QADRDON SO‘QMOQLAR




Qizil kendir bilan shivirlashar tol, Turna uchib borar olis yoqlarga.
Talay yo‘llar bosib misoli shamol Yana qaytib keldim bu so‘qmoqlarga.

Ushbu tor so‘qmoqqa qadam qo‘yganda, Qaytadan men bola bo‘lib ketaman.
Intiqqan yuragim kengayib shunda, Chamamda qush bo‘lib parvoz etaman.

Mosh paykalda gala chumchuq chug‘urlar, She’r o‘qishib turgan yosh shoirlarday.
Burilishda tanish qo‘shig‘in kuylab, Qo‘shni qiz oldimdan chiqib qolarday.

Biroq u bunda yo‘q, u yiroqlarda... Bizning joylar o‘rni hozir paxtazor. Nechog‘lik monandsiz bizning yoqlarda, Deb doim maqtayman, so‘rashsa agar.

Gul terib, kapalak quvgan sho‘x vaqtim, Anov bedazorda yurgan toy dersan.
Yo tavba, shu bitta qiyshiq so‘qmoqning Dilga yaqinligin qanday aytarsan!

* * *
Cholga salom bersam o‘sha so‘qmoqda,
«Kimsan?» deb tanimay menga qaradi. Bir bola uchrasa sal nariroqda:
– Kimning o‘g‘lisan? – deb men ham so‘radim.

* * *
– Ota, narvon bo‘pti anov qo‘sh terak!
– Bolam, terak emas, bu umr-ku, bu!
– Inim, bog‘ga nega bog‘lading eshak?
– E, anov chiriy deb qolgan olma-ku!


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz