SAID AHMADNING HAJVIY HIKOYALARI HAQIDA




Adibning «Qoplon» hikoyasi satirik asarning yaxshi namunasi bo‘lib, kishilardagi xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, o‘z manfaati yo‘lida andisha-mulohazaga bormay surbetlarcha ish tutishi, odamlarning amal kursisiga qarab munosabat ko‘rsatishi kabi yaramas illatlar tanqidiga bag‘ishlangan. Hikoyadagi Qurbonboy obrazi misolida yozuvchi o‘zini hali tanimagan rahbarlar pinjiga kirishning nozik yo‘llarini topib olgan, hech bir istiholasiz laganbardorligini oshkora ko‘rsatib, xo‘jayinining polini yuvib, gilamini ham qoqib berishdan orlanmaydigan, vaqti kelganda, shartta yangi boshliqqa xizmat qilib ketaveradigan oriyatsiz, ablah bir shaxs qiyofasini ko‘rsatib beradi. Tillayev ham, uning xotini ham Qurbonboyning kimligini anglamay, ularga qilib yurgan xizmatini o‘zlaricha yaxshilikka yo‘yib yuradilar. Bu ish vaqtinchalik vazifa uchun qilinayotgan makkorlik ekanini tushunmaydilar. Shu bois Qurbonboyga ixlosi oshib, Tillayev uni mashina yuvuvchidan garaj mudiri muovini vazifasiga ko‘taradi, uyi tomini yopib olishi uchun anchagina shifer, tunuka tushurib beradi. Qurbonboy esa ishi bitguncha girdikapalak bo‘lib, har qanday mayda-chuyda oilaviy yumushlarni orlanmay bajarib, yangi boshliq tayinlanishi bilan Tillayev xonadonidan batamom yuz buradi. Xushomadining asosiy vositasi bo‘lgan it – Qoplonni olib ketib, yangi rahbarga ham xuddi avvalgiday alfozda taqdim qiladi. Uning surbetligi shu qadar kuchliki, Qurbonboy Tillayevni yangi boshliqnikida ko‘rib qolganida, nomiga bo‘lsa-da, uyalmaydi ham. Hatto, it eski xo‘jayinini tanib, dumini likillatib erkalangani holda Qurbonboy yangi rahbarning charm to‘nini artib turaveradi. Hikoya so‘ngida Tillayev Qoplonni ko‘rib: «Bu itni taniyman», – desa-da, achchiq istehzo bilan aytilgan bu so‘zlarni asli Qurbonboyga qarab qo‘yib aytadi. Demak, «it» deb Qurbonboyni nazarda tutadi. Yozuvchi bu bilan Qurbonboylar kabi buqalamun kimsalar, ablah odamlarning jamiyatda, insonlar orasida o‘rni bo‘lishi kerak emas, degan g‘oyani ilgari suradi.

Said Ahmadning «Sobiq» nomli ikkinchi hikoyasi achchiq, alamli kulgidan yiroq, hajviy, sof yumoristik yo‘nalishda. Yozuvchi voqeani asar qahramonining tilidan hikoya qilarkan, jamiyatimizda, halol kishilarning xatti-harakatlarida paydo bo‘layotgan dabdababozlik, nozarur yumushlarga chalg‘ib, kulgili vaziyatlarga tushib qolishi kabi nuqsonlar ustidan yengil kuladi.

Sho‘rolar davrining turg‘unlik zamonlarida har narsani mafkuraga bog‘lash odat tusiga kirgan edi. Hikoya qahramoni ham paxta terishda jonbozlik ko‘rsatib, hech kutilmaganda dabdababozlikning nishoniga aylanadi. Eng ilg‘or paxtakor deb, asosiy ishini yig‘ishtirib, turli kerak-nokerak majlis, kengash, yig‘ilishlarga borishga majbur bo‘ladi. Endi dalaga chiqaman deganida, bir kinochilar, bir rassomlar kelib g‘animat vaqtini behuda o‘tkazadi. Yozuvchi bu xatti-harakatlarning bema’nilashib ketganini ta’kidlash uchun kulgining mubolag‘a, lof kabi badiiy tasvir vositalarini qo‘llaydi. Ya’ni, paxtakor qahramon rayon o‘t o‘chirish komandasining pensiyaga chiqayotgan keksa xodimini tabriklashga yuboriladi. Tarvuzni butun yutib o‘yin ko‘rsatadigan polvonni qutlashga chiqadi. Oxiri yosh drujinachilar bilan rayon markazidagi somsapazlarni tekshirgani otlanadi. Xullas, yozuvchi kulgili vaziyatni mubolag‘a usuli orqali yanada kuchaytirib, o‘quvchida shodon qahqaha paydo qiladi va bu bilan jamiyat rivojiga xalaqit berayotgan mayda nuqson, kamchiliklarga e’tiborni qaratadi.
Har ikki hikoyada ham yozuvchi badiiy tilning xalqona, nozik qochirimli, shirali, ko‘p ma’noli xususiyatlaridan keng foydalanadi.


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz