harakatdagi vulqonlar (Kilimanjaro, Karisimbi) va zilzilalar xos. Sharqiy Afrika yassi tog‘ligi palaxsalanib ko‘tarilgan gorst va grabenlardan iborat. Chuqur ko‘llar grabenlarda tarkib topgan. Tog‘lar, platolar magmatik va metamorfik jinslaridan tuzilgan. Botiqlar, cho‘kmalar, pasttekislik va tekisliklar cho‘kindi jinslar bilan qoplangan.
Foydali qazilmalari. Afrika turli xil qimmatbaho tabiiy boyliklarni o‘z zaminida asrab yotgan ulkan xazinadir. Afrikada magmatik jinslarning keng tarqalishi rudali foydali qazilmalarning ko‘plab tarkib topishiga sabab bo‘lgan.
Afrika olmos qazib chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Qadimgi kristall jinslar temir rudasi, xrom, mis, rux, qalay, uran rudasi, oltin va qimmatbaho toshlarga boy. Mashhur „ mis mintaqasi“ Zambiya va Kongo Demokratik Respublikasi chegara zonasida joylashgan. Materikning botiq, cho‘kindi jinslar to‘plangan joylarida toshko‘mir, neft, tabiiy gaz, marganes rudalari, tuzlar, fosforitlar keng tarqalgan (ilovadagi 24rasmga qarang).
Relyefi. Afrika hududi relyef xususiyatiga ko‘ra ikki qismga bo‘linadi. Mutlaq balandligi 1 000 metrgacha bo‘lgan tekislik, plato va tog‘liklardan tashkil topgan „past“ Afrika Shimoliy va G‘arbiy Afrikani o‘z ichiga oladi. „Baland“ Afrika Sharqiy va Janubiy Afrikani egallagan. „Past“ va „baland“ Afrika o‘rtasidagi chegara Angola-Efiopiya yo‘nalishidan o‘tadi (24rasm, ilovaga qarang).

„Past“ Afrikada qumli past-balandliklar ko‘p bo‘lgan Sahroyi Kabir, tekis va botqoqli Kongo botig‘i, plato va tog‘lik (Darfur, Axaggar, Tibesti va boshqa)lar asosiy relyef shakllaridir. Sahroyi Kabirdan shimoli g‘arbida Atlas tog‘lari joylashgan. Uning eng baland joyi Tubkal cho‘qqisidir (4 165 m). „Baland“ Afrikada Efiopiya tog‘ligi, Sharqiy Afrika yassi tog‘ligi va Janubiy Afrika yassi tog‘lari joylashgan. Bu yerda ham tog‘ oralig‘idagi (Viktoriya, Kalaxari) va Sharqiy Afrika yer yorig‘i o‘tgan zonadagi chuqur cho‘kmalar bor. Sharqiy Afrika yassi tog‘ligida Kilimanjaro (5 895 m), Keniya (5 199 m), Margerita (5 109 m) va boshqa tog‘ cho‘qqilari mavjud. Sharqiy Afrika tog‘ligidan shimol tomonda Efiopiya tog‘ligi joylashgan. Plato, tog‘lik va yassi tog‘likdan boshlanadigan yoki oqib o‘tadigan daryo vodiylarida relyefning dara, kanyon, sharshara (Viktoriya, Livingston, Stenli), ostonalar ko‘p hosil bo‘lgan. Afrikaning eng baland (Kilimanjaro vulqoni, 5 895 m) va eng past nuqtalari (Afar botig‘idagi Assal ko‘li, –153 m) ham „baland“ Afrikada joylashgan. „Past“ Afrikaning eng past joyi Kattara botig‘idir (–133 m).


Iqlimning tarkib topishi. Afrika deganda dastlab jazirama issiqda chiniqqan, qora tanli, jingalak sochli odamlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Haqiqatan ham Afrikaga „issiq materik“ nisbati bejiz berilmagan. Tropiklar oralig‘ida Quyosh ufqdan juda balandda va har yili ikki marta zenitda bo‘ladi. Shuning uchun uning juda katta qismida xohlagan oyning o‘rtacha harorati +20 °C dan ortiq. Hatto eng shimoliy va janubiy qismlarida qish oyining o‘rtacha harorati +10 +15 °C dan pastga tushmaydi.
Afrika iqlimining tarkib topishida uning geografik o‘rni, havo bosimi va massalari, relyefi, okean oqimlari kabi omillar kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ekvatorga yaqin joylashgan o‘rniga ko‘ra juda katta miqdorda quyosh radiatsiyasini (yiliga bir kv sm ga 160 — 200 kkal) oladi. Yil fasllari yog‘in miqdoriga qarab farqlanadi. Ekvatorial hududlarda past bosimli mintaqalar, tropik kengliklarda esa yuqori bosimli mintaqalarning tarkib topishi Quyoshning balandligiga bog‘liq. Shunga binoan materik ustida ekvatorial, tropik va mo‘tadil havo massalari harakatlanadi.
Materik iqlimining shakllanishida doimiy shamollar — passatlarning ta’siri kuchli. Yil davomida Atlantika okeanidan esadigan nam havo massalari Gvineya qo‘ltig‘i sohillari va ekvatorial zonalarga juda ko‘p yog‘in keltiradi. Masalan, Gvineya qo‘ltig‘i sohilidagi Debunja hududiga yiliga 10 000 mm gacha yomg‘ir yog‘adi.
Yog‘inlar taqsimotiga relyef shakllari ta’sir etadi. Nam havo massalarining yo‘nalishiga ro‘para turgan tog‘ yonbag‘irlariga ko‘p yog‘in tushadi.
Okean oqimlari materik iqlimini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Agar sohil bo‘yida sovuq oqim bo‘lsa, yog‘in yog‘maydi va cho‘l iqlimi tarkib topadi (masalan, Namib, Somali). Kanar,

Bengela sovuq oqimlari ustidan esadigan shamollar materikka sovuq havo olib keladi. Lekin yuqoridagi havo iliq bo‘lishiga qaramasdan, qirov va tumanlar hosil bo‘lsa-da, yog‘in yog‘maydi. Natijada qurg‘oqchil cho‘llar tarkib topadi.
Iqlim xususiyatlari. Afrika — eng issiq materik. Bu uning katta qismi yoritilish mintaqasida joylashganligidandir. Sayyoramizdagi eng issiq harorat shu yerda kuzatilgan (Triðoli shahri yaqinida +58 °C). Lekin eng baland tog‘larda doimiy qor va muzliklar bor. Afrika iqlimining o‘ziga xos xususiyatlari iqlim mintaqalarida yaqqol namoyon bo‘ladi.


Geografiya 6-sinf kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz