Siz hazrat Alisher Navoiy ijodini qancha ko‘p o‘rgansangiz, shunchalik ko‘p ibrat, hayotiy saboq olasiz. Bular, o‘z navbatida, hayotingiz davomida juda asqatadigan, Sizni to‘g‘ri yo‘ldan borib, yaxshi inson bo‘lib yetishishingiz, obro‘-e’tibor qozonishingizga ko‘maklashadigan saboqlardir.
Asli adabiyot so‘zidagi «adab» o‘zagining ma’no-mazmuni odob ekanini yodga olsak, Sharqda badiiy ijod insonlarga pand-u o‘git, nasihat berishning ta’sirli usuli bo‘lganini anglaymiz. Sharq adabiyoti ibratli voqealar, hikmatli so‘zlar vositasida kishilarni yuksak axloqli, ma’naviy boy, komil inson etib tarbiyalashni o‘zining bosh maqsadi deb belgilagan. Alisher Navoiy bobomiz ham Sharq adabiyotining ana shu mohiyatmazmuni, an’analariga ko‘ra ijod etdi va turkiy xalqlar adabiyotini yuksak cho‘qqiga ko‘tardi. Shoirning g‘azal-u ruboiylari, muxammas-u qit’alari hamda dostonlarida pand-u o‘git, hikmatlar badiiy obrazlar, qiyosiy o‘xshatishlar, qiziqarli sarguzashtlar bayoni orqali anglashiladi. «Mahbub ul-qulub» nomli asarida esa pand-nasihat, axloqiy qarashlar bosh mavzuga aylanib, bevosita – to‘g‘ridan to‘g‘ri ifoda etiladi, ularga har tomonlama ta’rif berilib, falsafiy, axloqiy xulosalar chiqariladi. Turkiy va fors-tojik adabiyotida Alisher Navoiygacha xuddi shu janr va ko‘rinishdagi asarlar mavjud edi. Bunga Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Sa’diy Sheroziyning «Guliston» va
«Bo‘ston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston» asarlarini misol keltirish mumkin. Alisher Navoiy ham mazkur asarlarni chuqur o‘rganib, o‘sha an’analar ruhida ijod etdi. Shoir bu asarni umrining oxirida – 1500-yilda yaratdi va uni «Mahbub ul-qulub», ya’ni «Ko‘ngillarning sevgani» deb atadi. Bu nom bilan mazkur kitobda insonga xos eng ezgu fazilatlar, uni ma’naviy barkamol etadigan, o‘zgalar qarshisida go‘zal, oliyjanob ko‘rsatadigan xislatlar jamlanganini anglatmoqchi bo‘ldi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy ko‘zlagan maqsad nafaqat asar nomida, ayni chog‘da uning butun ma’no-mazmunida, ta’rif-u tafsilotlarida to‘la mujassamdir.
Ulug‘ bobomiz asarning kirish qismida quyidagilarni alohida ta’kidlaydi:
«Bu xoksor va parishonro‘zgor kamina bolalikdan to qarilikka qadar ko‘hna davron voqealaridan, aylanuvchi osmon hodisalaridan, fitna qo‘zg‘ovchi dunyo buqalamunligidan – tovlamachiligidan, zamonaning rang singari gunogunligidan ko‘p vaqt va uzoq muddat har xil xayol va taraddudlar bilan daydib yurdim; har tovur va ravishda bo‘ldim va turli yo‘llarga kirdim, yaxshiyomonning xizmatini qildim; katta-kichikning suhbatida bo‘ldim; goh xorlik va qiyinchilik vayronasida nola qildim; goho izzat va ma’murlik bo‘stonida majlis qurdim.
Masnaviy:
Gahi topdim falakdin notavonlig‘, Gahi ko‘rdum zamondin komronlig‘, Base issig‘, sovug‘ ko‘rdum zamonda,
Base achchig‘, chuchuk totdim jahonda».
Bu asar har bir odam umri davomida duch kelishi muqarrar bo‘lgan hayotiy savollarga eng to‘g‘ri javoblarni ta’sirli usulda berishi bilan yuksak qimmat kasb etadi. Buni Siz o‘qigan boblarning mazmun-mohiyati ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mutafakkir adib saxovat va himmatni insoniyat bog‘ining hosildor daraxti, u daraxtning foydali mevasi deb atar ekan, bunda mutlaqo mubolag‘a qilmaydi. Darhaqiqat, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda saxovatlilik, himmatlilik singari oliyjanob xislatlar yo‘qolgan kuni bu hayot daraxti qaqrab qurimog‘i turgan gap. Asarda oliyhimmat kishilar balandparvoz lochinga, behimmat kimsalar esa sichqon ovlovchi kalxatga o‘xshatilishi bejiz emas. Bunga qo‘shimcha, chinakam saxovatli va himmatli kishilarga minnat degan qusur mutlaqo yotdir.
Navoiyning bundan besh asr avval ilgari surgan g‘oyalari bugun ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgani kishini hayratga soladi. Bu jihatdan shoirning isrof to‘g‘risidagi mulohazalari, ayniqsa, ibratli. «Isrof qilish saxiylik emas; o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demas. Halol molni kuydirganni devona deydilar; yorug‘ joyda sham yoqqanni aqldan begona deydilar. Maqtanish uchun mol bermoq – o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoq va shunday qilib o‘zini «saxiy» demoq – behayolik bilan nom chiqarmoq. Kimki xalqqa ko‘rsatib ehson bersa, u pastkash, saxiy emas». Bugungi kunda o‘tkazilayotgan ayrim to‘y va boshqa marosimlarda inson peshona teri bilan yaratilgan nozne’matlarning behisob uvol qilinayotganini, ularning egalari bu illatdan ko‘ra o‘z nomini chiqarmoqni ko‘proq o‘ylayotganlarini ko‘rganda Navoiyning bu iztiroblari beixtiyor yodga kelmaydimi?! Xuddi shunga o‘xshash mulohazalarni uning muloyim tabiatlik, tilga e’tibor, safar fazilatlari to‘g‘risidagi fikrlari borasida ham bemalol aytmoq mumkin.