«MAHBUB UL-QULUB» ASARIDAN OLINGAN NAMUNALARNING NASRIY BAYONI
Hurmatli o‘quvchilar, guvohi bo‘lganingizdek, Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asaridan keltirilgan ayrim namunalarning o‘ziyoq buyuk mutafakkirning ham she’riy, ham nasriy uslubda birdek yuksak asarlar yarata olish iqtidoriga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Hikoya tarzining ravonligi, badiiy san’atlar bilan bezalgani, fikr va qarashlarning aniq ifoda etilishi matnning shavq bilan o‘qilishiga zamin yaratadi. Lekin Sizning bilim va tajribalaringiz mazkur asardagi barcha so‘zlarni to‘liq anglash uchun hozircha yetarli emas. Shundan kelib chiqib, asardan olingan parchaning atoqli navoiyshunos olim Porso Shamsiyev tomonidan tayyorlangan bugungi adabiy tilimizdagi matnini e’tiboringizga havola etish foydali bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
T a n b i h (11)
Saxovat va himmat to‘g‘risida
Saxovat insoniyat bog‘ining hosildor daraxti, balki u daraxtning foydali mevasidir. Saxovat odamiylik mulkining mavj urib turgan dengizidir, balki u to‘lqinli dengizning bebaho gavharidir. Saxovatsiz odam yog‘insiz bahor bulutiga va hidi yo‘q mushk-anbarga o‘xshaydi. Mevasiz daraxt ham bir-u, o‘tin ham bir; yog‘insiz bulut ham bir-u, tutun ham bir. Saxovatsiz odamdan ichida gavhari bo‘lmagan sadafning farqi yo‘q; dursiz sadaf bilan qurib qolgan toshbaqa chanog‘ining farqi yo‘q... Saxiy bulutdir, xirmon-xirmon don hosili, balki xazina beradi; baxil chumolidir, don-dun, mashoq teradi. Himmat ahlining ixtisosi saxovatdir; bu ulug‘ sifat pokiza kishilarga xosdir. Odam bir badan bo‘lsa, himmat uning jonidir; himmatlilardan olam ahli uchun yuz ming sharaf va shukuh yetishadi. Himmatsiz kishi er sonida emas; jonsiz badanni hech kim tirik demas. Oliyhimmat odam balandparvoz lochindir; behimmat – sichqon ovlovchi kalxatdir. Shunqorning maskani shohning bilagidir; kalxatning joyi o‘limtikning sassiq badani va so‘ngagidir.
Arslonning maqsadi – ov qilib, och yirtqichlarni to‘yg‘azmoq; sichqonning harakati – don o‘g‘irlab, tugun axtarmoq. Himmat egasi qashshoq bo‘lsa ham tubanlik qilmas; himmatsiz odam xazina topsa ham buyuklarga teng bo‘lmas. Chinor daraxti bo‘sh qo‘lli bo‘lsa-da, uning yuksakligiga nuqson yetmaydi; yer tagida yashirinib yotgan xazinaning tuproqqa foydasi tegmaydi. Himmatli kishilarning darajasi yuksakdir; ammo saxiylikning darajasi bir necha barobar yuksakdir.
Isrof qilish saxiylik emas; o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demas. Halol molni kuydirganni devona deydilar; yorug‘ joyda sham yoqqanni aqldan begona deydilar. Maqtanish uchun mol bermoq – o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoq va shunday qilib o‘zini
«saxiy» demoq – behayolik bilan nom chiqarmoq. Kimki xalqqa ko‘rsatib ehson bersa, u pastkash, saxiy emas. Tilagandan so‘ng berishlik ham saxovatdan yiroqdir, qistash natijasida bergandan bermagan yaxshiroqdir. Bitta kulchani ikki bo‘lib, yarmini och odamga berganni – saxiy deb, o‘zi yemay hammasini muhtoj odamga berganni – axiy do‘st deb bil.
T a n b i h (12)
Yaxshiliklarni topmoq yedirmoqdir; ayblarni yashirmoq kiydirmoqdir. Zarur vaqtida berilgan eski chopon va bo‘z to‘n saxovat; bemahal hadya qilingan zarbof chopon yaramaslikdir. Ovqatim uvol bo‘lmasin desang – yedir; libosim eskirmasin desang – kiydir.
Saxovat qilish yo‘lini shu aytilgan gaplardan angla; ammo oliyjanoblik va mardlik rasmlari bundan boshqachadir.
T a n b i h (18)
Hilm to‘g‘risida
Hilm (muloyim tabiatlik) inson vujudining xushmanzara mevalik bog‘idir va odamiylik olamining javohirga boy tog‘idir. Yumshoq ko‘ngillilik – hodisalar to‘la dengizdagi kishilik kemasining langari desa bo‘ladi va insoniyat qadrini o‘lchaydigan tarozining toshiga tenglashtirsa ham bo‘ladi.
Hilm – axloqli odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir. U – yomon nafsni daydi shamol uchirishidan asraguvchi va ikkiyuzlama munofiqlarning behuda harakatidan himoya qiluvchi.
Hilm natijasida odam xaloyiqning izzat-hurmatiga sazovor bo‘ladi; hilm tufayli kattalardan kichiklarga iltifot va marhamat yetishadi.
Katta kishilar yoshlarni masxara va kulgi qilsa, ular qoshida o‘zi shuncha obro‘siz va bachkana tuyuladi; yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qoshida uyatsiz va e’tiborsiz bo‘ladi.
Bu davr bog‘ining xas-xashak singari odamlari, shamoldek betayin, yengiltak kishilari oldida hilm ahli go‘yo og‘ir tabiatli va yomon fe’lli deb kamsitiladilar. Ularning o‘zlari esa, quyundek tuproqni havoga to‘zitadilar va yengiltabiatlari bilan boshlarini go‘yo ko‘kka yetkazadilar. Tog‘ jussasini oyoqosti qilmoq – odatlari; dala-dashtlardagi zarralarni havoga sovurmoq – bularning salobatlari. Bunday odamlar yeldek har eshikdan kirishga or qilmaydi; o‘tdek otashdonni qizdirishdan o‘zga ishni bilmaydi. Yel, garchi lolaning tojini uchiradi, ammo tog‘ qoyalari kamariga qanday ta’sir qila oladi? O‘t tog‘ etagidagi xas-xashaklarni kuydirishi mumkin, lekin quyosh uchquniga qanday tenglasha oladi?..
Yel, agar ko‘kka yetsa ham, baribir, yengil va qadrsiz; tog‘, agar tuproqqa botsa ham salobatlidir. Yelning orasida o‘tga yoqiladigan xas-xashaklar bor; hilm mazmunida esa, shoh tojiga qadalgudek cho‘g‘ kabi qizil la’l bor.
Bayt:
Hiri tog‘i og‘ir bo‘lgani uchun uni sel bossa ham tashvishi yo‘q, To‘zg‘oq o‘simligining yaprog‘i yengil bo‘lgani uchun shamolda
barbod bo‘ladi.
T a n b i h (22)
Mazlumga yaxshilik qilsang, zolimdan omonda bo‘lasan. Agar kuchlilardan zarar ko‘rmayin desang, kuchsizlarga foyda yetkaz. Aqli bor odam janjallashishdan qochadi; do‘stlashish uchun kelishuvchilik eshigini ochadi. Arining g‘uvullashida nayza sanchishi xavfi bor; asalarining g‘ovurida bolga muyassar bo‘lish imkoni bor.
T a n b i h (30)
Har kim birov bilan do‘st-yor bo‘lsa yoki do‘st-yorlik da’vosini qilsa, o‘ziga ravo ko‘rmaganni unga ham ravo ko‘rmasligi kerak; ba’zi narsalarni o‘ziga ravo ko‘rsa hamki, yoriga ravo ko‘rmasligi lozim. Ko‘p mashaqqatlardan kishi ruhiga
alam yetadi, jism-u joni bunga toqat qiladi. Ammo bunday mashaqqat do‘sti boshiga tushishini xayoliga ham keltira olmaydi. Mabodo xayoliga keltirgudek bo‘lsa, dahshatdan hayoti so‘nadi.
Qit’a:
Yor uldirki, o‘ziga ravo ko‘rmagan narsani Yoriga ham ravo ko‘rmagay.
O‘zi yori uchun o‘lmoqqa tayyor esa-da, Lekin yorini bu ishda sherik qilmagay.
T a n b i h (48)
Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz. Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan ezma kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o‘xshaydi. Tili yomon odam xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi. Nodonning vahshiylarcha baqirmog‘i – eshakning bemahal hangramog‘i. Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do‘stona so‘z aytadi; ko‘ngilga tushishi mumkin bo‘lgan yuz g‘am uning so‘zi bilan daf bo‘ladi. So‘zda har qanday yaxshilikning imkoni bor, shuning uchun ham aytadilarki, «nafasning joni bor...»
O‘zi xunuk, gapi bema’ni, ovozi yoqimsiz odam qurbaqaga o‘xshaydi. Baxt bag‘ishlovchi toza ruh manbayi ham til; yomonliklar keltiruvchi nahs yulduzining chiqar joyi ham til. Tilini tiyolgan odam – donishmand oqil; so‘zga erk bergan odam – beandisha va pastkash. Til shirin va yoqimli bo‘lsa yaxshi; til bilan dil bir bo‘lsa yana yaxshi. Til bilan dil insondagi eng yaxshi a’zolardir. Bo‘stonda gulsafsar, gulg‘uncha va rayhonlar eng yoqimli gullardir.
Odam tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa, tilning ofatidir.
T a n b i h (49)
Til shirinligi ko‘ngilga yoqimlidir; muloyimligi esa – foydali. Chuchuk til achchiqqa aylansa, ko‘pchilikka zarari tegadi; qanddan may tayyorlansa harom bo‘ladi. Shirin so‘z sof ko‘ngillar uchun asal kabi totlidir; bolalar uchun muloyim tabiatli odam halvofurush kabi sevimlidir.
Bayt:
Yaxshi so‘zga kim mast-u behush bo‘lsa, Sharbat ichida zaharni totli qiladi.
T a n b i h (50)
Har kimningki so‘zi – yolg‘on, yolg‘onligi bilingach, uyatga qolg‘on; yolg‘onni chindek gapiruvchi so‘z ustamoni – kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolg‘on-afsonalar bilan uyqu keltiruvchi yolg‘onchi – uyquda alahlovchi. Yolg‘on gapiruvchi g‘aflatdadir; so‘zning bir-biridan farqi ko‘pdir, ammo yolg‘onroq turi yo‘qdir.
T a n b i h (108)
Safarning foydalari to‘g‘risida
Turg‘un yer qayda-yu, aylanuvchi osmon qayda? Bir joyda turgan tuproq qayda-yu, sayr etib yuruvchi yulduz qayda? Biri qimirlamay turgani uchun kishilar oyog‘i ostida poyandoz bo‘ldi; ikkinchisi esa, harakatda bo‘lgani tufayli yuksaklarning yuksagi bo‘ldi.
Azob va mashaqqat tavoze va adabning negizidir. Safar esa ranj-mashaqqatga sababdir. Safar – erituvchi va kuydiruvchi ko‘radir. U erish-kuyish esa er kishining vujud oltinini toblab xom gil(loy)dan tozalovchidir.
Safar – ayriliqqa uchraganlarni maqsadiga yetkazuvchi va mahrumlarni murod uyiga olib kiruvchidir. Safar – xom odamlarni pishiruvchi va taomlarni singdiruvchidir. Safar kishilarni olam ajoyibotlaridan bahramand qiladi, g‘aroyibotlar dunyosidan xabardor qiladi.
Aziz kishilarning mozorlarini ziyorat qilish fayziga musharraf va mukarram bo‘lmoq ham safardan; fayzli, ulug‘ zotlar xizmatida izzat va hurmat topmoq ham safardan. Yo‘lovchining yurishiga quvvat beruvchi ham safar va ko‘ngliga har tomonga borish zavqini soluvchi ham safar. Musofirni turli joy va manzillar bilan tanishtiruvchi ham u; dunyoni kezish yo‘liga soluvchi ham u. Issiq-sovuqda jonga orom beruvchi ham u; achchiqchuchukdan ko‘ngilni ogohlantiruvchi ham u.
Safar vodiysida musofirning oyog‘iga ko‘p dard-u balo tikanlari sanchiladi, lekin har qadalgan tikandan bir maqsad guli ochiladi. Yo‘l mashaqqati zarbidan kishining a’zoyi badani qaqshaydi; vujudi yo‘lovchilar oyog‘i bilan toptaladi va har a’zosi u oyoqlar ostida ushaladi. Ammo ko‘nglining vayronligi tuzaladi va ruhi ko‘zgusi ravshan tortib, jilo topadi.
Har o‘lkaning go‘zalligi, har manzilning osoyishtaligini safarda yuruvchilardan so‘ra va musofirlardan eshit. Safar qilmagan orom olish farog‘atini qaydan bilsin? Musofirlik azobini chekmagan vatandagi hayotning qadrini qaydan anglasin? Oqmaydigan dengiz suvini ichsa bo‘ladimi? Oqar daryoning zilol suvlaridan ichishni tark etsa bo‘ladimi?
Odam uchun doim harakatda bo‘lish hayotlikdan asardir; jonsiz mavjudotlar tiriklik nishonasidan bexabardir...
T a n b i h (110)
Yaxshi odamdan yomonlar ham yomonlik kutmas; yaxshi odam yomonlardan ham yaxshilikni ayamas.
Yaxshilik qila olmasang, yomonlik ham qilma. Yaxshilikni yomonlikdan yaxshiroq deb bilmasang, yomonroq deb ham bilma. Yaxshilik qilishni bilmasang, yaxshilarga qo‘shil; yaxshilik atrofida aylana olmasang, yaxshilar atrofida aylan.