O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida san’atning barcha turlari qatori milliy qo‘shiqchiligimiz tarixi, uning bugungi kundagi rivojlanishi masalalariga ham alohida diqqat qaratilgan. Birinchi Prezident ta’kidlaganidek, «... kuy-qo‘shiqqa, san’atga muhabbat, musiqa madaniyati xalqimizda bolalikdan boshlab oila sharoitida shakllanadi. Uyida dutor, doira yoki boshqa cholg‘u asbobi bo‘lmagan, musiqaning hayotbaxsh ta’sirini o‘z hayotida sezmasdan yashaydigan odamni bizning yurtimizda topish qiyin desak, mubolag‘a bo‘lmaydi».
Bu jihatdan xalq qo‘shiqlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Qo‘shiqlar xalq poetik ijodining eng qadimiy va ommaviy shakllaridan biridir. Siz har kuni radio, televizor orqali qo‘shiqlar tinglaysiz. Biroq ularni farqlay bilish kerak.
Qo‘shiqlar yaratilish manbayi, tinglovchilarning qaysi qatlamiga bag‘ishlangani, mavzulariga ko‘ra har xil.
Siz bilan biz tanishmoqchi bo‘lgan xalq qo‘shiqlari kundalik hayotimizni bezovchi ko‘ngil mulki hisoblanadi. Xalqimiz o‘z quvonchini, shodligini yoki g‘am-hasratini qo‘shiqlarda yorqin aks ettirgan. Xalq og‘zaki bisotidan lirik qo‘shiqlar va termalar yillar davomida sayqallanib bizgacha yetib kelgan va hozir ham sevilib ijro etilyapti.
Xalq qo‘shiqlarida milliy urf-odatlarimiz nafislik va nazokat bilan aks ettiriladi. Kundalik hayotda onalarimiz allani kanda qilmay kuylayotganlari yoki to‘ylarimizning «yor-yor»siz o‘tmayotgani buning isbotidir.
Qo‘shiq – jon ozig‘i. Uni tinglaganingizda ruhingiz yengil tortadi, jon orom oladi. Buning asosiy sababi mazkur qo‘shiqlar xalqning jonli tilini o‘zida mujassam etgani, rang-barang xalqona iboralar bilan bezalib, ularning hikmat darajasiga ko‘tarilgani bilan izohlanadi. Tabiat va uning farzandi bo‘lmish inson ruhiyatidagi mushtarak jihatlar, ona tabiatdagi har bir o‘zgarishning odamlar kayfiyatiga ta’sir qilishi, kishilar o‘z hayotini tevarakatrof hodisalari bilan chambarchas bog‘liq holda tasavvur qilishi bu qo‘shiqlarda yaqqol aks etadi.
Bugungi kunda respublikamizning turli viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan folklor ansambllari tomonidan o‘zlari mansub bo‘lgan hududga xos qadimiy qo‘shiqlarni qayta tiklash, ularga yangi-yangi jilvalar berib boyitish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Hatto, iste’dodli estrada xonandalari repertuaridan ham bu qo‘shiqlar munosib o‘rin egallayapti. Yurtimizda har yili keng nishonlanadigan Navro‘z bayrami tantanalarida esa xalq qo‘shiqlarining eng sara namunalari kishilar qalbiga bahoriy kayfiyat, ertangi kunga komil ishonch tuyg‘ularini singdirmoqda.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan xalq qo‘shiqlari biz ta’riflagan buyuk ummondan tomchilar, xolos. Ularni o‘qing, kuylang, toki ko‘nglingiz zavq-u shavqqa to‘lsin.
BOYCHECHAK
Boychechagim boylandi, Qozon to‘la ayrondi.
Ayroningdan bermasang, Qozonlaring vayrondir.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Boychechakni tutdilar, Tut yog‘ochga osdilar. Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
CHITTIGUL
Chittigul-e, chittigul, Etagingga gul bosay. Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Qo‘ling qo‘lbog‘da bo‘lsin, Beling belbog‘da bo‘lsin.
Hay-yu, chittigul, Hay-yu, chittigul.
Tapir-tupur ot keldi,
Chiqib qarang – kim keldi?
