Musa JALIL




Dunyo adabiyotida shunday siymolar borki, ular nafaqat ijodiy faoliyati, balki insoniy matonati bilan ham kelgusi avlodlarga ibrat namunasi bo‘lib qolgan. Yurtimizni mo‘g‘ul bosqinchilaridan himoya qilish janglarida mardlarcha halok bo‘lgan buyuk mutafakkir Najmiddin Kubro, bir qo‘lda yarog‘, bir qo‘lda qalam bilan temuriylar saltanatini qayta birlashtirmoq uchun cheksiz jabr-u jafolar chekkan Bobur Mirzo, insoniyatni fashizm atalmish vabodan qutqarish yo‘lida qurbon bo‘lgan chex shoiri Yulius Fuchik shular jumlasidandir.

Yuqori sinf tarix darslarida Siz 1939–1945-yillari bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushi, uni boshlagan fashist yetakchilarining kirdikorlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lasiz, albatta. Biz bugungi mavzuni yoritmoq uchun bu urush to‘g‘risida qisqacha ma’lumotni Sizga eslatib o‘tmog‘imiz lozim.

Shu maqsadda yirik armiya tuzishdi, uni eng zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlashdi. Butun mamlakat aholisi o‘rtasida «faqat nemis millatigina «oliy irq»qa tegishli, boshqa xalqlar o‘z mehnati va boyliklari bilan unga xizmat qilishi lozim» degan vayronkor g‘oya keng targ‘ib qilindi. Shu tarzda «fashizm» deb atalgan shafqatsiz mafkura dunyoga keldi.

1939-yilning 1-sentabrida Gitler boshchiligidagi fashistlarning Polshaga hujum qilishi, 3-sentabrda esa Angliya va Fransiyaning Germaniyaga urush e’lon qilishi bilan Yevropa qit’asida Ikkinchi jahon urushi alangasi yoqildi. Olti yil davom etgan bu dahshatli urush olovi Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarini, Ukraina, Belorussiya, Rossiya, AQSh, Yaponiya singari davlatlarni o‘z komiga tortdi. Urush natijasida jami 60 dan ortiq mamlakatdan 60 million nafardan ko‘proq odam hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Minglab shahar va qishloqlar, yuz minglab korxonalar kuyib kul bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur urush tarixdagi eng katta va eng halokatli urush sifatida insoniyat boshiga cheksiz qayg‘u-alamlar olib keldi.

Ikkinchi jahon urushining asosiy janglari Germaniya va sobiq Sho‘rolar davlati (SSSR) o‘rtasida bo‘lib o‘tgandi. U 1941-yilning 22-iyun kuni saharda Germaniyaning hujumi bilan boshlanib, 1945-yilning 9-may kuni Berlin shahrining olinishi bilan yakuniga yetgan.
Nemis qo‘shini Moskva ostonasiga qadar bostirib kelar ekan, ko‘plab harbiylar va tinch aholi vakillarini asir olar, ularni turli joylarda qurilgan konsentratsion lagerlarga – qamoqxonalarga jo‘natar edi. Mazkur qamoqxonalarda odam bolalari hayvondanda battarroq sharoitda, ochlik va xo‘rlikda saqlanar, eng qora va og‘ir ishlarga majbur qilinar, kichkina bahona bilan o‘ldirib yuborilar edi.

Musa Mustafo o‘g‘li Jalilov – Musa Jalil 1906-yilning 15-fevralida Rossiyaning Orenburg gubernasida dehqon oilasida dunyoga keladi. U, dastlab, ovuldagi boshlang‘ich maktabda savod chiqaradi. Oilasi shaharga ko‘chib kelgach, Orenburgdagi mashhur «Husayniya» madrasasida tahsilini davom ettiradi. Musa talaba tengdoshlari orasida o‘zining izlanuvchanligi, ko‘p narsaga qobiliyatli ekani bilan ajralib turar edi. Uning ilk she’ri Turkiston fronti nashri hisoblangan «Qizil yulduz» gazetasida 1919-yilda bosilib chiqadi. Shundan so‘ng birin-ketin ommalashib borayotgan turli gazeta va jurnallarda shoirning qator she’rlari va dostonlari e’lon qilinadi.

Musa Jalil 1925-yilgacha yozgan asarlarini jamlab, «Biz boramiz!» nomi ostida she’rlar va dostonlardan iborat dastlabki to‘plamini o‘quvchilarga hadya etadi. 1929-yilda «O‘rtoqqa», 1934-yilda esa «Ordenli millionerlar» nomli kitoblari chop etiladi. O‘z bilimi va tajribalarini oshirish maqsadida Moskva davlat universitetining adabiyot fakultetiga o‘qishga kirgan Musa Jalil 1931-yilda uni muvaffaqiyatli bitiradi.

Shoir 1940-yilda yaratilgan «Xat tashuvchi» nomli poemasida xat tashuvchi yigit Temirbulat bilan dehqon qiz Fayro‘zaning sof muhabbatini, samimiy insoniy kechinmalarini yorqin she’riy bo‘yoqlarda aks ettirgandi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Musa Jalil serqirra iste’dod egasi edi. U Moskva davlat konservatoriyasi huzurida tashkil qilingan tatar opera studiyasi repertuarining badiiy mukammal asarlar bilan ta’minlanishida alohida faollik ko‘rsatadi.
Keyinchalik Musa Jalil Tatariston yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qilar ekan, ona yurtida ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar boshini qovushtirish, ularning badiiy mahoratini oshirish borasida samarali ish olib bordi.

Afsuski, Yevropa sarhadlarida boshlangan urush bu ijodkorning ham barcha rejalarini ostin-ustun qilib yubordi. O‘z o‘rnini urush maydonlarida deb bilgan Musa Jalil jangchilar o‘rtasida ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borar, front gazetalarida harbiy muxbir sifatida turli xabar, maqola va badiiy asarlari bilan faol ishtirok etardi. Shoirning shu yillari nashr etilgan «Okopdan xatlar» nomli kitobiga jamlangan she’rlarida bo‘layotgan urushning butun dahshati ro‘yirost tasvirlangandi.
1942-yilning yozida Volxov daryosi bo‘yida kechayotgan shiddatli janglar paytida Musa Jalil og‘ir yaralanadi va dushman qurshoviga tushib qoladi. U fashistlar qo‘liga tirik taslim bo‘lishni sira istamasdi. Biroq:
Taqdir kuldi, o‘lim tegmasdan O‘tib ketdi, qilmadi jur’at.
Netay, axir so‘nggi minutda Pistoletim qildi xiyonat...
Netay, axir do‘st pistoletim So‘nggi so‘zdan to‘sat bosh tortdi. Kishan soldi dushman qo‘limga Va erksizlik qa’riga otdi.
(«Kechir, yurtim!» she’ridan)
Shu kundan e’tiboran shoirning tutqunlikdagi mashaqqatga to‘la hayoti boshlandi. U fashistlarning turli qamoqxonalarida chidash mumkin bo‘lmagan qiynoqlarga solindi, xo‘rlik va haqoratlarni boshdan kechirdi.

Uning bu faoliyatidan xabar topgan fashistlar, nihoyat, shoirni Berlinga olib kelishib, Moabit turmasining zax va qorong‘i bir kishilik xonasiga tashlashadi...
Urushdan keyin Moabit turmasidan qutulib chiqqan belgiyalik partizan Andre Timmermans ismli kishi Brussel (Belgiya)dagi konsulxonaga she’rlar bilan to‘lgan bir yon daftarni olib keladi. U mazkur daftar qamoqxonadagi yaqin do‘sti, tatar shoiri Musa Jalilga tegishli ekanini aytib, ijodkorning o‘zi fashistlar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilganini so‘zlab beradi. Daftarda Musa Jalilning o‘limi oldidan yozib qoldirgan quyidagi vasiyati ham bor edi:
«Tatarcha yozuvni taniydigan va bu daftarni o‘quvchi do‘stga.

Bu vasiyatnoma yozilganidan keyin oradan bir oy o‘tib – 1944-yilning yanvarida tatar xalqining asl farzandi shoir Musa Jalil fashistlar tomonidan qatl etildi.


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz