Aziz o‘quvchi! Balki Sizning maktabingizda yoki qo‘shni maktablarda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlar o‘qir. Siz, albatta, shunday mukofot borligini yaxshi bilasiz. U har yili respublikamizda ta’lim, fan, adabiyot, san’at sohalarida o‘z iste’dodini namoyon etayotgan maktab, kasbhunar kolleji va akademik litseylar hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan qizlarga taqdim etilishini ham eshitgansiz. Ana shunday nufuzli mukofot nega Zulfiya nomida, uning o‘zi kim, qanday xizmatlari bilan bunday sharafga sazovor bo‘lgan deb qiziqqan bo‘lsangiz ham kerak? Keling, yaxshisi, hikoyamizni diqqat bilan o‘qing!
U 1915-yili Toshkent shahrining qadimiy Dergez mahallasida tavallud topgan. Avval boshlang‘ich maktabda, so‘ng xotin-qizlar bilim yurtida tahsil olgan. 1935–1938-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qigan. Shundan keyin turli nashriyotlarda ishlagan. 1953-yildan 1980-yilgacha, qariyb o‘ttiz yilga yaqin respublikamizda keng tarqalgan «Saodat» nomli xotin-qizlar jurnalida bosh muharrir bo‘lgan.
U atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjon bilan oila qurgan. Biroq ular orzularga to‘la hayot kechirayotgan pallada – 1944-yili mashina halokati tufayli turmush o‘rtog‘idan ayriladi. Shundan so‘ng umr bo‘yi o‘z muhabbatiga sodiq qolib Hamid Olimjonning ishlarini sabot bilan davom ettiradi. Uning «Semurg‘»,
«Zaynab va Omon» dostonlari asosida pyesa va opera librettolarini yaratadi. O‘zi ham «Quyoshli qalam», «Mushoira», «Xotira siniqlari» kabi poemalar yozadi. Rus, ukrain, ozarbayjon, hind shoiralarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi.