YULDUZLI TUNLAR (BOBUR)




(romandan parcha)

Bobur mingan yoldor saman ot egasining iztiroblarini sezganday yugan suvlig‘ini asabiy chaynaydi, jilovni tortib, oldinga uchmoqchi bo‘ladi. Qosimbekning to‘riq qashqasi saman bilan yonma-yon yo‘rg‘alab boradi. Yo‘l Sirdaryoning baland qirg‘og‘idan kunchiqish tomonga qarab ketadi. Bobur tezroq Andijonga borib, ota yurtini Ahmad Tanbal istilosidan xalos qilishga oshiqadi. Qosimbek uni Xo‘jandda to‘xtab kuch yig‘ishga, vaziyat yetilishini kutishga undaydi.
– Amirzodam, Samarqanddan bemavrid yo‘lga chiqqan ekanmiz. Andijon choparini kutsak bo‘larkan. Endi shoshilmaylik.
– Ustozim Xo‘ja Abdullani osib o‘ldirgan Tanbal onam bilan egachimni sog‘ qo‘ygaymi? Ularni kim qutqargay?
– Parvardigor o‘zi qutqaribdir. Hazrat onangiz bilan egachingiz Andijondan Qo‘qonga kelibdirlar.
– Kim aytdi?
– Tohir ularni Qo‘qondan berida yo‘lda ko‘ribdir. Bir kecha Konibodomda tunab, keyin Xo‘jandga borurmiz deyishibdir.
– Qo‘qon hali bizga tobe’mi?
– Ha, shukr. Xo‘jand ham sizga xayrixoh!
Bu xabarlar Boburga xiyol taskin berganday bo‘ldi. Qosimbek so‘zida davom etdi:
– Onaizor sizni behad sog‘ingandirlar. Mulozimlar bilan peshvoz chiqib kutib olsangiz qanchalik shod bo‘lg‘aylar. Ungacha men Xo‘jand dorug‘a1si bilan so‘zlashib, sizlarga joy hozirlagaymen.

Boburning o‘zi ham o‘n oydan beri ko‘rishmagan onasi va egachisining iliq mehrlariga juda tashna edi. Qosimbekning so‘nggi taklifi ma’qul tushib, mulozimlari va ikki yuztacha qo‘riqchi navkarlari bilan Xo‘janddan Konibodom yo‘liga chiqdi.
Qayroqqumdan berida tuya va xachirlarga ko‘ch ortgan karvon ko‘rindi. Karvon ortida sandiqlar yuklangan katta g‘ildiraklik qo‘qon aravalar ham kelmoqda. Ularning hammasini to‘rtbesh yuz kishilik otliq navkarlar uch tomondan qo‘riqlab yo‘l yurmoqda. Xon qizi bo‘lgan Qutlug‘ Nigor xonimning besh yuzdan ortiq xos navkari borligi Boburning yodiga tushdi.
Oldingi qatordagi qo‘riqchilar orasida bo‘z ot minib kelayotgan Qutlug‘ Nigor xonim Boburni sallasiga qadalgan tojdorlik belgisidan tanib, otini o‘g‘li tomon yeldirdi.
Ona-bola va egachi-ini otlaridan tushib, quchoqlashib ko‘rishar ekanlar, goh xonumondan ayrilish alamlarini, goh diydor ko‘rishish quvonchlarini ichlariga sig‘dirolmay ko‘zlariga dambadam yosh olishar edi.

Yana otlanib Xo‘jandga yetgunlaricha ko‘rgan-kechirganlarini bir-birlariga so‘zlab berishdi.
– Tanbal asoratidan qanday qutuldilaringiz? – so‘radi Bobur onasidan.
– Mana shu qo‘riqchi navkarlarim Tanbalni biz turgan joyga yaqin keltirmadi. «Men Yunusxonning qizimen, inim Mahmudxon Toshkent tojdoridir, agar Ahmadbek bizga ziyon yetkazsa, xonlar oldida javob berur!» – deb orada turgan odamlariga aytdim. Harqalay, gapim ta’sir qilibdi, beshikast chiqib keldik.
– Afsus, men bundan bexabar qoldim! Chopar kechikdi!
– Biz ham shunisiga kuyinurmiz, Boburjon! Siz bizni deb Samarqandni jangsiz topshiribsiz!
Shu tarzda dardlashib, Xo‘jandga yetib keldilar. Shahar dorug‘asi nufuzli a’yonlari bilan qo‘rg‘on darvozasidan chiqib, Bobur va uning onasini ehtirom bilan kutib oldilar. Bu qadimiy shahar xalqi Chingizxon bilan mardona olishgan Temur Malik davridan beri mo‘g‘ul bosqinchilaridan ko‘p jabr ko‘rgan. Hozir ham Toshkentda hukmron bo‘lib olgan chingiziylar Xo‘jandga xavf solib turardi. Buning ustiga Andijon ham Ahmad Tanbalday zolimlarning qo‘liga o‘tgan paytda xo‘jandliklar Bobur kabi temuriy shahzodalar himoyasiga ehtiyoj sezardi. Shuning uchun shahar dorug‘asi Boburni oliy darajada e’zozlab, Sirdaryo sohilidagi ulkan bog‘ini ikki oshiyonlik qasri bilan uning ixtiyoriga berdi. Qosimbek Boburga, uning onasi va egachisiga ikkinchi oshiyondagi eng yaxshi xonalarni tayyorlatib qo‘ydi. O‘zi bek-u mu-
lozimlar va qo‘riqchi yigitlar bilan birinchi qavatni egalladi.
Hammalari narsalarini joylashtirib tinchiganlaridan so‘ng, ikkinchi oshiyondagi katta tanobiy uyda Bobur onasi va egachisi bilan yakkama-yakka qolib, boshqalar oldida aytilmaydigan dard-u alamlarini to‘kib soldilar.

– Tole’ bizdan yuz o‘girdi! – dedi Bobur «uh» tortib, – Tanbalning o‘n ming qo‘shini bor emish, rostmi?
– Rost! Nobakorlar sizni «Samarqandda vafot etdi», deb ovoza tarqatdilar, – dedi Qutlug‘ Nigor xonim. – Behush yotganingizni ko‘rib kelgan choparni guvoh qilib ko‘rsatib, ko‘p odamni bunga ishontirdilar. Shundan so‘ng tarafdorlaringiz ma’yus tortib, Tanbal bilan Jahongirga bo‘yin egdilar.
– Qosimbek ham xato qilganki, meni behush ahvolda ko‘rgan navkarni Samarqandda to‘xtatib turmagan. Buni sir tutmoq kerak edi! Hozir bizning bir yarim mingga yetar-yetmas navkarimiz qoldi. Ularning ham ko‘pi vodiydagi uylariga, ahli oilasiga talpinur, Xo‘jandda ko‘p turolmay tarqab ketgay. Men endi qaysi kuch bilan Tanbalga qarshi boray? Bu ne ko‘rgulikki, birvarakay ham Samarqanddan, ham Andijondan mahrum bo‘ldik! Ikki mulk orasida muallaq qoldik! Najot yo‘q! Atrofimiz zim-ziyo qorong‘ilik! Boshi berk ko‘cha!
Bobur jigarbandlariga dil yorib so‘zlar ekan, ilojsizlikdan ko‘ngli ezilib, ruhi qiynalar, ko‘zlariga yosh quyilib kelardi.
Yaqindagina og‘ir xastalikdan turgan o‘n olti yoshlik o‘g‘lining bunchalik ezilib qiynalishlari Qutlug‘ Nigor xonimni iztirobga soldi.
– Boburjon, bolam, shukurki, sog‘-salomat ko‘rishdik! Xayriyat, tuzalib ketibsiz.
– Baraks1, tuzalmay turganim ma’qul edi! Samarqandni tashlab chiqmas edik!
Bunday og‘ir kayfiyat bilan yolg‘iz o‘g‘li yana uzlikib yotib qolishi mumkin. Xavotirlangan ona Boburga taskin beradigan, uning ko‘nglini ko‘taradigan chora izlay boshladi.
Shunda qizi Xonzoda begim yordamga keldi:
– Onajon, amirzodamni mamnun qiladigan noyob bir sovg‘amiz bor edi-ku!
– Qaysi sovg‘a?
– Shaxnishinning2 orqasidan topilgan mahfiy sandiq-chi!
– Ha, aytmoqchi! – Qutlug‘ Nigor xonim o‘g‘liga yuzlanib, ovozini sirli tarzda pasaytirdi. – Boburjon, sizga atalgan buyuk bir meros topildi. Yuring, ko‘rsatay!
Qutlug‘ Nigor xonim Boburni va qizini o‘zi joylashgan narigi tomondagi xonaga boshladi. Bobur onasi bilan yonma-yon borar ekan, uning bo‘yi shu o‘n oy ichida xiyla o‘sganini, Bobur tez ulg‘ayib o‘n olti yoshida devqomat, pahlavon yigit bo‘layotganini sezgan Qutlug‘ Nigor xonim ichida Yaratganga yana bir shukrona aytib qo‘ydi. Ayvoni Sirdaryoga qaragan bahavo, keng xonaga kirdilar. Gilamlar, beqasam ko‘rpachalar to‘shalgan xonaning to‘rida silliq charm qoplangan sandiq ko‘rindi. Uchovlari shu sandiqqa yaqinlashganlarida Qutlug‘ Nigor xonim Boburga qarab dedi:
– Esingizdami, otangiz sizga: «Bobokalonimiz Amir Temurdan qolgan noyob meros bor, asrab-avaylab yuribmen, katta bo‘lganingizda berurmen», – der edilar?
– Ha, otam bizga Sohibqiron bobomiz haqida ko‘p g‘aroyib hikoyalar ham aytib berganlar.
– Bobokalonlariga ixloslari zo‘r edi-da. Vafotlaridan keyin o‘shal merosni Axsidan izladim, topolmadim. O‘tgan hafta Andijonda ko‘ch yig‘ishtirgan paytimizda xonayi xosning devoriga osilgan turkman gilamini olsak, usti shuvalgan tuynukning izi ko‘rindi... Tuynuk orqasidagi maxfiy joyga mana shu sandiq berkitilgan ekan!..
Qutlug‘ Nigor xonim namoz o‘qigan paytidagi kabi ezgu bir tovush bilan sekin:
– Bismillohir rahmonir rohiym! – dedi-da, sandiqni ochdi. Undan nafis ipak matoga o‘ralgan oltin sopli qilichni ikki qo‘llab olib o‘g‘liga ko‘rsatdi:
– Sohibqiron Amir Temurning qilichlari!
Bobur quloqlariga ishonmay, ko‘zlarini katta-katta ochib qilichga tikildi:
– Rostdanmi, a?
– Yozuvlari bor! Oling, bolam, o‘qib ko‘ring!
Qilichning qini yengil bir ma’dan qotishmasidan quyma qilib yasalgan, ustidan oltin suvi yugurtirilgan edi. Qinning yuz tomoniga ikkita yirik yashil zumrad toshi qadalgan, ularning oralig‘ida chiroyli xattotlik harflari bilan bitilgan arabcha yozuv bor edi. Bobur qilichni onasining qo‘lidan ikki qo‘llab oldi-da, yozu-
vini ko‘zlariga yaqin keltirib o‘qidi:
«Bizkim, maliki Turon, podshohi Turkiston Amir Temur Ko‘ragon farzandimiz Mironshoh Mirzoga To‘xtamish bilan muhoribada ko‘rsatgan jasorati uchun o‘z qilichlarimizdan birini in’om etdik».
Bobur bu qilich dastasiga Amir Temurning qo‘li tekkanini, balki Sohibqiron uni janglarda ishga solganini ko‘z oldiga keltirib hayajonlanib ketdi. To‘xtamishxon va boshqa chingiziylar bilan qilingan dahshatli janglar xayolida gavdalandi.

– Qilichning o‘zida ham bitik bor, – dedi past tovush bilan Xonzoda begim.
Bobur qilichning oltin sopidan sekin tortib, uni bir qarichcha qinidan chiqardi. Shunda olmosday yaltiragan qisqa bir yozuv ko‘ziga jilvalanib ko‘rindi. Amir Temurning muhridagi «Rosti – rusti», ya’ni «Kuch – adolatdadir» degan so‘zlar qilichning po‘latiga qadama tarzida mustahkam qilib bitilgan edi.
Bu qisqa so‘zlarni o‘qiganda negadir Boburning eti jimirlab ketdi, dilida qo‘zg‘algan kuchli bir tug‘yondan entikdi, qilichdagi olmos yozuvni ko‘zlariga surib o‘pdi.
Qilich uncha og‘ir emas edi. Bobur uni beliga taqqanda atrofidagi hamma narsa ko‘ziga boyagidan boshqacha – allanechuk sokin va salobatli ko‘rindi.
– Onajon, siz menga yangi bir ruh ato qildingiz!
– Bobokalonlaringizning ruhi sizga madadkor bo‘lsin, o‘g‘lim! Bu qilichni Mironshoh bahodirdan so‘ng otangizning otalari Sulton Abusaid bahodir taqqan ekanlar. Inshoolloh, siz ham bobolaringizdek bahodir bo‘lg‘aysiz!
– Aytganingiz kelsin!
– Xudo rahmati Abusaid bobongiz vafot etganlaridan so‘ng qolgan meroslari o‘g‘illari orasida taqsim etilur. Katta o‘g‘illar oltin-u javohir to‘la sandiqlarni talashib olurlar. Ammo sizning jannatmakon otangiz mana shu sandiqdagi qilich bilan xotirotlar bitilgan daftarlarni afzal ko‘rurlar. Chunki bu xotirotlarda Amir Temur hazratlarining ko‘rgan-kechirganlari bitilmishdir. Xonzoda, qizim, siz o‘qib ko‘rdingiz, shekilli?
– Ha, Sohibqiron bobomiz yigitlik paytlarida chingiziylar hukmronligiga qarshi chiqqan ekanlar. El-yurt Samarqandda Temurbekni o‘z hukmdorlari deb e’lon qilgan ekan. Chingiziylarni yurtimizdan quvmoqchi bo‘lganlar ko‘p ekan. Bundan g‘azablangan Tug‘luq Temurxon bilan uning o‘g‘li Ilyosxo‘ja Mo‘g‘ulistondan ellik ming qo‘shin bilan kelib, Temurbek tarafdorlarini qirg‘in qilurlar. Temurbekning o‘zi Qoraqum, Qizilqum sahrolarida, Hisor-u Badaxshon tog‘larida to‘rt yil quvg‘inda yurib, kuch to‘playdirlar.
Bobur bu hodisalar haqida otasidan ham ko‘p maroqli hikoyalar eshitganini esladi. Ayniqsa, Temurbekning suyukli yosh xotini O‘ljoy Turkon og‘a bilan eng og‘ir damlarda birga bo‘lgani, goho xotinini otiga mindirib, o‘zi qum sahrosida piyoda yurganlari yosh Boburga kuchli ta’sir qilgan edi.
Shuni biladigan Xonzoda begim inisiga mehri toblanib tikildi:
– Sizda ham Sohibqiron bobokaloningizdagi jo‘mardlikdan bor, amirzodam! – dedi. – O‘shdagi suhbatlarimiz yodingizdami? Siz meni Ahmad Tanbalning tajovuzidan qutqarganingizni umrbod unutmagaymen! Bo‘lajak kelinimiz Oyisha begimni siz Samarqanddan yog‘iy asoratidan xalos qilib, bizga xayrixoh Toshkentga kuzatib qo‘yibsiz. Bu ham bir jo‘mardlik emasmi? Yetti oy qamal azobini tortgan samarqandliklarga oshlik tarqatibsiz, urug‘ligi qolmagan dehqonlarga bahorda urug‘lik keltirib beribsiz. Bu hammasi dilingizda adolat tuyg‘usi kuchli ekanidan dalolatdir. Belingizdagi qilichga Sohibqiron bobokaloningizning
«Kuch – adolatdadir» degan hikmatlari bejiz bitilmagan. Ahmad Tanbalning o‘n ming askari bo‘lgani uchun u hozir «Men kuchlimen!» deb yuribdir. Ammo yolg‘onning umri qisqa! Ahmad Tanbal Andijonni aldamchilik bilan egalladi, sizni «o‘ldi» deb ovoza tarqatdi. Siz sog‘-salomat qaytganingizni odamlar hademay bilurlar, Tanbalning yolg‘oni fosh bo‘lur. Uning zolimligidan hamma bezor bo‘ladigan kunlar kelur.
– Ana o‘shal kunlar kelguncha sabr-bardoshli bo‘ling, Boburjon, – dedi onasi. – Sohibqiron bobongiz mana shu Xo‘jandga ham necha bor kelganlar. Sirdaryodan necha marta o‘tganlar, vaziyat yetilishini yillar davomida kutganlar, axiyri adolat g‘olib chiqqan kunlarga yetganlar. Siz ham yetursiz, ishoning!
– Ishondim, onajon! Siz bilan egachim mening dilimda o‘chib qolgan umid chiroqlarini qayta yondirganday bo‘ldilaringiz. Minba’d men doim Sohibqiron bobokalonimizdan saboq olib ish tutgaymen!
Onasi in’om qilgan buyuk meros chindan ham Boburning dilini ravshan qilib yuborgan edi. Ular kelib tushgan bog‘da o‘riklar oppoq bo‘lib gullagani endi uning ko‘ziga tashlandi. Daryo bo‘yidagi qalin chakalakzorda bulbullar basma-bas sayrayotgani qulog‘iga chalindi. Ayvonga chiqqanda kechki shabada yuziga ipakday mayin salqinlik berdi.

* * *

Ammo bu mas’ud damlardan keyin kelgan kunlar, oylar, hatto yillar lomakon1lik va sargardonlikda o‘ta boshladi. Sohibqiron bobokalonidan saboq olib yashashga ahd qilgan Bobur buning qanchalik qiyin bo‘lishini o‘z boshiga og‘ir kunlar tushganda bildi. U onasi in’om qilgan sandiqdagi xotirotlarni takror-takror o‘qib, Sohibqiron bobosini yigitlik paytidagi ismi bilan xayolida Temurbek deb atashga o‘rgandi. Temurbek yigirma besh yoshida Samarqand va Shahrisabzdagi xonumonidan judo bo‘lgani va ota yurtining to‘rt tomoniga bosh urib najot izlagani Boburning hozirgi ahvolini eslatardi.
To‘g‘ri, Temurbekka tajovuz qilgan Ilyosxo‘ja va Amir Bekchiklar Ahmad Tanbaldan yuz chandon qudratliroq va xatarliroq edi. Ular Temurbekni tutib olib o‘ldirish uchun minglab odamlarni safarbar etadilar. O‘lim xavfi yillar davomida Temurbek bilan izma-iz yuradi. Qoraqum sahrosidan narida, Xiva bo‘sag‘asida Temurbek oltmish yigiti bilan ming kishilik yov qurshovini qo‘lda qilich bilan yorib chiqib, qutulib ketadi.
Endi o‘n yetti yoshga kirayotgan Bobur hali bunday dahshatli xatarlarga duch kelgan emas. Faqat ota yurtidan ayrilib, lomakon bo‘lib yurgani va Ahmad Tanbalga bas kela oladigan kuchli qo‘shin yig‘ish nihoyatda mushkul bo‘layotgani uni qiynaydi. Boburning ishongan odamlari yashiriqcha Andijon-u Axsiga, Marg‘ilon va O‘shga borib kelmoqda. Xayrixohlar ko‘p, ammo yurak yutib maydonga chiqadiganlar kam. Boburning o‘zi ham bu yog‘i Isfara va Konibodomga, u yog‘i Zomin va Jizzaxgacha, janubda O‘ratepa, shimolda Toshkentgacha – hamma joyga bir necha marta borib keldi. Bir yarim yildan beri qishni qish, yozni yoz demay yo‘l bosdi. Sirdaryodan qayta-qayta suzib o‘tdi. Qishda muzni teshib cho‘milgan paytlari bo‘ldi. Uning o‘ziga o‘xshab chiniqqan yigitlari Temurbekning Hisor tog‘larida, afsonaviy g‘orlarda yashab toblangan yigitlarini eslatadi.
Biroq navkar-u sardorlari bilan bir joyda uzoq vaqt mehmon bo‘lib turishga yuzi chidamaydi. Chunki haftalar, oylar davomida yuzlab odamlarga ovqat, otlarga yemish topib berish mezbonlarga juda og‘ir tushishini sezadi. Shuning uchun onasi va egachisini Xo‘janddan O‘ratepaga, xolasi Xub Nigor xonimning uylariga keltirib qo‘ydi. O‘zi uch yuzga yaqin bek-u navkarlari bilan janubdagi tog‘larga chiqib ketdi. Ovchi deb ataladigan bir qishloq yaqiniga chodir va o‘tovlar tikishib, ancha vaqt ov o‘ljalari bilan ro‘zg‘or tebratishdi.
Ovchi qishlog‘iga tor bir daradan o‘tib boriladi. Daraning tubidan odamni oqizadigan katta suv hayqirib oqadi. Suv bo‘yida besh qavatlik uyday bir bahaybat qoyatosh osmonga bo‘y cho‘zib turadi.

Bobur shu qoyatoshning ustini tekislatib, chodir o‘rnattirgan. Ovdan bo‘shagan paytlarida chodirda o‘ltirib kitob o‘qiydi, xotira daftariga ko‘rgan-kechirganlarini yozadi, she’r mashq qiladi.

Bir kun shu chodirda Bobur Mirzo Ulug‘bekning «Tarixi arbaa ulus»1 kitobini o‘qib o‘tirganda, daraning narigi chetidan bir otliq odam jadallab kelayotganiga ko‘zi tushdi.
Oti terga botgan bu otliq Marg‘ilondan kelgan chopar yigit edi. U Bobur qarshisida tiz cho‘kib arzini aytdi:

– Amirzodam, meni Marg‘ilon dorug‘asi Ali Do‘stbek tog‘oyingiz yubordilar.
– Bizga xiyonat qilib, Andijonni Tanbalga yashiriqcha topshirgan tog‘oyimizmi?
– Ha, tog‘oyingiz bu qilgan ishlaridan hozir ming pushaymonlar. Ahmad Tanbal uning uylariga bostirib kelib, yaxshi ko‘rgan qizlarini zo‘ravonlik bilan haramiga olib ketibdilar. Molmulkini talatibdir!
– Qasos qaytar ekan-da – dedi Qosimbek. – Do‘stbekning o‘zi Andijonda bizning mol-mulkimizni talatgan edi.
– Janob amiral umaro, Tanbalning amaldor-u soliqchilari ham jabr-zulmni haddidan oshirib yubordi. El-yurt ularga qarshi isyon ko‘taradigan bo‘lib turibdir. Ayniqsa, marg‘ilonliklar hozir jo‘shu xuruj1ga kelgan. «Bobur mirzo kelsalar, qo‘rg‘on darvozalarini ochib bergaymiz!» – deb tog‘oyingiz meni huzuringizga yubordilar.
– Tog‘oyimiz Tanbal bilan til biriktirib, bizni unga tutib bersalar-chi?!
– Tepamizda xudo turibdir, amirzodam! – deb chopar qasam ichdi. – Hazrat momongiz Eson Davlat begim Ali Do‘stbekka yaqin qarindosh ekanlar. Momongiz yaqinda Marg‘ilonga boribdilar.
– Siz momomni o‘sha yerda ko‘rdingizmi?
– Ha, maslahatlarini ham oldim. «Ali Do‘stbek bilan Tanbalning yovlashgani rost!» – dedilar. Momongiz sizga salom aytdilar, «Tezroq yetib kelsinlar!» – deb tayinladilar.
Bobur endi hayajon bilan o‘rnidan ko‘tarildi:
– Janob Qosimbek, tavakkal qilaylik! Odamlarga buyuring.
Darhol ko‘ch yig‘ishtirsinlar!
O‘sha kuni qorong‘i tushguncha barcha o‘tovlar qatori Boburning qoyatosh2 ustidagi chodiri ham yig‘ishtirib olindi. Tuni bilan yo‘l yurib, sahar palla Xo‘janddan berida bir-ikki soat dam oldilar-da, yana yo‘lga tushdilar. To‘rt kunlik yo‘lni bir yarim kunda shitob bilan bosib o‘tdilar. Marg‘ilondan berida Isfayramsoy shovullab oqmoqda. Sahar palla edi. Soy bo‘yida birpas to‘xtadilar. Bobur soy suvidan tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qidi. Joynamoz ustida o‘ltirib, Sohibqiron bobokaloniga bag‘ishlab tilovat qildi, ulug‘ ajdodlar ruhidan madad so‘rab yuziga fotiha tortdi. So‘ng tong qorong‘usida Marg‘ilon qo‘rg‘onining yopiq darvozasi oldiga keldilar.
Ali Do‘stbek darvoza qorovulxonasida ularni kutib o‘ltirgan ekan. Darvozani to‘rt enlik ochib, qo‘rqa-pisa Boburga murojaat qildi:
– Amirzodam, Andijonda qilgan gunohlarim uchun afv so‘raymen! Tanbal hammamizni aldagan ekan!
– Minba’d sadoqat saqlay olurmisiz? – shiddat bilan so‘radi Bobur.
– Qur’oni karim oldida so‘z berurmen, umrbod sodiq qulingiz bo‘lurmen, amirzodam! Faqat meni inoyatlaringizdan mahrum qilmasangiz, bas!
– Inoyatlar istaganingizdan ham ziyoda bo‘lg‘usidir. Oching darvozani!
Bu buyruqni Ali Do‘stbek darhol ado etdi. Bobur fonus yorug‘i tushib turgan darvozaxonaga kirganda, Ali Do‘stbek o‘zini uning oyog‘i tagiga tashlab yukundi. Bobur uni qo‘ltig‘idan olib turg‘izdi:
– Ma’zursiz! Tanbalning sodiq odamlari bo‘lsa, hozir uyquda tutdirmoq kerak!
– Uning talonchilari uxlab yotgan joylarini bilurmen!
– Janob Qosimbek, bizning navkarlarimizga siz bosh bo‘ling!

* * *

Tong yorishganda Marg‘ilon ko‘chalarida otliq jarchilar Bobur mirzoning qaytib kelganini e’lon qildilar. Tanbalning ko‘pchilik odamlari qurolsizlantirilgani ham shaharliklarga ma’lum bo‘ldi. Butun Marg‘ilon ahli oyoqqa qalqdi. Shahar a’yonlari Bobur kelib tushgan ko‘shkka borib, uni g‘alaba bilan qutladilar. Bozorlarda Tanbal soliqchilari uchrab qolsa, odamlar ularni tayoq bilan urib, shahardan quvdilar. Mahallalarda nog‘oralar, karnay-surnaylar yangradi.
Qosimbek Bobur mirzo nomidan doshqozonlarda palov damlatib, minglab odamlarga osh ulashdi.
Kechagina Tanbal zulmidan motamsaro ahvolga tushgan Marg‘ilon bugun Bobur mirzo qaytgani tufayli bayram tusini oldi. Bu hodisa ko‘p o‘tmay Andijon, Axsi va O‘shlarga ham ma’lum bo‘ldi. Bobur mirzoning pinjiga kirib olgan Ali Do‘stbek Qosimbekning o‘rniga sohib ixtiyor eshik og‘a1 bo‘lish niyatida edi. U Boburni holi topib, gapning uchini chiqardi:
– Amirzodam, kutganimdan ham ortiq inoyatlar qilmoqchi edingiz...
– Marg‘ilon dorug‘alig‘i sizga yetarlik emasmi?
– Dorug‘alikni menga Tanbal bergan edi. Endi bundan kattaroq inoyatni sizdan kutmoqdamen.
– Qani, Andijon-u O‘shlar ham bizga qayta nasib qilsa. Keyin o‘ylab ko‘rurmiz.
– Ittifoqo, O‘shdan Qambarbek keldi. O‘shliklar ham sizga muntazir emishlar.
– Ammo hozir Andijondan yomon xabar oldik. Ahmad Tanbal katta qo‘shin to‘plab Marg‘ilon tomonga bostirib kelmoqda.
– Unday bo‘lsa, O‘shga Qosimbek sizdan vakil bo‘lib borsin.
O‘zganga ham o‘tib, tarafdorlaringizni ishga solsin!
Ayyor Ali Do‘stbek shunday nozik paytda Qosimbekni Boburdan uzoqlashtirib, sohib ixtiyor eshik og‘a vazifasini o‘zi boshqarmoqchi edi. Lekin Bobur barcha mashaqqatlarni birga boshdan kechirgan qadrdoni Qosimbekdan ajrashgisi kelmadi.
– Janob Do‘stbek, Tanbalday yog‘iy bostirib kelayotgan paytda ko‘pni ko‘rgan Qosimbek yonimizda bo‘lmog‘i kerak. O‘shga boshqa bek-u navkarlarni yuborgaymiz.
So‘zi yerda qolgan Ali Do‘stbek qovog‘ini solib, to‘mtayib qoldi.

Qosimbekning o‘z odamlari bilan Marg‘ilonda qolgani yaxshi bo‘lgan ekan. Tanbal Andijondan katta qo‘shin bilan Marg‘ilonga hujum qilib kelganda, barcha kuchlar birlashib, himoyaga chiqdilar. Marg‘ilondagi bek-u navkarlar qo‘rg‘ondan tashqaridagi mahallalar va qishloqlardan yig‘ilgan minglab botir yigitlar yordamida Tanbal qo‘shinini uloqtirib tashladilar. Bu orada quvaliklar Tanbalga orqadan zarba berdilar.
O‘sh va O‘zgan xalqi ham Tanbalga qarshi isyon ko‘tarib, Boburga ko‘mak yubordi.
To‘rt tomonidan o‘t ketgan Tanbal tezroq Andijon qo‘rg‘oniga qaytib borib jon saqlamoqchi bo‘ldi.
U Andijonga Nosirbek degan kishini dorug‘a tayinlab kelgan edi. Ahmad Tanbal Marg‘ilonda Boburdan yengilib, talvasaga tushib kelayotganini eshitgan andijonliklar Nosirbekning qarorgohini o‘rab oldilar. To‘rt tarafdan hayqiriq va xitoblar eshitila boshladi:
– Ahmad Tanbal daf bo‘lsin!
– Darvozadan kiritilmasin bu zolim!
– Bobur mirzoga odam yuboring, tug‘ilgan yurtig‘a tezroq qaytsin!
– To‘ydik chingiziylardan! Bobur kelsin!
– Agar dorug‘a yana Tanbalga yon bossa, qo‘rg‘on darvozalarini biz o‘zimiz Bobur mirzoga ochib bergaymiz!
Toshgan daryoday to‘lqinlanayotgan bir necha ming kishilik izdihom Nosirbekni qo‘rqitib yubordi:
– Xaloyiq! Tinchlaning! Xaloyiq! Menga quloq soling! Oralaringizda mo‘ysafidlar bor! Mana, mening yonimda Shayxulislom janoblari turibdilar. Mo‘ysafidlar jome’ masjidiga borsinlar! Qurollangan yigitlar bizga yordamga kelsinlar. Darvozalarni darhol bekitgaymiz. Tanbalni Andijonga kiritmagaymiz. Juma namozida Bobur mirzoning nomini xutbaga qo‘shib o‘qigaymiz! Keyin buning xabarini mo‘tabar odamlar orqali Bobur mirzoga yetkazgaymiz. Toki ul zoti oliy Andijonga izzat-ikrom bilan qaytib kelsinlar. Shunga rozimisizlar?

Bu reja amalga oshdi-yu, ertasi kuni andijonliklar Bobur mirzoni qo‘rg‘on darvozasi oldida karnay va nog‘oralar chalib kutib oldilar. U minib kelayotgan gulibodom otning oyog‘i tagiga gilam poyandozlar to‘shadilar. Bobur shodlikdan ko‘zlari yoshlanib, yonida kelayotgan Qosimbekka so‘z qotdi:
– El-yurtda adolat bor ekan-a!?
– Ha, mehr-u oqibat ham kuchli ekan. Faqat yuzaga chiqishi oson bo‘lmas ekan!
– Shukr, mas’ud kunlarga yetishdik!

* * *

Shu tarzda Andijondan quvilgan Ahmad Tanbal qolgan-qutgan odamlari va ko‘ch-ko‘roni bilan Axsiga yo‘l oldi. Biroq Axsida ham Tanbalga qarshi isyon ko‘tarilgan, Bobur tarafdorlari qo‘rg‘on darvozalarini egallashgan. Tanbalga sadoqat saqlab turgan Axsi dorug‘asi Uzun Hasan arkka kirib bekingan edi.
Bobur va Qosimbekning qo‘shini so‘nggi vaqtlarda besh mingdan ham oshib ketdi. Ular Andijonda ko‘p to‘xtamay, Bandi Solor yo‘li bilan Axsiga yetib bordilar va arkdagi Uzun Hasanni asir oldilar.
Bu xabarni eshitgan Ahmad Tanbal mustahkam qo‘rg‘onlardan biri bo‘lgan Popga qarab chekindi. Ammo u yetib borgunicha Bobur tarafdorlari Pop qo‘rg‘onini ham bekitib, Ahmad Tanbalni darvozadan kirgizmay quvdilar.
Ahmad Tanbal G‘ova orqali Chotqol tog‘lariga qarab chekindi. Uning so‘nggi umidi – katta akasi Tilba Sultondan va Toshkent xoni Mahmudxondan edi. Tilba Sulton xon saroyida so‘zi o‘tadigan eshik og‘a ekanini Bobur bilardi. Ahmad Tanbal Farg‘ona vodiysini talon-taroj qilib orttirgan boyliklaridan katta bir qismini Ohangaron orqali Toshkentga, Mahmudxonga sovg‘a qilib yuborgani ham xufiyalar ma’lumotidan ma’lum edi. Lekin Mahmudxon – Qutlug‘ Nigor xonimning akasi bo‘laturib, jiyani Boburning ashaddiy dushmani Ahmad Tanbalga yon bosishi mumkin emasday tuyulardi.

Shuning uchun Bobur qo‘shini Ahmad Tanbalni Chotqol tog‘i etagigacha ta’qib etib bordi.
Kun sovuq, yo‘llar toyg‘oq. Kechki payt Tanbal besh yuztacha askari bilan Arxiyon degan joydagi qo‘rg‘onga kirib bekindi. Bu qo‘rg‘on devorlariga shoti qo‘yib oshib o‘tish mumkin edi.
– Kech kiryapti, qorong‘i tushmasdan tezroq harakat qilaylik!
– dedi Bobur. Ammo shotilarni o‘n chaqirimcha beridagi G‘aznayi Namangandan keltirgunlaricha g‘ira-shira qorong‘i tushdi. Kechki izg‘irinda og‘izdan chiqqan hovur uzoqdan ko‘zga tashlanadi, navkarlarning qo‘li qovushga kelmaydi, gapirganda lablari ham qiyinlik bilan harakatlanadi.
– Amirzodam, – deb Ali Do‘stbek Boburga arz qildi. – Qorong‘i tushib qoldi, yovni o‘zimiznikilardan ajratish qiyin bo‘lg‘ay. Qamalni ertalabdan boshlaylik.
– Ungacha Tanbal qochib ketsa-chi? – so‘radi Bobur.
– Qochib qayoqqa borgay? Naryog‘i tog‘, dovon bekilgan!
– Tanbalning akasi Tilba Sulton Archakent dovoni orqali inisining oldiga kelib-ketibdi-ku, – dedi Qosimbek.
– Ne bo‘lganda ham, endi Tanbal ilik1ka tushmog‘i kerak! – dedi Bobur. – Arxiyon qo‘rg‘oni atrofiga chodirlar tikdiring! Ming kishi tuni bilan qorovullik qilsin! Ertadan besh ming kishi bilan devorga shotilarni qo‘yib hamla qilurmiz!
– Bosh ustiga! – deb Ali Do‘stbek bu farmonni bajarishga kirishdi.
Qosimbek Bobur uchun shu atrofning eng obod va ko‘rkam joyi bo‘lgan G‘aznayi Namanganda qarorgoh tayyorlata boshladi.


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz