ISHONMA




Senga mendan xabar bersalar,
«U yiqildi charchab», – desalar, Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas yaqin ko‘rsalar.
Bayrog‘imga qon bilan yozgan Ontim undar olg‘a borishga!
Haqqim bormi hech qoqilishga, Haqqim bormi charchab-horishga?
Senga mendan xabar bersalar,
«U Vatanni sotdi» desalar, Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas meni sevsalar.
Yurtdan ketdim yurtni, seni deb, Men kurashdim qonli har damda. Yurtni, seni qo‘limdan bersam, Nima qolar menga olamda?
Senga mendan xabar bersalar:
«Musa o‘ldi endi», – desalar, Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas meni sevsalar.
Tuproq ko‘mar tanni, ko‘molmas O‘tli qo‘shiq to‘lgan ko‘nglimni.
«O‘lim» deyish mumkinmi, axir, Yengib o‘lgan bunday o‘limni?
Musa Jalilning «Moabit daftari»ga kirgan bu she’ri 1943-yilning 20-noyabrida, o‘limidan ikki oygina oldin yozilgan. Guvohi bo‘lganimizdek, uning har bir bandi shoirning so‘nggi yillardagi taqdirini o‘zida mujassam etadi. Birinchi va ikkinchi band og‘ir jangda qattiq yaralanmasin, dushman qurshovini yorib chiqishga urinayotgan, tanasidan mador ketib borayotganiga qaramay, ruhi taslim bo‘lishni istamayotgan jangchi kechinmalarini aks ettiradi. Bilasizki, har bir askar harbiy xizmatga kirar ekan, ont – qasamyod qabul qiladi. Unda qanday sharoitga tushmasin, qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘lmasin, o‘z vazifasini ado etishga, yurtiga va xalqiga sadoqatli bo‘lishga qasam ichiladi. She’r qahramonining esa bu qasamga qanchalar sodiqligini ontga berilgan ta’rif orqali bilib olamiz: «Bayrog‘imga qon bilan yozgan ontim...»

Demak, bu jangchi qasamyodni shunchaki yodlab takrorlagan emas. U o‘z ontiga shu qadar sodiqki, bundan avvalgi janglar davomida bayrog‘iga tomgan qoni bilan ham buni isbotlagan.
Avval aytganimizdek, 1942-yilning iyun oyida Musa Jalil dushman qo‘liga asir tushgach, undan oilasiga, yor-do‘stlariga xat-xabar kelishi birdan to‘xtab qoladi. Bunday paytda askarning yaqinlariga telegramma orqali «bedarak yo‘qoldi» degan xabar yuborish rasm bo‘lgan edi. Ayrim og‘ziga kuchi yetmaganlar shunday taqdirga duchor bo‘lgan askarlar haqida «harqalay, dushmanga sotilib ketgan bo‘lsa kerak» qabilidagi badgumon gaplarni tarqatishdan ham toyishmasdi. Ayni holatni ko‘ngli sezgan shoir she’rning uchinchi-to‘rtinchi bandida bunga o‘zining qalb javobini beradi. Bu javob o‘zining qat’iyati, mantig‘i bilan kishini to‘la ishontiradi. Darhaqiqat, yurtdan shu yurtni, yurtdoshlarni deb qonli jangga ketgan chinakam fidoyi inson ona Vatanini yog‘iyga sotishi mumkinmi?!

Asarning eng yuqori pardasi, uning so‘nggi bandlari hisoblanadi. Musa Jalil – hayot hodisalarini chuqur idrok etuvchi ijodkor, o‘zining fashistlar qo‘lidan osonlikcha qutula olmasligini, aziz umri mana shu tutqunlikda xazon bo‘lishi ehtimolini o‘ylamasligi mumkin emas edi. Qolaversa, dushman ham o‘z changalida oddiy odam emas, balki fashizm kirdikorlarining tub mohiyatini teran anglaydigan, agar qamoqxonadan tirik chiqib ketsa, bu yerda ko‘rgan-kechirganlarini dunyo afkor ommasiga oshkor qilishi mumkin bo‘lgan qalami o‘tkir ijodkor turganini yaxshi bilardi. Shu tufayli ham fashistlar shoirni xufiyona o‘ldirishni maqsad qilgan edilar. Ularning bu niyatini ichdan his qilgan Musa Jalil o‘limni mardonavor qarshi oladi, uning qoshida tiz cho‘kmaydi. Garchi o‘zining jonsiz vujudi tuproqqa qorishib ketsa-da, misralar aro uning o‘lmas ruhini o‘zida mujassam etgan she’r-u dostonlari mudom tirik bo‘lishini bashorat qiladi.

Darhaqiqat, shoirning «Moabit daftari»da kuylangan erkin hayotga chanqoqlik, insoniyatning baxtli kelajagiga ishonch hissi Musa Jalilning har qanday o‘limni dog‘da qoldirganidan yorqin dalolatdir. Shu daftardan o‘rin olgan «Qushcha» nomli she’rida qamoqxonaning tikanli simiga kelib qo‘ngan erkin qushchaga murojaat qilib, shoir:
Uch, qushcha, hur Qo‘shig‘im bo‘lib! –
Shudir sendan so‘nggi tilagim. Tanim qolsin bunda (Tan nima?) Ona yurtga borsin yuragim, –
deya kuylagan edi. Uning o‘lim oldidan qilgan orzusi ro‘yobga chiqdi. Shoir she’rlarida ifoda etilgan o‘tli tuyg‘ular, go‘zal insoniy hislar nafaqat yurti va o‘z yurtdoshlari, balki jahonning ko‘plab xalqlari yuragiga yetib bordi, millionlab qalblarda aks sado berdi. Jumladan, o‘zbek kitobxoni Musa Jalilning «Moabit daftari» to‘plamini (tarjimon – Mamarasul Boboyev) va boshqa asarlarini o‘z ona tilida o‘qib, ko‘ngliga jo qildi.


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz