Bolalar, inson umrini oqar daryoga o‘xshatishlarini ko‘p eshitgansiz. Nega umr aynan daryoga o‘xshatiladi? Chunki daryo suvi bir oqib o‘tgan joydan yana qayta oqmaydi. Odam ham o‘z umrining biror daqiqasini ortga qaytara olmaydi. Umr xuddi daryo singari oqib o‘tib ketadi. Yana bir gap borki, odam bir marta tushgan daryo suviga boshqa tusha olmaydi. Ya’ni o‘sha daryoda boshqa safar ham cho‘milishi mumkin, biroq u tushgan daryoda bu safar boshqa suvlar oqadi. Shunday ekan, insonning o‘z o‘tgan umrini, ayniqsa, bolaligi – beboshligi kechgan davrlarni sog‘inishi, qo‘msashi tabiiy tuyg‘u hisoblanadi.
Yana bir savol ustida o‘ylanib ko‘rish mumkin. Ya’ni nima uchun odam aynan bolaligini ko‘proq qo‘msaydi, uni tushlarida ko‘radi, unga sari talpinaveradi? Gap shundaki, bolalik – umrning eng betashvish, eng beg‘ubor, eng shavqli pallasi hisoblanadi. Bu paytda butun borliq bola ko‘zi, bola tasavvuri bilan idrok etiladi. Atrofdagi barcha narsalar birinchi bor ko‘rilayotgani, eshitilayotgani, his qilinayotgani tufayli ham nihoyatda qiziq, sirli va go‘zal ko‘rinadi. Aksariyat odamlar bolaga shafqat nazari bilan qaraydi, uni erkalaydi, suyadi. Bola kattalardan g‘amxo‘rlik, e’tibor ko‘radi, atrof tabiatdagi har bir narsa unga qadrdon bo‘lib qoladi. O‘zi tug‘ilib o‘sayotgan hovli, ko‘cha va mahallasi dunyodagi eng issiq go‘sha, ota-onasi olamdagi eng mehribon insonlar bo‘lib xotirasiga muhrlanadi...
Afsuski, umr, yuqorida aytilganidek, bir joyda to‘xtab turmaydi, xuddi daryo suvi misol oldinga oqaveradi. Inson ulg‘aya borgani sari uni turmush ehtiyojlari turli yo‘llarga yetaklab olib ketadi. Endi bolaligidagi beg‘ubor sho‘xliklari, bir-biridan quvnoq o‘yinlari, tashvishsiz kunlari ortda qoladi. U endi hamma joyda ham, hamma odamlardan ham faqat yaxshilik, ezgulik ko‘ravermaydi. Turfa xil vaziyatlarda turli tabiatli kishilar bilan muomala-muloqotga kirishadi, bir kun xursand bo‘lsa, boshqa kun dili og‘rib uyga qaytadi...
Shunday odamlar borki, taqdir ularni tug‘ilgan yerlaridan olislarga olib ketadi. Yaqinlari, qarindosh-urug‘lari, xesh-u birodarlaridan ancha muddat uzoqda yashashga, turli davralarda bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Ish, bola-chaqa tashvishi, tirikchilik sabab tug‘ilgan joylarga tez-tez borib turishning imkoni bo‘lmaydi. Oradan yillar o‘tib, umr bir joyga borganda qadrdon go‘shalarga yana qadam bosar ekan, insonni g‘alati hislar chulg‘ab oladi. Ibroyim Yusupovning «Qadrdon so‘qmoqlar» she’ri aynan mana shu holatni boshdan kechirayotgan kishi tuyg‘ularini badiiy aks ettirishi bilan o‘quvchi ko‘ngliga birdan ta’sir etadi.
She’rning birinchi bandidagi «qizil kendir» Sizga notanish bo‘lishi mumkin. Xalq tilida uni qizilquray deyishadi. U ko‘p yillik tolali o‘simlikdir. Ildizpoyasi ko‘p yillik, yer usti poyalari bir yillik, silliq bo‘ladi. Barglari nashtarsimon uchli, gullari mayda, pushti rangdadir. Poyasining po‘stlog‘idan olingan toladan arqon eshish mumkin.
Demak, shoirning ovulida hammamizga tanish tol bilan yonma-yon qizil kendir ham shivirlashib o‘sib yotadi. Olis yoqlarga uchib ketayotgan turnalar esa lirik qahramon yodiga uzoqlashib ketgan bolaligini soladi. Tor, biroq qadrdon so‘qmoqqa qadam bosar ekan, uning «intiqqan yuragi» birdan kengayadi. Shu o‘rinda «intiqqan» so‘ziga jamlangan bir necha ma’nolarga diqqat qarataylik. Albatta, yuqorida ta’kidlanganidek, uzoq yillar tug‘ilgan makonidan olislarda yurgan lirik qahramonning bolalik sog‘inchi bilan to‘lgan yuragi bu kunlarni nihoyatda intiqib kutgan. Biroq nihoyat bu yerlarga kelib maqsadga erishgan yurakka nisbatan nega «kengayib» degan so‘z ishlatilyapti? Demak, bu yurakning intiqishi ichida «siqilish», «torayish», «diqqinafas bo‘lish» ma’nolari ham bor ekan-da!
She’rning uchinchi bandi bu lirik qahramon aynan ijod kishisi ekaniga nozik ishora qiladi. Shoir o‘smirlikdagi pokiza tuyg‘ularini ilk bora she’rga solishdek baxt ato etgan kunlarni, birga mushoira qilgan do‘stlarini xuddi kechagiday tiniq ko‘radi, qalbiga birinchi muhabbat hissini hadya etgan qo‘shni qiz qo‘shig‘i quloqlari ostida jaranglaydi:
Mosh paykalda gala chumchuq chug‘urlar, She’r o‘qishib turgan yosh shoirlarday.
Burilishda tanish qo‘shig‘in kuylab, Qo‘shni qiz oldimdan chiqib qolarday.
Lekin yillar suroni juda ko‘p narsani, juda ko‘p hislarni o‘zi bilan birga olib ketgan. Uzoq yoz kechalari shoirga sho‘xchan qo‘shiq kuylab berib shodlantirgan qo‘shni qiz ham «bunda yo‘q, u yiroqlarda...» Qolaversa, «Bizning joylar o‘rni hozir paxtazor...»
«Qadrdon so‘qmoqlar» asari shoirning sobiq sho‘ro davridagi ijod mahsuli hisoblanadi. Shunga ko‘ra, mazkur she’rda lirik tuyg‘ular bilan birga o‘z davri bilan bog‘liq ijtimoiy kayfiyat ham aks etgandir. Gap shundaki, sho‘ro davrida yurtimizning, xususan, Qoraqalpog‘iston hududining ham aksariyat sug‘oriladigan yerlariga paxta ekish siyosati olib borilgan edi. Ko‘plab mevazor bog‘lar, poliz mahsulotlari, sholi va boshqa dehqonchilik ekinlari yetishtiriladigan yerlarni yoppasiga paxta bosib ketgandi. Xuddi shu siyosat natijasini aks ettirar ekan, shoir «Bizning joylar o‘rni hozir paxtazor» deydi.
Ayni misradagi «bizning joylar» so‘zlariga alohida diqqat qaratishimiz kerak. E’tibor bersak, bu misra «Biroq u bunda yo‘q, u yiroqlarda» degan misradan keyin kelyapti. «Bizning joylar» bugungi kunda yiroqlarda bo‘lgan «u» bilan chambarchas bog‘liq. «U» esa «burilishda tanish qo‘shig‘in kuylab» chiqib keladigan qo‘shni qizdir! Demak, shoir «bizning joylar» deganda, shu qo‘shni qiz bilan sayr qilgan, u bilan baxtli damlarni boshdan kechirgan dilga yaqin joylarni nazarda tutmoqda.
She’rga alohida ikkita to‘rtlik ham ilova qilingan. Ularning maxsus ajratilishining sababi bor, albatta. Agar she’rning asosiy qismi bir-biriga bog‘lanib ketadigan yaxlit lirik kechinmalarni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, bu to‘rtliklarning har birida shoirning hayot tajribalari, kuzatishlaridan kelib chiqadigan falsafiy qarashlari ifodalangandir.
Hozirning o‘zida Siz ham bir narsani kuzatishingiz mumkin. Ya’ni Siz o‘zingizdan katta, ulug‘ yoshdagi odamlarni ko‘proq bilasiz, ularga havas va hatto, taqlid ham qilasiz. Tanishlaringizning aksariyatini tengdoshlaringiz, yoshi katta aka-opalaringiz tashkil qiladi, to‘g‘rimi? Ko‘chada uchrab qoladigan, Sizni yaxshi ko‘rganidan, hatto, chuchuk tili bilan salom berib o‘tadigan yoshi kichikroq bolajonlarning esa hammasini ham taniyvermaysiz, ismlarini-da aniq ayta olmaysiz. Nega? Chunki, odamning tabiati shunaqa. Odam doimo oldinga qarab oyoq bosadi, oldinda turgan narsalarni ko‘proq ko‘radi, oldindagilarga intilib yashaydi. Natijada
Cholga salom bersam o‘sha so‘qmoqda,
«Kimsan?» deb tanimay menga qaradi. Bir bola uchrasa sal nariroqda:
– Kimning o‘g‘lisan? – deb men ham so‘radim.
Keyingi to‘rtlikda hayotning bundan ham achchiqroq haqiqatlari ixcham badiiy shaklda ifoda etiladi. Uni ikkiga ajratib tahlil etgan ma’qul.
– Ota, narvon bo‘pti anov qo‘sh terak!
– Bolam, terak emas, bu umr-ku, bu!
Otaning ovuldan uzoq yil uloqib ketgan o‘g‘lining sodda hayqirig‘iga bildirgan javobida qancha haqiqat, qancha hikmat jamuljamdir. Avvalo, bir paytlar yashnab turgan terakning oxiroqibat yog‘ochga – narvonga aylanishi umrning o‘tkinchiligidan, hech narsa boqiy yashamasligidan ogoh etadi. Undan keyin, bu yerda yolg‘iz terak emas, balki qo‘sh terak haqida so‘z bormoqda. Buni farzandlarini oq yuvib-oq tarab voyaga yetkazish uchun aziz umrini fido aylaydigan ikki jafokash inson – ota va ona timsoli deb tushunsak, to‘g‘ri bo‘ladimi, bolalar?
Qolaversa, bu «qo‘sh terak» nega aynan «narvon bo‘pti»?
Narvon nima uchun xizmat qiladi? Insonni tepalikka, balandlikka, yuksaklikka olib chiqish uchun. «Qo‘sh terak»ning – ota va onaning umri esa farzandlarini shu yuksakliklarga yo‘llash tashvishida kechadi. Ular o‘z yelkalarida kelajakni ko‘tarib turadilar!
Ajoyib shoir Ibroyim Yusupovning hayoti va ijodi, «Qadrdon so‘qmoqlar» she’rining boshqa xususiyatlarini esa quyidagi savol va topshiriqlarga javob topish asnosida o‘zimiz uchun kashf qilamiz.