Hay-yu, chittigul, Hay-yu, chittigul.
Aravada un keldi, Childirmada gul keldi. Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Gul yaxshi-yu gul yaxshi, Gulning popugi yaxshi.
Hay-yu, chittigul, Hay-yu, chittigul.
O‘rtada o‘ynagan qizning Haydar kokili yaxshi.
Hay-yu, chittigul, Hay-yu, chittigul
BOSHGINAM OG‘RIYDI
– Onajon, onajon!
Boshginam og‘riydi-ya.
– Boshginangdan onang aylansin, Nimalarga og‘riydi-ya?
– Bozorlarda bo‘lar ekan, Zargarlarda turar ekan,
Uning oti tillaqosh,
O‘shanga og‘riydi-ya!
– Onajon, onajon!
Bo‘yniginam og‘riydi-ya.
– Bo‘yniginangdan onang aylansin, Nimalarga og‘riydi-ya?
– Bozorlarda bo‘lar ekan, Zargarlarda turar ekan, Uning oti bo‘yintumor, O‘shanga og‘riydi-ya!
– Onajon, onajon!
Quloqqinam og‘riydi-ya.
– Quloqqinangdan onang aylansin, Nimalarga og‘riydi-ya?
– Bozorlarda bo‘lar ekan, Zargarlarda turar ekan, Uning oti oltin isirg‘a,
O‘shanga og‘riydi-ya!
XALQ QO‘SHIQLARI HAQIDA TUSHUNCHA
Qo‘shiq – qadimiy lirik janr hisoblanib, kuyga solib aytishga mo‘ljallab yoziladi. Qo‘shiq, odatda, ikki xil bo‘ladi: xalq qo‘shiqlari va yozma adabiyot namunasi bo‘lgan qo‘shiqlar.
Xalq qo‘shiqlari juda qadimiy tarixga ega. Ular dastlab mehnat jarayonida paydo bo‘lgan. Qo‘shiqlarda xalqning orzuumidlari, zavq-shavqi, quvonch va iztiroblari mujassamlashgan. Qo‘shiq yozma adabiyot janri sifatida ham mashhur. Alisher
Navoiy, Bobur, Mashrab, Feruz, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va boshqa mumtoz shoirlarimizning she’rlari xalqimizning sevimli qo‘shiqlariga aylanib ketgan. Hamza, Hamid Olimjon, Turob To‘la, Po‘lat Mo‘min, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matchon, Usmon Azimov, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlar asarlarining qo‘shiq qilib kuylanishi yozma adabiyot bilan qo‘shiq janrining bir-biriga naqadar aloqadorligini isbotlaydi.
Xalq qo‘shiqlarida ko‘pchilikning his-tuyg‘ulari umumlashtirilgan holda yakka shaxs kechinmalari orqali aks ettiriladi.
Bu borada bolalar og‘zaki ijodi ham salmoqli o‘rinni egallaydi. Dastlab, kattalar tomonidan bolalar uchun qo‘shiqlar ijod qilingan bo‘lsa, keyinchalik bolalarning o‘zlari kuylagan qo‘shiqlari, termalar vujudga kelgan.
Masalan, bahor elchisi boychechakka bag‘ishlangan qo‘shiqlarni, qizaloqlar aytadigan «Chittigul» kabi qo‘shiqlarni bolalar maroq bilan kuylaganlar. Bolalar qo‘shiqlari shakl jihatdan nihoyatda oddiy, o‘ziga xos ohangdorlikka egadir. Bolalar tilidan aytilgan qo‘shiqlar o‘z ma’no-mohiyati bilan aytuvchilarning ruhiy olamida yuz berayotgan tovlanishlarni, qo‘shiq mazmunida ifodalangan sodda, samimiy, beg‘ubor tuyg‘ularni tarannum etadi. Shuning uchun ham ular o‘z soddaligi bilan dilga yaqin, ta’sirchan.
Marosim qo‘shiqlarida to‘y, aza va boshqa marosimlar bilan bog‘liq holatlar tasvirlanadi («Yor-yor», «Kelinsalom», «Kuyovsalom» kabi). Mehnat qo‘shiqlari esa turli mehnat jarayonlari bilan bog‘liq. Masalan, xirmon yanchishda «Xo‘p hayda»,
«Maydagul», sigir, qo‘y, echkilarni sog‘ishda, buzoq, qo‘zi, uloqlarni emizishda «Xo‘sh-xo‘sh», «Turey-turey», «Churey-churey» kabi xalq qo‘shiqlari dehqon va chorvadorlar ish faoliyatini o‘zida aks ettiradi.
«Boychechak» qo‘shig‘i, odatda, bahor faslida ijro etilgan. Boychechak gulining qo‘shiqqa solib aytilishi tasodifiy emas. Chunki bu gul – bahor darakchisi. Qishloq bolalari ushbu gulni ko‘tarib uyma-uy qo‘shiq bilan suyunchi so‘rab borishgan, xonadon sohiblari bolalarga hadyalar berishgan. Boychechakni ko‘rgan keksalar uni ko‘zlariga surtishgan. Negaki boychechak bahorga yetib kelganlik, shukronalik belgisi sifatida qabul qilingan.
«Boychechak» qo‘shig‘ining to‘rt, olti, sakkiz qatorli ko‘rinishlari mavjud. Qo‘shiq bolalarga xos sodda, samimiy, hazilmutoyiba tarzidagi misralar bilan boshlanadi:
Boychechagim boylandi, Qozon to‘la ayrondi.
Ayroningdan bermasang, Qozonlaring vayrondir.
Boychechak – ijobiy obraz, u yoshlik, jo‘shqinlik ramzi. U bolalarning bahor faslidagi birinchi qo‘shig‘i hisoblanadi. Bu qo‘shiq baland ovoz bilan aytiladi. Naqorat tarzida takrorlanadigan qismi jamoa bo‘lib kuylanadi:
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Qo‘shiq matnidagi «boychechakni tutdilar, tut yog‘ochga osdilar» deyilishining ma’nosiga e’tibor beraylik.
Ma’lumki, xalqimizda tut daraxti muqaddas hisoblanadi. Xalq tut daraxti mevasini sevib iste’mol qiladi. Uning tanasidan taroq, bola uchun beshik yasashadi. Boychechak xalq orasida ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, unda chuqur ma’no bor. Uni «tutadilar»,
«tut yog‘ochga osadilar», «qilich bilan chopadilar», «baxmal bilan yopadilar». Xalqda o‘z kuchi bilan qiynalib maqsadga erishsa: «Axir, u qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechakning o‘zida», – deyishadi. Bu ifodalarning barchasida boychechak mehnatkash inson ramzi ekaniga ishora qilinadi.
Siz o‘rganishingiz kerak bo‘lgan «Chittigul» qo‘shig‘i ham bolalar ijodiga xos bo‘lib, kichik yoshdagi qizaloqlar ijro etishadi. Bu qo‘shiq bahorni eslatgani uchun ham mavsum qo‘shig‘i hisoblanadi. Qizlar bu qo‘shiqni ijro etganda uning ohangiga mos harakatli o‘yin o‘ylab topadilar. Qizlar juft-juft bo‘lishib, kaftlarini bir vaqtda bir-biriga urib, aylanishib, yana urishtirib qo‘shiq aytadilar. «Chittigul-o chittigul» deyilganda qizlar yuzma-yuz turadilar. Qo‘llari ma’lum tartib bilan bir-birlariga qarsillab tegib, chiroyli ohang kasb etadi. «Hay-yu, chittigul» deyilganda, qizlar bir xil maqom bilan turgan joylarida gir aylanadilar. Qo‘shiq matni juft-juft matn va naqoratdan iborat bo‘ladi.
Xullas, bolalarning mavsumiy qo‘shiqlari aytilishi, ijro uslubi bilan ko‘plab o‘ziga xosliklarga ega, ya’ni ma’lum faslda o‘tkaziladigan marosimlar, harakatli o‘yinlar bilan bog‘liqdir. Muhimi, bu xildagi qo‘shiqlar o‘tmishimizni, uzoq ajdodlarimizning turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-istaklarini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.